Birorta ham bekorchi odam yoʻq mahallaning bogʻbon raisi

12:58 19 Dekabr 2025 Jamiyat
350 0

Yaqinda “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni” munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan bir guruh fargʻonaliklar Prezidentimiz farmoni bilan orden va medallar bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida “Shuhrat” medaliga sazovor boʻlgan Uchkoʻprik tumanidagi “Ziyovuddin ota orzusi” bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi asoschisi Kamolxon Turobov ham borligi bejiz emas.

Uchkoʻprikda mirishkor bogʻbon, tinib-tinchimas mahalla raisi sifatida tanilgan Kamolxon aka buning uchun uzoq yoʻlni bosib oʻtgan. U fermerlik harakati boshlangan ilk davrlardayoq tumanning dehqonchilik uchun noqulay dasht yerida 2 gektar mevali bogʻ tashkil etdi. Oʻshanda koʻpchilik bu yerlarda bogʻ boʻlishiga ishonmagan edi. Hozir bu joylar keng maydonlar boʻylab yastanib yotgan yashil chamanzor – mevali bogʻlarga aylangani eʼtiborga molik.

Ayni paytda ushbu oila tasarrufidagi mevali bogʻ 10 gektarga yetgan. Mirishkor oila yilning toʻrt faslida ham bogʻdorchilik yumushlari bilan shugʻullanadi. Toʻrt nafar oʻgʻillarining barchasi ham bogʻbon, ham tadbirkor. Raisning tadbirkor oʻgʻillari mahallada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlovchi muzlatgichli omborxona barpo etgan, limonchilik kooperatsiyasi esa mahsulotni xorijga eksport qilish bilan shugʻullanadi.

Mahalladoshlari tinib-tinchimas, hamisha yangilikka intiluvchi va koʻpchilikning dardu tashvishi bilan yashashga odatlangan bu insonni “Tojik” MFY raisligiga saylab adashishmadi. Natijada limonchilik mahallaning asosiy drayveriga aylanib, har bir oilada ixcham, kamxarajat issiqxonalar bunyod etildi. Bu borada istiqbolli mikro loyihalar ishlab chiqilib, har bir oila tadbirkor boʻlishiga erishildi. Bugun mahallada birorta ham bekorchi oila yoki odam yoʻq.

—Bundan oʻn-oʻn besh yil oldin hududda sanoqli oila limonchilik bilan shugʻullanardi,—deya xotirlaydi Kamolxon aka.—Hozirgi kunda mahallamizda limon yetishtiruvchi xonadonlar soni 800 tadan oshgan. Birgina joriy yilning oʻzida yana 40 ta xonadonga issiqxona qurishga erishildi.

Shu tarzda mahalladagi aholi tomorqalarida yiliga oʻrtacha 2 ming tonna limon yetishtirilib, ichki va tashqi bozorga chiqarilyapti. Bu yil 1 kg limonning narxi mavsumiga qarab 25-30 ming soʻm boʻlgani inobatga olinsa, oilalar daromadi yaxshi ekanligi ayon boʻladi.

Bugungi kunda mahallada 5200 nafar aholi istiqomat qiladi. Rais boshchiligida “mahalla yettiligi”ning mushtarak maqsad yoʻlida astoydil mehnat qilayotgani samarasi sifatida ushbu mahalla ishsizlikdan holi maqomga ega boʻldi. Mahalla ahilligi tufayli “Tashabbusli byudjet” loyihasida ikki marotaba gʻoliblikni qoʻlga kiritib, 3 milliard soʻm mablagʻ jalb etilishi evaziga ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashdi hamda ichki yoʻllar asfalt qilindi.

—Ota-bobolardan meros oʻgitlarda mehnat qilgan odam aslo kam boʻlmasligi taʼkidlanadi,—deydi mahalla raisi.—Bizda kattayu kichik ana shu hikmatni anglab, oʻz hayoti, oilasi va yurti farovonligi uchun sidqidildan ishlaydi. Jannatmakon diyorimizning tuprogʻi oltin, tabiati bebaho ekanligi esa barcha orzularimizga qanot baxsh etuvchi tabarruk neʼmatlardir.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер