Bogʻdodni Bogʻi Eramga aylantirgan ayol
Har tong otamdan qolgan dalalarga yoʻl olaman. Bir kun dalamni koʻrmasam sogʻinaman. Mehnat hayotimning mazmuniga aylangan. Yerga mehr berib, aslo kam boʻlganim yoʻq. Mehnatkash fermer ayol sifatida elu yurtning ardogʻidaman. Fermer xoʻjaligi rahbariman.
Bogʻdodning ellik gektar lalmi yerlarida paxta va gʻalla yetishtiramiz. Bu yil tajriba tariqasida 6 gektar maydonda Xitoy paxta navini parvarishladik. Har gektar yerdan kamida 50 sentnerdan hosil olishni maqsad qilganmiz. Qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalarini tugatgan farzandlarim Jasurbek va Jamshidbek ham qanotimga kirgan. Ularning tavsiyasi bilan yaqin yillarda toʻliq shu paxta navini ekishni rejalashtiryapmiz. Dehqonchilikda baraka bor. Faqat paxta, gʻalladan keladigan daromadga qarab qolganimiz yoʻq. Asalarichilik, chorvachilik xoʻjaligimizning yana bir serdaromad tarmogʻi hisoblanadi. Dala qozoni uchun zarur boʻladigan barcha meva-sabzavotlarni toʻliq oʻzimizning bogʻda yetishtiriladi.

Mahalladoshlarim ham fermer ayol, ham namunali oila bekasi sifatida hurmat qilishadi. Oʻzim istiqomat qiladigan “Chekmirzaobod” MFYda “Oqila ayollar” harakati rahbariman. Baʼzan arzimagan kelishmovchiliklar tufayli ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga bosh-qosh boʻlaman. Jamiyatimizda fermer ayollar barmoq bilan sanoqli. Lekin ayol fermer boʻlsa, u yashayotgan mahalla ham gulday yashnab ketadi. Keyingi yillarda chekka hudud boʻlishiga qaramay, mahallamizga eʼtibor kuchaydi. Qishda loy, yozda tuproq koʻchalarimiz asfalt qilindi. Endi kelinlar chelaklab koʻtarib uzoq masofalardan suv koʻtarib kelishga hojat qolmadi. Mahallamizga ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. Har bir xonadonda elektr taʼminoti yaxshilandi. Fermer sifatida bunday tashabbuslarga doimo “labbay” deyman, shu ezgu ishlarning boshidan turganlarning qavatiga kirib oʻz hissamni qoʻshaman. Kam taʼminlangan oilalarni oyoqqa turib ketishiga koʻmaklashaman.

Insonning qoʻli va koʻngli ochiq boʻlsa, ishlari ham yurishadi. Mamlakatimizdagi hayotbaxsh islohotlar tufayli keyingi yillarda xoʻjaligimizni yanada gullab-yashnatadigan bir necha zamonaviy texnikalar sotib oldik. Hozir moddiy-texnik bazamiz ancha yaxshilandi. Endi chorvachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Fermer xoʻjaligimizda qancha xotin-qizlar ishlaydi. Bugun jamiyatimizda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan ehtirom va eʼtibor barcha ayollar kabi men ham yanada gʻayrat bilan ishlashga, yangi gʻoyalarni tatbiq etishga undamoqda.
Obidaxon RAHIMOVA,
Bagʻdod tumanidagi “Bogʻi eram Bagʻdod”
fermer xoʻjaligi rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring