“Bogʻi Eram” goʻzalligini ignada yaratgan nurotaliklar
Nurota kashtachilikda oʻz maktabiga ega hudud. Xalq amaliy-bezak sanʼati boʻlmish milliy qadriyatlarimizga eʼtibor, ragʻbat oshirilgan zamonamizda u yana-da ravnaq topmoqda.
Mazkur sanʼat bugun ulkan maʼnaviy zaxiramiz sifatida boyitilib, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan ming-minglab nomoddiy boyliklarimiz qatorida qadim goʻshaning oʻtmishi va bugungi orzu istaklarini ifoda etadi.

— Nurota kashtachilik maktabi, xom-ashyoga dastlabki ishlov berishdan tortib, yakunida tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olishi bilan ajralib turadi, — deydi Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Musallam Ibragimova. — Bunda har bir namuna alohida ahamiyatga ega boʻlib, maʼlum bir yoʻnalishlar, yaʼni turli naqshlar, novda, barg, gullar singari unsurlar bu yerda xalqning orzu-havas, turmush tutumini ifoda etgan. Masalan, kelin sepida qoʻlda tikilgan kashta namunalarining, albatta boʻlishi anʼanasi davom etmoqda. Shu bilan kelin oʻz uyiga chinakam “Bogʻi eram” goʻzalligini olib boradi.
Nurota kashtachiligining yana bir jihati ushbu sanʼat mazkur tumanda qadim-qadimdan ayollarning bandligini taʼminlashdek ijtimoiy ahamiyat ham kasb etib, uning siru sinoati buvidan nabira, qaynonadan kelinga oʻtib kelgan. Shuningdek kashtachilik shunchaki uquv va mahoratgina emas, sanʼatgagina xos nafosat, sabru qanoat maktab hamdir. Misol uchun kashtadoʻz ushbu goʻzallikni yaratish uchun bir kvadrat santimetrdagi yuzaga 50dan 100 marotabagacha igna sanchadi. Qadim sanʼat namunalarining bebaholigining sabablaridan biri ham shu.
— Nurota kashtachiligi hududning sayyohlik jozibadorligini taʼminlovchi omillardan biri, — deydi M. Ibragimova. — AQSH, Xitoy, Fransiya, Yaponiya va yana boshqa oʻnlab mamlakatlardan kelgan sayyohlar nurotalik chevarlar tomonidan tayyorlangan sanʼat asarlar qoshida uzoq turib, oʻz hayrat va tahsinlarini izhor etishadi. Misol uchun, Fransiyalik sayyoh Dominiko Bigo Oʻzbekiston nihoyatda boy tarixga ega, madaniy meros qadrlangan mamlakat ekan. Birgina xalq amaliy sanʼatining oʻzi ming-ming yillik taraqqiyotni koʻz oʻngingizda gavdalantiradi, deb muzeyimiz tashrif kitobiga yozib ketdi.

Chindan ham sanʼat sayyohlikning ohanrabosi. Shu bois yaqinda Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi tashabbusi bilan viloyat Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi hamda, “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida “Nurota kashtachiligi dunyo nigohida” mavzusida koʻrgazma va madaniy tadbir oʻtkazildi.
Mazkur koʻrgazmada viloyat muzeyi fondida saqlanayotgan muzey eksponatlari bilan bir qatorda usta kashtadoʻzlar tomonidan sanʼat asari darajasida tayyorlangan 300 dan ortiq kashta namunalari, dilbar qizlar tomonidan Nurota kashtachiligi asosida zeb berilgan milliy kiyimlar namoyish etildi.
Shuningdek, tadbirda nurotalik usta-hunarmandlarning toshtaroshlik yoʻnalishidagi mahsulotlari, folklor sanʼatining qadim navolari namoyish etildi.
Koʻrgazmada ijodkorlar va hunarmandlar ishlariga yuqori baho berilib, Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring