Bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan parlament soʻrovi yuboriladi

14:24 29 May 2025 Siyosat
208 0

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Yalpi majlisda bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga parlament soʻrovi yuborish masalasi koʻrib chiqildi.

Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash, bu borada ilgʻor xorijiy tajribadan hamda zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, hududiy tibbiyot muassasalari imkoniyatlarini yanada kengaytirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida (umumiy aholi sonining 33,3 foizi) 824 ta oilaviy shifokorlik punkti, 984 ta oilaviy poliklinika, 207 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va 233 ta bolalar davolash-profilaktika muassasasi tomonidan 12,9 mln nafardan ortiq 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda.

Respublika boʻyicha 4 247 oʻrindan iborat 13 ta hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etilgan.

Oʻtgan yilda respublika boʻyicha 18 yoshgacha boʻlgan bolalardan 11,2 mln nafari (95,5 foizi) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 3,4 mln nafarida (28,8 foizi) turli xil kasalliklar aniqlangan. Kasalligi aniqlangan 3,1 mln bolalar (89,4 foiz) sogʻlomlashtirilgan.

2024-yil yakuniga qadar 1,3 mln 6–23 oylik bolalar mikronutriyent kukuni bilan toʻliq taʼminlangan.

Shu bilan birga, yalpi majlisda bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalarida pediatr, neonatolog, ftiziopediatr, immunolog, bolalar jarrohi, oʻsmirlar pediatri kabi mutaxassislar yetishmasligi qayd etildi.

Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlariga hududlardan malakali mutaxassislar koʻrigiga yoʻllanmalar oshishi hisobiga boʻlayotgan yuklamalar ulardagi oʻrin fondiga hamda belgilangan normativ meʼyorlarga mos kelmaydi.

Shuningdek, ayrim hududlardagi Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida kardiojarrohlik boʻlimlari hamda chaqaloqlar jarrohligi boʻlimlari tashkil etilmaganligi, bolalarga xizmat koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalarining ayrimlarida moddiy-texnik holat talabga javob bermasligi hamda zamonaviy yuqori texnologik uskunalarga ehtiyoj mavjudligi taʼkidlandi.

Ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida Senat qarori qabul qilindi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер