“Bolalar ovqat topish ilinjida axlat titishmoqda”: Isroil blokadasi tufayli Gʻazoda 57 kishi ochlikdan halok boʻldi
Isroil hukumatining ikki oy mobaynida Gʻazoga qoʻllayotgan blokadasi tufayli hudud chegarasida insonparvarlik yordamlarini olib kelayotgan minglab yuk mashinalari toʻplanib qolgan. Oqibatda 57 nafar falastinlik ochlikdan halok boʻlgan. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yuk mashinalarida falastinliklar uchun juda zarur boʻlgan oziq-ovqat, dori-darmon hamda tibbiy buyumlar mavjud boʻlgan. Mahsulotlar oʻz vaqtida yetib kelmagani oqibatida ochlikdan aziyat chekayotgan bolalar oziq-ovqat topish ilinjida axlatlarni koʻzdan kechirishga majbur boʻlishmoqda.
Gʻazo hukumati matbuot boʻlimining taʼkidlashicha, 3-may, shanba kuni halok boʻlganlarning aksariyatini bolalar, bemorlar hamda keksalar tashkil qilgan. Koʻplab xalqaro tashkilotlar Isroil hukumatining oziq-ovqat mahsulotlaridan urush quroli sifatida foydalanayotganini qoralab, xalqaro hamjamiyatni Isroilga chegaralarni ochish uchun bosim oʻtkazishga chaqirgan.
Maʼlumotlarga koʻra, shanba kuni Misr va Gʻazo sektori oʻrtasidagi chegarada hayotiy zarur boʻlgan yuklarni olib ketayotgan koʻp sonli yuk mashinalari toʻplanib qolgan. Tirbandlik Rafah chegara punktidan taxminan 45 kilometr uzoqlikda joylashgan Arish shahriga qadar choʻzilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, joriy yil boshidan buyon 9 mingdan ortiq yosh bolalar toʻyib ovqatlanmaslik oqibatida turli xildagi kasalliklarga chalinib, tibbiy muassasalarga yotqizilgan.
“Al Jazeera” nashrining Gʻazodagi muxbiri Hani Mahmudning aytishicha, hududdagi bolalar jon saqlash ilinjida foydalanib boʻlingan konserva idishlari ichidan ovqat qidirishmoqda.
Gʻazo shahridan evakuatsiya qilingan Ahmad al-Najjarning taʼkidlashicha, ayni paytda ovqat topish hamda toʻyib ovqatlanish imkonsiz vazifaga aylangan.
“Gʻazodagi odamlar birin-ketin xayriya tashkilotlari zaxiralari tugab qolganliklarini, oʻz faoliyatini toʻxtatayotganliklarini, chunki ular aholiga kerakli yordamni taqdim eta olmayotganliklarini koʻrib turishibdi. Bu juda qaygʻuli holat”, — deydi falastinlik Ahmad al-Najjar.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi bergan maʼlumotlariga koʻra, Isroilning Gʻazoga qilgan urushi davomida, shu bugunga qadar kamida 52 ming 495 nafar falastinlik halok boʻlgan. 118 ming 366 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olib shifoxonalarga yotqizilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring