“Bodo-Glimt”ning ertaklari yakunlandi, “Real Madrid” chorak finalda

10:41 18 Mart 2026 Sport
289 0

Kecha, 17-mart kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining nim chorak final bosqichi javob oʻyinlari start oldi. Kun doirasidan oʻrin olgan dastlabki bahsda Norvegiyaning “Bodo-Glimt” klubi safarda Portugaliyaning “Sporting” klubi bilan kuch sinashdi. Taʼkidlash joizki, ushbu jamoalarning birinchi toʻqnashuvi “Bodo-Glimt”ning 3:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan va javob bahsi oldidan jamoaning imkoniyatlari yuqori baholanayotgandi. Amalda esa “Sporting” kambek qila oldi.

Uchrashuvda hisob 34-daqiqada Gonsalo Inasio tomonidan ochildi. 61-daqiqada Pedro Gonsalvesh hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. 78-daqiqada Luiz Xavyer Suares penaltidan gol kiritib ikki oʻyin natijasiga koʻra muvozanatni tikladi.

Shundan soʻng, jamoalar ekstra taymlarga murojaat qildilar. Qoʻshimcha boʻlimlarda esa Maksimiliano Arauxo va Rafael Nel gol kiritgan holda “Sporting”ni keyingi bosqichga olib chiqdilar.

Dastlabki oʻyinda “Chelsi“ni 5:2 hisobida magʻlub etgan PSJ bu gal Londonda mehmon boʻldi. Qizigʻi, agar “Chelsi” keyingi bosqichga yoʻl olmoqchi boʻlsa, 3:0 hisobida gʻalaba qozonishi talab etilardi. Oʻyin ham shunday hisob bilan tugadi. Faqat PSJ foydasiga.

Oʻyinda hisob oltinchi daqiqadayoq Xvicha Kvarasxeliya tomonidan ochildi. 14-daqiqada Barkola Bredli hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 62-daqiqasida Senni Mayulu oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Shu tariqa PSJ ikki oʻyin natijasiga koʻra 8:2 hisobida gʻalaba qozondi.

Dastlabki oʻyin Germaniyadan durang natija bilan qaytgan Mikel Arteta boshchiligidagi “Arsenal” klubi ikkinchi bahsda ishonchli gʻalabaga erishdi.

Uchrashuvda 2:0 hisobi qayd etildi. Kiritilgan gollarga Deklan Rays va Eberechi Eze mualliflik qildi.

“Real Madrid” klubi nim chorak finalning dastlabki oʻyinida “Manchester Siti”ni 3:0 hisobida magʻlubiyatga uchratgan edi. Bu gal ham jamoa gʻalaba qilishni uddaladi.

Oʻyinda hisob 22-daqiqada Vinisius Junior tomonidan ochildi. Braziliyalik futbolchi 11 metrlik nuqtadan adashmadi. 41-daqiqada Erling Holand hisobni tenglashtirdi. Birinchi boʻlim 1:1 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlim soʻnggida Vinisius oʻyindagi ikkinchi golini kiritdi va “Real Madrid”ga gʻalaba keltirdi.

Maʼlumot uchun, bugun musobaqa nim chorak final bosqichining javob bahslari davom ettiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?