Bir koʻngil imorati, ming Makka ziyorati

12:22 22 Avgust 2025 Jamiyat
187 0

Shoira Nazarova — uch farzandning onasi. Turmush oʻrtogʻi mavsumiy ish bilan mashgʻul. Toʻngʻich farzandi Baxtigulning nogironligi bor. Shofirkon tumani Joʻynav mahallasida yashovchi bu oilaning turmush sharoitini qanday qilib yaxshilash mumkin?

— Mahalla ijtimoiy xizmat xodimi Dildora Qosimova shu savolni oʻrtaga qoʻydi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Zarnigor Nafiddinova. — Ogʻir sharoitda boʻlgan bu oilaning muammolarini oʻrganish va ularni bartaraf etish maqsadida individual xizmatlar rejasini tayyorladi.

Dastavval Baxtigulga elektron yuritmali aravacha olib berildi. Qizning qiziqishi, ishtiyoqi ham hisobga olindi. Unga munchoqli bezaklar tayyorlab sotishi, bandligini taʼminlash uchun zarur mahsulotlar ajratildi. ”Faol hayotga qadam” dasturi doirasida u kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatidan ham foydalanmoqda. Singlisi Gulchiroy esa sport toʻgaragiga jalb qilindi. Oilaning uchala farzandiga bola nafaqasi tayinlandi. Tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya toʻlovi ham rasmiylashtirildi. ”Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xonadonning uy-joyi taʼmirlanmoqda.

— Davlatimizning bu eʼtibori, gʻamxoʻrligidan minnatdormiz, — deydi uy bekasi. — Ilohim, yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy boʻlsin. Bizni qoʻllab-quvvatlab, ertangi kunga ishonchimizni mustahkamlaganlar baraka topishsin.

Taʼkidlash oʻrinliki, Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlariga muvofiq, bugungi kunda viloyat boʻyicha 30 ta ijtimoiy muassasa hamda 7 ta tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiya davlatimizning insonparvarlik siyosatini hayotga tatbiq etish bilan band. Ayni damda xizmat turlari soni 49 tadan 109 taga yetkazildi. Shuning 71 tasi aholining ehtiyojmand qatlamiga ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatishdan iborat.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?