Bilim va xotira musobaqasi

15:29 28 Oktyabr 2025 Jamiyat
476 0

Foto: Abdulaziz Ubaydullayev

Bugun davlat boshqaruvi tizimidagi barcha vazirlik va idoralar bilimdonlari “Zakovat” arenasi maydonida jam boʻlishdi. Tadbir Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi hamda “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida yurtimizda Arxiv tizimi tashkil etilganining 106-yilligi munosabati bilan oʻtkazildi.

Musobaqa mamlakatimiz Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

Unda vazirlik va idoralar, shuningdek “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari hamda Milliy arxivlar xodimlaridan iborat 40 dan ortiq jamoa “Oʻzarxiv” agentligi kubogi uchun oʻzaro bellashdi.

Tadbir avvalida “Oʻzarxiv” agentligi direktori oʻrinbosari Sherzod Sodiqov va “Zakovat” intellektual klubi direktori Hayotilla Rahmonov ishtirokchilarni tabriklab, ularga intellektual ringda omad tiladilar.

Musobaqa har biri 12 ta savoldan iborat boʻlgan ikki turda oʻtkazildi. Har bir toʻgʻri javob uchun jamoalarga bir ball berildi. Yakuniy natijalarga koʻra 1-oʻrinni Adliya vazirligi jamoasi egallab, “Oʻzarxiv” agentligi kubogini qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻringa Navoiy viloyati Arxiv ishi boshqarmasi jamoasi, uchinchi oʻringa esa “Tarix” telekanali jamoasi sazovor boʻlishdi.

Gʻolib va sovrindor jamoalar aʼzolari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Maʼlumki, Oʻzbekiston arxiv tizimining shakllanishi 1919-yil 5-noyabrda Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan “Turkiston ASSRda arxiv ishlarini qayta tashkil etish va markazlashtirish toʻgʻrisida”gi qarorga borib taqaladi. Ushbu tarixiy hujjat arxiv ishlarini yagona tizimda yoʻlga qoʻyish, ilmiy, tarixiy va madaniy ahamiyatga ega hujjatlarni davlat mulki sifatida saqlash uchun mustahkam zamin yaratgan edi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Milliy Arxiv Fondi hujjatlarni jamlash, saqlash, hisobini yuritish va ulardan foydalanish borasida muhim vazifalarni samarali bajarib kelmoqda.

Ushbu intellektual musobaqa nafaqat bilimlar sinovi, balki arxiv tizimi xodimlari hamda barcha ishtirokchilarning tarixiy merosga boʻlgan hurmatini, intellektual salohiyatini va jamoaviy ruhini yanada mustahkamlovchi ezgu tashabbus sifatida yodda qoldi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?