Bir mahallada 68 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Yurtimizning har bir hududida tadbirkorlik, kichik-biznesning rivojlanishi, avvalo, oʻsha hudud farovonligi, xizmat koʻrsatish va servisning rivojlanishi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda. Buni Shahrisabz tumanidagi Xontepa mahallasida faoliyat koʻrsatayotgan kichik biznes subyektlari misolida ham koʻrish mumkin.
Ayni paytda 2417 nafar aholi istiqomat qilayotgan ixchamgina mahallada 68 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Bu mahalladagi deyarli har yetti xonadondan biri oʻz korxonasiga ega, deganidir. Xususan, 39 ta korxona qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirayotgan boʻlsa, 29 ta korxonada 50 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Ana shunday subyektlardan biri “Fathiddin Azizov” xususiy korxonasi 2021-yilda yaxna ichimliklar ishlab chiqarish bilan oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, joriy yilda yana ikkita loyiha amalga oshirildi.
— Dastlabki loyihamiz yaxshi samara bergach, bu yil toza suv ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir zamonaviy texnologiyani xarid qilib, ishga tushirdik, — deydi korxona rahbari Kamoliddin Nabiyev. – Shuningdek, osh tuzini tozalab, qadoqlash ham yoʻlga qoʻyildi.
Mahalladagi yana bir korxona — “Kesh Famous” masʼuliyati cheklangan jamiyatida esa zamonaviy temir darvozalar hamda temir panjaralar ishlab chiqarilmoqda.
— Mahsulotimiz qisqa vaqt ichida ichki bozorda oʻz oʻrniga ega boʻlib ulgurdi, mijozlar ishonchini qozondik, — deydi jamiyat rahbari Shavkat Karimov. – Natijada korxonamizda ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshib bormoqda. Oʻtgan yili 100 million soʻmdan ziyod sof daromad oldik, bu yil esa yanada yuqoriroq marrani koʻzlab mehnat qilyapmiz.
Eʼtiborli tomoni, mahalladagi 68 ta subyektning har birida oʻnlab yigit-qizlar ish bilan band. Ular shu yerda mehnat qilib, daromad topmoqda.
— Bundan tashqari, mahallamizda oilaviy tadbirkorlik ham rivojlanib bormoqda, — deydi Xontepa mahallasidagi hokim yordamchisi Ilhom Isayev. – Xususan, 245 ta xonadon biogumus tayyorlashni yoʻlga qoʻygan. Ular bu yumushdan yaxshi daromad topyapti. Kelajakda shu tarmoqni mahallaning oʻsish nuqtasiga aylantirmoqchimiz. Qolaversa, yana yuzdan ortiq xonadon asalarichilik, parrandachilik va chorvachilik bilan shugʻillanyapti. 504 ta xonadondan 440 tasining oʻrtacha 6 sotixdan tomorqasi bor. Ular asosan sarimsoqpiyoz, kartoshka va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirib, yaxshi daromad olmoqda.
Xalqimizda “Intilganga tole yor” degan naql bor. Xontepa mahallasining tadbirkor, tashabbuskor fuqarolari bugun oʻzlarining ishbilarmonligi, halol mehnati ortidan farovon hayot kechirishmoqda.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring