“Bizni kemirguvchi illatlar”

15:53 24 Yanvar 2025 Jamiyat
373 0

Ota-bobolarimiz azaldan ikki yosh unashtirildimi, ularning boshini qovushtirib qoʻyishni oʻylagan. Dabdabali toʻy emas, chiroyli turmush qurishiga harakat qilgan. Hozir boʻlajak kelin-kuyov tomonidan bir-biriga to toʻy oʻtgunga qadar har bayram, tugʻilgan kunda falon million soʻmlik sovgʻa-salom yuborilishi odat tusiga kirgan. Bu sovgʻa-salomlar shirinliklar, qimmatbaho kiyimlardan iborat. Yoshlar hayotida asqatadigan jihati kam.

Aksariyat hollarda unashtirish marosimlari — fotiha toʻylari katta toʻylardan qolishmayapti. Aslida fotiha toʻyi koʻpchilikning duosini olib toʻy boshlash degani. Yaʼni yoshi ulugʻlar ikki yoshga bagʻishlab, non sindirib ulashishadi. Bunda yoshlarga keng rizq, totuv hayot, baxt-iqbol, solih farzandlar soʻrab duo qilinadi. Bu bilan shu xonadonning qizi yaqinda birovning xasmiga aylanadi, endi unga sovchi qoʻyish, surishtirish mumkin emas, deb xalqqa bildiriladi. Hozir fotiha toʻygayam taklifnoma tarqatilib, toʻyxonalarda 400-500 kishiga ziyofat berilmoqda. Fotiha kabi muqaddas sura bilan boshlanadigan marosimni kattartirib, toʻyxonalarga olib chiqish shartmi? Buyam yetmagandek, fotiha toʻyida toʻyga keluvchilarning hammasiga sarpo-suruq berilishi qachongacha davom etadi? Bularning hammasi xarajat, oila erkaklari toʻy va toʻy oldi marosimlari deb boshqa yurtlarda sarson boʻlib yurmayaptimi?

Toʻgʻri, toʻysevar, orzu-havasli xalqmiz. Ajablanarlisi, farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasi, kelajagi yoʻlida shuncha sarmoya kiritishga koʻzimiz qiymaydi-yu, negadir toʻyga kelganda saxiymiz. Dabdabaga oʻchmiz. Achchiq boʻlsa ham aytaylik, yana bir ortiqcha daxmaza — kuyovning uyini kelin tomon jihozlab berishi odat tusiga aylangan. Bir qarashda buning yomon tarafi yoʻqdek, goʻyoki bu – yangi oilaga qilingan gʻamxoʻrlik, mebel, parda va boshqa jihozlar roʻzgʻorga kerakli buyum. Biroq hammaning sharoiti har xil. Kimdadir bor imkoniyat boshqada cheklangan. Qolaversa, qiz tomon yigitning uyini toʻldirib berishi, toʻydan keyingi marosimlar, farzandli boʻlishsa yana beshik toʻy bilan bogʻliq xarajatlar… Eng boy oilani ham kambagʻalga aylantirmaydimi?

Hayotimizdagi bunday mantiqsizliklarni oʻrganish maqsadida surishtiruv olib bordik. Shahrisabz markazidagi Oqdaryo, Yangiqishloq, Ravot va Abziyat mahallalarida kelin tomondan uyni toʻldirish, kuyovga beriladigan sarpo va mebel uchun oʻrtacha 25-30 million soʻm sarflanishining guvohi boʻldik. Shu hududda joylashgan “Firdavs” mebel doʻkoni masʼullari shahar aholisi toʻy uchun asosan 12-17 million soʻmlik mebellar xarid qilishini aytishdi. Chiroqchi markazidagi Chiroqchi, Choshtepa Yangiobod, Navoiy, Kishmishtepa, Oʻzbekiston, Bogʻishamol mahallalarida sarpo va mebel uchun 20-30 million soʻm pul ketishi ajablanarli. Kosondagi Paxtazor, Shirinobod, Doʻstlik va Mesit mahallalarida ayni shu maqsadda 30-40 million soʻm sarf boʻlayotgani muammoning koʻlamini qay darajadaligini koʻrsatadi. Qiz uzatayotgan oilalar buncha xarajatlardan keyin oʻzini oʻnglab olishi qiyin, albatta.

Toʻyga borishdan maqsad faqat yeb-ichish, oʻynab-kulgimi? Toʻy dasturxonidagi isrofgarchilik, toʻydan keyin turli taomlar tayyorlab kuyovnikiga togʻora joʻnatish, “chorlar” kabi odatlar bir toʻda xotin-xalajlarning koʻngilxushligiga aylanib qolmayaptimi? Hamma el qatori, eldan kam boʻlgisi kelmaydi. Ammo koʻpchilik bilan boʻladigan shunday ezgu ishlarda xayr boʻlishi kerak-ku! Farzandlarimiz oʻksimasin deb qiladigan ortiqcha chiqimlarning nima keragi bor? Endi oʻzingiz bir chamalab koʻring, Koʻkdalada kelinning bir necha soatlik toʻy libosi 1 milliondan 8 million soʻmgacha, Dehqonobodda 2 million 500 ming soʻmgacha, boshqa tumandan keltirilsa, 4 million soʻmgacha... Kitobda nikoh toʻyida birgina sarpo uchun 8-10 million, fotiha toʻyida ham shuncha, sunnat toʻyida 5-7 million soʻmgacha sarflanmoqda.

Endi toʻyxonadagi chiqimga kelsak, Kasbidagi “Rahim ota” toʻyxonasini 500 kishi uchun bir necha soat band qilish 7 million 500 ming soʻmgacha, Qamashidagi “Jasmin” toʻyxonasida bir kishiga 12 ming soʻmdan xizmat koʻrsatiladi. Ayni paytda bu toʻyxonalarda ming kishilik toʻylar ham oʻtmoqda. Demak, birgina toʻyxonaning oʻzi toʻy egasiga 12 million soʻmdan kamiga tushmaydi. Koʻkdalada nikoh toʻylari uchun oʻrtacha 60-70 million, sunnat toʻyga 40-50 million, tuman markazidagi toʻyxonalarning xizmat koʻrsatish narxi 8-12 million soʻm, Yakkabogʻdagi “Malika” toʻyxonasida bitta toʻyni oʻtkazish uchun 7-8 million soʻm, Koson markazidagi Nartibaland, Nartichuqur, Mugʻjagul va Lolazor kabi mahallalarda toʻylar uchun 50-60 million soʻm ketsa, chekka hududdagi Maydayobu, Chiroqchi, Navnihol, Uyrot mahallalarida 90-100 million soʻmgacha sarflanayotganiga nima deysiz? Haliyam toʻyxonadagi sahna bezalishi, dasturxonga gul va karving buyurtma berish hamda kelin-kuyov kirib kelishidagi har xil marosimlardagi ortiqcha xarajatlarni hisobga olmadik. Tahlillarga koʻra, 2-3 million soʻmga xizmat koʻrsatadigan toʻyxonalar ham bor. Ammo boshqalarga oʻzini “koʻz-koʻz” qilishga qaratilgan turli tadbirlar sabab 20-25 million soʻm faqat toʻyxona uchun berilayotgan holatlar ham koʻp uchramoqda.

Buning ustiga keyingi paytlarda kelin-kuyovning sevgi tarixini toʻyxonada namoyish etishdek holat ommalashmoqda. “Love story” deb ataladigan bu marosimga Kosonda oʻrtacha 7-10 million soʻm pul sarflanmoqda. Kasbida ayni shu marosim uchun kamida 5 million soʻm havoga sovrilmoqda. Afsuski, toʻy kortejlari uchun ketadigan xarajatlar ham bundan kammas. Bir soatlik xonish uchun 50 million soʻm sarflayotganlarni koʻrib, nima bular pul topib aql topmaganlarmi, deysiz! Aniq faktlarga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz, Kosondagi Chorbogʻ, Mashʼal, Arabxona, Yuqori Arabxona mahallalarida “birrov”ga kelib-ketadigan xonandalar uchun 20-30 million soʻm, Shahrisabzdagi toʻylarda 15 dan 40 million soʻmgacha, karnay-surnay uchun 500 mingdan bir yarim milliongacha, videokameraga 1 million hamda “shou-balet” uchun 1 million 300 ming, mashhur xonandalarga 30-50 million soʻmgacha xarajat qilinmoqda.

Tanangizda bir oʻylab koʻring, buncha pul sarflanayotgan joylarda taʼlim, tibbiyot, yoʻl infratuzilmasi, hududlar obodligi kabi masalalarda muammolar yoʻqmi? Ehtiyojmand, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar-chi? Albatta, bor. Qishloqlardagi oddiyroq toʻyga sarf boʻladigan pulga bemalol biror biznes boshlash mumkin. Tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻysa boʻladi. Behbudiy bobomiz aytgandek, yaxshi niyatda boshlagan toʻylarimiz “Bizni kemiruvchi illatlar”ga aylanmasin!

2019-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori imzolangandi. Bu qoʻshma qaror ijrosi negadir amalda sezilmayapti. Biz toʻyni qanday oʻtkazish haqida qatʼiy hukm chiqarishdan yiroqmiz, kim qanday toʻy, qanaqa orzu-havas qiladi, bu oʻziga havola. Biroq toʻy-maʼrakalar millatimizning azaliy qadriyatlari va anʼanalari ekanini unutmaylik. Bu ezgu ishga hamma birdek masʼul, loqayd boʻlishga haqqimiz yoʻq.

Bekzod SAYFIYEV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер