“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida
Foto: Халқ сўзи
Aholi turmush sharoitini yaxshilash, doimiy va qoʻshimcha daromad manbaiga ega qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududlarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Andijon viloyatida ham har bir mahallada xatlov oʻtkazilib, unda fuqarolarning ichki imkoniyati va talab-istaklari inobatga olindi. Shunga koʻra, joriy yilda viloyat boʻyicha 9 ming 571 ta xonadonga parranda tarqatish rejalashtirildi va hozirga qadar 3 ta klaster orqali 4 mingta xonadonga parrandalar yetkazib berildi.
Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Yetti xazina durdonasi” oilaviy korxonasi tomonidan shu kungacha Xonobod shahri, Qoʻrgʻontepa, Buloqboshi, Xoʻjaobod va Jalaquduq tumanlaridagi oilalarga 100 ming bosh parranda yetkazib berildi. Mutaxassislar har bir oilada boʻlib, tovuq boqish texnologiyasi boʻyicha tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar.

— Bizga 120 kunlik tovuqlarni keltirib berishdi, — deydi Qoʻrgʻontepa tumanidagi Dardoq qishlogʻida istiqomat qiluvchi Abdurahim Xoʻjamberdiyev. — Bu davr mobaynida ular korxona tomonidan tegishli vaksinatsiyadan oʻtkazilgan. Yaʼni bularning endi kasallanib nobud boʻlishidan choʻchimasak ham boʻladi. Biz toʻrt mahal ozuqasini bersak, kifoya. Parrandalar tuxumga kirgani bois ilk kunlardanoq daromad topa boshladik. Misol uchun, 80 ta tovugʻim tuxumga kirgan. Mahsulotning 50 tasini lider tadbirkorning oʻzi sotib olmoqda. Menda qolganini isteʼmol qilyapmiz, bozorga chiqaryapmiz. Hozircha har oyda 4,5 million soʻm daromad topyapman.
— Aholiga parranda yetkazib beruvchi subyektlarga tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻi ajratilayotgani ayni muddao, — deydi “Yetti xazina durdonasi” oilaviy korxonasi rahbari, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Umidaxon Usmonova. — Buning evaziga xorijdan naslli parranda tuxumini olib kelish imkoniga ega boʻlyapmiz. Tuxumni inkubatsiyadan chiqarib, 120 kunlik parvarishdan soʻng oilalarga tarqatyapmiz. Bu kabi qulay sharoit nafaqat tadbirkorlik faoliyatimizni shakllantirishga xizmat qilmoqda, balki minglab oilalarni daromadga yoʻnaltiryapti.
Paxtaobod tumanidagi “Paxtaobod parranda” MCHJ Gollandiya davlatidan keltirilgan zotli tovuqlarni parvarishlay boshladi. Korxona tomonidan viloyatdagi 232 ta mahallaning har birida 15 tadan xonadonga 110 boshdan tovuq yetkazib berildi.

Bu yoʻsinda parranda parvarishlash ortiqcha xarajat va harakat talab etmasligi bois aksariyat qishloq aholisi qiziqish bildirmoqda. Paxtaobod tumanidagi “Madaniyat” qishlogʻida yashovchi Izzatillo Ostonaqulov ham foydalanilmay turgan eski molxonasini tovuqxonaga moslashtirdi. 110 bosh parrandadan hozircha har kuni 60 ta tuxum olmoqda.
— Qishloq sharoitida parrandachilik bilan shugʻullanish ishsiz oʻtirgandan koʻra ming karra afzal, — deydi I. Ostonaqulov. — Shaxsan oʻzimga kelsak, bir kunda ikki mahal tuxum yigʻib olaman. 50 tasini lider korxona oʻzi sotib oladi. Qolgan 10 tasini mahallamdagi doʻkonga eltib beraman. Hisob-kitobimga qaraganda, tovuqlar 100 foiz tuxumga kirgach, har oyda 5 million soʻm daromad ishlab topishim mumkin boʻlar ekan. Shu ishni qilmasam, shuncha daromadni qayerdan topardim?!
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring