Bolaning xatosi, ustozning jazosimi?
Yurtimizda pedagog kadrlar tayyorlaydigan eng yirik taʼlim maskanlaridan biri – Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti. Bir paytlar nega bu donishmandlik dargohi Nizomiy nomi bilan atalishi, nega Navoiy emas, degan fikr koʻnglimdan oʻtardi. Ammo bu savolning javobi Navoiyning oʻzida ekan: “Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasigʻa panja urmoq”. Demak, buyuk Navoiyning ham ustozlari boʻlgan. Ularning biri – Nizomiy. Bu esa har bir insonning hayotida maʼnaviy padari, murabbiyi, yoʻl koʻrsatuvchi ustozi boʻlishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Joriy yili mazkur oliygohga “Milliy universitet” maqomi berildi. U poytaxtda pedagog kadrlar tayyorlovchi yagona davlat universitetiga aylandi. Ammo hozirgi kunda “oʻqituvchi” degan diplomga ega har bir inson haqiqiy pedagog darajasiga chiqayotgani yoʻqligini hayotning oʻzi namoyon etmoqda. Internetda oʻquvchini haqoratlayotgan, kaltaklayotgan oʻqituvchilar videolari tez-tez uchrab turibdi. Shu bilan birga, aksincha – oʻqituvchini tahqirlash, qoʻl koʻtarish, zoʻravonlikka duchor qilish kabi holatlar ham odamni hayratdan qoldirmay qoʻydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Oʻrta Chirchiq tumanidagi 11-maktab oʻqituvchisi haqidagi videolavha butun internetni qoʻzgʻatib yubordi. “Dahshat! Mushtdek bolani ikki qoʻllab urishini qarang!” degan sarlavhalar bilan yoyilgan xabar bir necha oʻn minglar tomonidan koʻrildi. Yuzlab sahifalarga tarqatildi. Rasmiy munosabatga koʻra, oʻqituvchi ishdan boʻshatildi, masʼullarga hayfsan berildi. Shu yerda tabiiy savol tugʻiladi: qachongacha faqat oʻqituvchi aybdor hisoblanadi?
Albatta, bolaga qoʻl koʻtarish hech qachon oqlanmaydi. Lekin har bir mojaroning faqat bitta aybdori boʻlishi adolatmi? Soʻnggi vaqtlarda oʻquvchilar orasidagi jinoyat, qoʻpollik, oʻzaro bosim, “samosud” holatlarining koʻpayishi bola tarbiyasiga, ota-onaning roliga, jamiyatning umumiy maʼnaviy muhitiga jiddiy eʼtibor talab qilayotganini koʻrsatmaydimi? Bir tomonlama javobgarlik yukini faqat maktabga va oʻqituvchiga yuklayverish masalani hal qilmaydi, aksincha yanada chuqurlashtiradi.
Maʼlumki, oʻqituvchi ishdan boʻshatildi. Ota-ona rozi. Bola esa hech narsa boʻlmagandek darslarga qatnayapti. Ammo oʻqituvchi-chi? U endi maktabda ishlay oladimi? Boshqa sohalarga oʻtish uchun esa oʻsha sohaning diplomi va malakasi talab qilinadi. Oqibatda jamiyatda yana bir ishsiz shaxs, ehtimol yana bir kam taʼminlangan oila paydo boʻladi. Bu – yengil oqibat. Eng ogʻiri – ruhiy bosim, oʻzini aybdor his etish, oilaviy muammolar, chetga ish izlab chiqib ketish, ruhiy iztiroblar va boshqa koʻrinmas oqibatlar.
Tarbiya masalasi tarixan hamma jamiyatlarda dolzarb boʻlgan. Qadimgi Misrda oʻquvchilarni jazolash oddiy tarbiya usuli sifatida qoʻllanilgan. Singapurda esa hozirgacha yengil qamish bilan jazolash qonuniy hisoblanadi. Yaponiyada 1980-yillarda ham jismoniy jazo deyarli barcha maktablarda qoʻllanilgan. Bu misollar kaltaklashni oqlamaydi, ammo tarbiya faqat imo-ishora va qoʻlni koʻksiga qoʻyib muloyim gapirishdan iborat emasligini koʻrsatadi.
Makarenko ham jazoni tarbiya vositalaridan biri sifatida tilga olgan, ammo uning taʼkidlashiga koʻra, jazo hech qachon bolani tahqirlash, ruhan yoki jisman azob berishga aylanmasligi lozim. U jamoaviy muhokama, tanbeh, jamoaning fikr bildirishi kabi uslublarni tavsiya qilgan. Jazo biron kimni haqorat qilish emas, balki uning xatosini anglatish vositasi boʻlishi kerak.
Oʻrta Chirchiqdagi oʻqituvchi esa xabarlarda aytilishicha, “behuda emas”, balki maktabga daftar-kitobsiz kelgan bolani jazolagan. Bola uydan chiqishdan oldin kitob-daftarini nazorat qilmagan ota-ona qayda qarab turgan edi? Ota-ona soʻramasa, oʻqituvchi surishtirmasa, bolada masʼuliyat hissi qayerdan paydo boʻladi? Bolani tarbiyalash faqat bir kishining – oʻqituvchining vazifasi emas-ku. Aytmoqchi, oʻqituvchi A.L.ning mehnat shartnomasi kasaba uyushmasi tomonidan koʻrib chiqildimi yoki yoʻqmi — bu ham ochiq qolmoqda.
Taʼlim tizimida eng ogʻir, eng masʼuliyatli va eng qiyin vazifa oʻqituvchi yelkasida. U bir kunda yuzlab bola bilan ishlaydi. Har birining oʻz xarakteri, oʻz dunyoqarashi, oʻz muammosi bor. Bir xatosi uchun uni umuman inkor etish, eʼtibordan chiqarish esa murakkab tizimni yanada holsizlantiradi. Tarbiya — oila, maktab va jamiyatning umumiy masʼuliyati. Ustozga munosabat esa millatning oʻz kelajagiga munosabati hisoblanadi. Shu borada Amir Temurning quyidagi soʻzlari bejiz emas: “Men dunyodan oʻtganimda qabrimni ustozlarimning qabrlaridan yarim gaz chuqurroq kovlanglarki, yotgan joyimda ham ustozlarim yelkamda boʻlsin”.
Dostonbek SHARIPOV,
Parkent tumanidagi 26-maktab
oʻqituvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring