Bir kunda bir million soʻm daromad topayotgan oila

15:13 09 Aprel 2024 Jamiyat
827 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Saminjon Husanov/“Xalq soʻzi”. Buloqboshi tumanidagi Xontepa mahallasida uzumchilik rivojlangan. Aholi tomorqasida uzumning oʻndan ziyod navini parvarishlanadi. Biroq, ular shu bilangina kifoyalanib qolmaydilar. Tok ostida lola guli oʻstirishning ham hadisini olganlar.

— Kuzdan bahorgacha tok osti bekor yotadi, — deydi shu mahallada yashovchi Nurmamat Qoʻldoshev. — Bu vaqtda ham daromad olish uchun lola piyozchalarini ekkanmiz. Hozir qiygʻos ochilgan payti. Nafaqat, respublikamizdan, balki, qoʻshni Qirgʻizistondan ham xaridorlar kelib turibdi. Bir kunda oʻrtacha bir million soʻm sof daromad topyapmiz. Tok barg yozib, salqin tushguncha lolani sotib boʻlamiz. Kuzda uzum hosilini yigʻib olib, tok barglari toʻkilgan, ostiga yana lola piyozchalarini qadaymiz. Qarabsizki, tomorqamiz bir soniya boʻlsin boʻsh turmaydi.

Ushbu mahallada uch ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Barchasining qoʻshimcha daromadi uzum va loladan. Shu bois ular bir yilda oʻrtacha 50-60 million soʻm qoʻshimcha daromad topishga erishmoqdalar.

— Tumanimiz qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashganligi uchun aholi yer bilan tillashishning oʻziga maktabini yaratgan, — deydi hokim yordamchisi Murodjon Toshtemirov. — Bu borada ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kundalik faoliyatimizga aylangan. Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida 26 nafar mahalladoshlarimizga imtiyozli kredit ajratildi. Ikki nafar fuqaro subsidiya orqali issiqxona barpo etdi.

Biz mahallada boʻlib, aholining tomorqadan foydalanish tajribasini oʻrganish jarayonida guvoh boʻldikki, 12 nafar yoshlarga 15 sotixdan yer ajratilishi orqali bu tajribani ommalashtirish imkoni yaratildi. Oʻnlab fuqarolarga urugʻ sotib olishlari uchun besh million soʻmdan imtiyozli kredit ajratildi. Yana 4 nafar qoʻshnilar garovsiz kredit mablagʻlari evaziga tadbirkorlik faoliyatini kengaytirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?