Bir dasturxon – bir qalb, bir mehr

12:28 17 Mart 2026 Jamiyat
194 0

Ramazon shukuhi kezib yurgan shu kunlarda butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Toshkent viloyatida ham mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik anʼanalari yanada keng quloch yozmoqda. Bu muqaddas oy insonlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirib, mehr-muruvvat, bagʻrikenglik va shukronalik fazilatlarini mustahkamlamoqda.

Xususan, Toshkent viloyatining barcha mahallalarida “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu gʻoya asosida iftorlik dasturxonlari yozilmoqda, bir dasturxon atrofida odamlar bir qalb, bir mehr bilan yigʻilmoqda.

— Ijtimoiy himoyaga muhtoj viloyatdoshlarimiz xonadonlarida tashkil etilayotgan bunday saxovat tadbirlari nafaqat bir oila, balki butun mahalla ahli uchun ham quvonchli voqeaga aylanyapti, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Toshkent viloyati boʻlimi rahbari Abdusamad Nosirov. — Iftorliklarda mahalla faollari, nuroniylar hamda qoʻni-qoʻshnilar ishtirok etib, samimiy suhbatlar quriladi, duolar oʻqiladi va ezgu tilaklar bildiriladi. Bu esa odamlar oʻrtasidagi mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Xuddi shunday saxovat tadbiri Toshkent viloyatining anklav hududida ham boʻlib oʻtdi. Bekobod shahridagi “Bunyodkor” mahallasida keng qamrov kasb etgan xayriya tadbirlari “Nuroniylar maskani”da aholi uchun yozilgan iftorlik dasturxoni bilan nihoyalandi.

Tadbir avvalida masʼullar va mehmonlar hududda joylashgan Qardoshlik qabristoniga tashrif buyurib, marhumlar xotirasini yod etdilar. Shundan soʻng mahalla idorasida mahalla xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazilib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholi murojaatlari, bandlik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

— Iftorlik dasturxoni davomida nuroniylar, mahalla faollari hamda hudud aholisi bilan samimiy suhbatlar oʻtkazildi, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Bekobod shahri boʻlinmasi boshligʻi Dilshod Vahobjonov. — Tadbir Ramazon oyining ezgu qadriyatlarini ulugʻlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash hamda jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.

Ramazon oyining fayzi bilan bezatilayotgan dasturxonlar atrofida jam boʻlgan vatandoshlarimiz oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlik tuygʻularini yana bir bor chuqur his etayotgan boʻlsalar, ajab emas. Shuning uchun ham Ramazon mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyidir.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?