Birjada paxta yogʻi va benzin narxi tushdi

14:53 01 Iyun 2021 Iqtisodiyot
1292 0

Oʻtgan hafta davomida, yaʼni 24 – 30-may kunlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 1 895,4 mlrd soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 3,1% ga koʻpdir. Bunda sotuvlarning 87,7% - birja savdolari; 1,5% - koʻrgazma-yarmarka savdolari; 10,5% - elektron davlat xaridlari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga toʻgʻri keldi.

Paxta yogʻi

Oʻtgan haftada birja savdolarida 1 629,0 tonna paxta yogʻi sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 163 ta xaridor ishtirok etdi.

Koʻrib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yogʻining kunlik oʻrtacha narxlari pasayish holatlarini namoyon etdi. Xususan, oʻtgan dushanba-payshanba kunlari oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 16 140,1 ming soʻmdan 15 586,0 ming soʻmgacha, yaʼni 3,4% ga pasaydi. Biroq haftaning soʻnggi savdo kunida kotirovka biroz koʻtarilib 16 653,9 ming soʻmni tashkil qildi.

Hafta yakunlariga koʻra 1-navli paxta yogʻining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 17 718,6 ming soʻmni tashkil etdi.

Benzin

Oʻtgan haftada birja savdolariga 23 737,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qoʻyildi va ulardan 16 729,1 tonnasi, yaʼni 70,5% sotildi. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 45 xaridor ishtirok etdi.

Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning oʻrtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 6 673,4 ming soʻmdan 6 644,1 ming soʻmgacha pasaydi.

Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning oʻrtacha haftalik kotirovkasi 6 663,5 ming soʻmni, AI-91 – 7 702,8 ming soʻmni tashkil etdi.

Eslatib oʻtamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi oʻrtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?