Biznes uchun yangi imkoniyatlar

Foto: Davron Ernazarov/“Xalq soʻzi”
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 11-sentyabr kuni Toshkent viloyatida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat sanoatda ham, qishloq xoʻjaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud ekanligini taʼkidlab, bu imkoniyatlarni toʻliq ishga solib, investitsiya, eksport va ish oʻrni koʻrsatkichlarini oshirish lozimligini alohida taʼkidlandi. Toshkent shahridagi tumanlar hokimliklari viloyatga biriktirilib, oʻzaro birgalikda ishlash, hududda yangi loyihalarni joriy etish zarurligi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Prezidentimiz topshiriqlariga koʻra, bugun Qibray tumani boshlanib yana ikki kun davom etadigan “Toshkent viloyati — biznes uchun cheksiz imkoniyatlar hududi” biznes forumi toʻrt yuzga yaqin tadbirkorlaru poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi barcha tuman hokimlarini, biznes rivojiga aloqador boʻlgan barcha tashkilotu idora rahbarlarini bir joyga jamladi.

— Davlatimiz rahbari bu ikki hududning oʻzaro uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishiga bejiz eʼtibor bermadilar. Shahar va poytaxt viloyati misoli et bilan tirnoq, ularni ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Shu bois bugungi forum shunchaki yigʻilish emas, jonli va amaliy muloqot, biznes ahli uchun tom maʼnoda oq yoʻl koʻrsatadigan maydon boʻlishi kerak, — dedi forumda soʻz olgan Prezident maslahatchisi Gʻofirjon Mirzayev.

Forumda tadbirkorlarga Toshkent viloyatida biznesni tashkil etish yoʻnalishidagi imkoniyatlaru resurslar aks etgan kitoblar, koʻrgazmali vositalar tarqatildi. Unda bayon etilganidek, ayni chogʻda Toshkent viloyatida tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun 2 ming 821 gektar boʻsh yer maydonlari, hududlarda 71 ta sanoat zonalari, 50 dan ortiq davlat aktivlari, 70 mingdan ziyod mehnat resurslari, shuningdek, qulay yoʻl-transport, logistika, kommunikatsiya infratuzilmalari va ulardagi mavjud imkoniyatlar mavjud. Bularning barchasi hududlar va sohalar kesimida atroflicha yoritib berilgan.

Viloyat hokimi quyidagi raqamlarga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi. Bugun birgina farmatsevtika sanoatida 58 foiz xom ashyo import qilinmoqda, viloyatdagi uchta farmzonada esa 98 gektar boʻsh joy bor. Shuningdek import oʻrnini bosadigan xom ashyo ham viloyatning oʻzida mavjud, faqat zavod qurish, qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish kerak. Poytaxt hududida joylashgan 75 ta terini qayta ishlash korxonalarini ham viloyatga koʻchirish moʻljallangan. Bu tadbirkorni choʻchitmasligi kerak. Chunki davlat koʻchirish xarajati, yer bilan taʼminlash, malakali ishchilarni tayyorlab berish vazifasini ham oʻz zimmasiga olmoqda. Bundan tashqari shahar aholisi keyingi oʻn yil ichida ikki karra koʻpayib 7 yarim million nafardan oshishi kutilmoqda. Bu energiya resurslarga boʻlgan talab keskin ortadi, uning narxi ham baland boʻladi degani. Qolaversa kuniga shahardan viloyatga 198 ming, viloyatdan shaharga esa 320 ming kishi qatnamoqda. Tirbandlik natijasida odamlar qimmatli vaqtini yoʻqotmoqda, ularning ish unumdorligi 15-20 foizga tushib ketyapti. Bu poytaxtdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxiga salbiy taʼsir koʻrsatishi tayin. Qolaversa sanoat korxonalari poytaxtning ekologik holatini ham butkul yomonlashtirmoqda.

— Bu taklif menga maʼqul, qaytaga bahavo joy, toza havo, tezkor avtobus qoʻyilsa ishchilarim ham oʻzlariga qadrdon ishxonaga boraverishadi, axir dunyoning narigi chetini koʻrsatishmayapti-ku, — deydi Mirobod tumanidagi 2 gektarlik joyda turk hamkorlari bilan “Aziya kandi” qandolatchilik qoʻshma korxonasini tashkil etib, 147 kishini ish bilan taʼminlagan, bu yil 6 million dollarlik eksportni amalga oshirishni koʻzlayotgan tadbirkor Muzaffar Mirzaboyev.

Mutasaddilar taʼkidlaganidek, bugun poytaxtdagi tadbirkor oʻz biznesini viloyatdagi barcha infratuzilmaga ega boʻlgan joyga koʻchirsa ishlab chiqargan mahsulotining tannarxini kamaytirish, davlat berayotgan qoʻshimcha imtiyozlardan ham manfaat topadi. Davlat Toshkent viloyati va poytaxt tumanlari oʻrtasidagi yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga, jamoat transporti tizimini namunali tashkil etishga kafolat bermoqda. Zamonaviy avtobuslarning uzluksiz qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Yangi temir yoʻl liniyalari ishga tushiriladi. Bu oʻz navbatida sayyohlar uchun ham yangi qulayliklar yaratadi. Poytaxt aholisining viloyatdagi soʻlim goʻshalarda dam olish uchun qatnovi tezlashadi, qulay boʻladi, umrimiz yoʻlda oʻtmaydi.

Forumda aholi talabi yuqori boʻlgan mebelsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ham viloyatda ish boshlash moʻmaygina foyda olish, import oʻrniga butun eʼtiborni eksportga yoʻnaltirish imkoniyatlari mavjudligi aytib oʻtildi. Chet ellik emas, avvalo oʻzimizning tadbirkorlar salohiyatidan foydalanaylik, bu adolatdan boʻladi, ona yerimiz begona qoʻlga oʻtib ketmaydi, deyildi forumda.

— Birorta taklif, murojaat eʼtiborsiz qolmaydi. Biz shu maqsadda davlatimiz rahbari topshiriqlariga koʻra tunu kun ishlaydigan va tadbirkorlarga labbay, deya javob beradigan maxsus tezkor shtab faoliyati yoʻlga qoʻydik, — viloyat hokimi Zoir Mirzayev.

Forumda Koreya Respublikasining Kyongsonnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Van Su janoblari ham soʻz olib shunday dedi: Bugun dunyoning butun eʼtibori Nyu -York shahrida, BMTning tarixiy 80 -sessiyasi doirasidagi uchrashuvlarda. Prezidentingizning yangi tashabbuslari mamlakatingizga beqiyos yutuq keltirishini alohida taʼkidlamoqchiman. Va yana, buni qarangki, kecha davlatlarimiz rahbarlari Amerikada oʻzaro muloqot qilgan edilar. Bugun esa biz Toshkent viloyati hokimi bilan investitsion kelishuvlar boʻyicha suhbatlashdik, hamkorlik hujjatlarini imzoladik. Bunda katta ramziy maʼno bor. Erta-indin biz — Koreyadagi yirik sanoat hududi sifatida Toshkent viloyatidagi biznes loyihalarda albatta ishtirok etamiz.

Davlatimiz rahbarining bevosita rahbarligida soʻnggi 8-yilda viloyat iqtisodiyotiga 10 milliard dollar hududiy, 8 milliard dollar tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushirilgan. Oxirgi 3-yilda yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan koʻp boʻlgan korxonalar soni 1,8 barobar oshib, 1,7 mingga yetgan. Yana aylanmasi 100 milliard soʻmdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga koʻpaygan. Natijada shu yilning 8 oyi mobaynida eksport hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Maʼlumotlarga koʻra, viloyatda xitoylik investorlar tomonidan 2,1 milliard dollarlik yirik sanoat parklari tashkil etilmoqda. Shuningdek, viloyatni 2025-2027-yillarda jadal rivojlantirish boʻyicha Prezident qarorlari qabul qilinib, ular ijrosi uchun 40 trillion soʻmdan ziyod mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Bularning bari davlatimiz rahbarining Toshkent viloyati iqtisodiyotini yuksaltirishga beqiyos eʼtibor qaratayotgani mevasidir. Bu islohotlar natijasida hududlarda ishsizlik keskin pasaydi, kambagʻallik salmogʻi keskin qisqarmoqda. Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambagʻallik darajasi 4,5 foizga tushirishning aniq hisob-kitobi qilingan. Va yana forumda taʼkidlab oʻtilganidek, ayni chogʻda viloyatda foydalanilmay turgan imkoniyatlar juda koʻp.

Ayni paytda viloyatda qoʻshimcha 2 milliard 500 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Ularning natijasida 11 mingdan ziyod aholi bandligi taʼminlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.

Yuzlab oʻz biznesini namunali yoʻlga qoʻygan, eksport orqali dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgan tadbirkorlar ishtirokida anjuman oʻtkazilayotgani, ularga biznesni Toshkent viloyati tumanlarida tashkil etish taklifi aytilayotganidan muddao ham shu — davlatimiz rahbari niyat qilganidek dunyoda Oʻzbekiston nufuzini koʻtarish, xalq farovonligini taʼminlash, kelajagimiz umidi hisoblangan tashabbuskor yoshlar, elparvar tadbirkorlar salohiyatini yanada toʻliqroq namoyon etishdir.
Abdunabi Aliqulov,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring