Benazir kamolot sohibi

17:45 14 Fevral 2022 Madaniyat
1530 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun buyuk davlat arbobi, sarkarda, zakiy shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga 539 yil toʻldi. Andijon shahrida Bobur nomidagi maydonda sanaga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Andijon viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyat boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etgan ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari, xorijlik mehmonlar Bobur haykali poyiga gullar qoʻydilar.

— Bobur hayoti va ijodining hali biz bilmagan qirralari juda koʻp, — deydi yozuvchi Qamchibek Kenja. — Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tarkibida koʻplab xorijiy davlatlarda boʻlib, bobokalonimiz haqida oʻzbek xalqiga maʼlum boʻlmagan maʼlumotlarni toʻplashga erishdik. Bu boradagi saʼy-harakatlar hali davom etadi. Zero, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan yaratilgan bebaho asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati juda katta.

Tadbir davomida shoh va shoir qalamiga mansub asarlardan parchalar oʻqildi, uning davlat boshqaruvi va shaxsiy hayotdagi ibratli xislatlari yodga olindi. Bu ifodalar sahna asarlari orqali jonli obrazlarda yana bir bor taqdim etildi.

Shu kuni Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondida Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya ham boʻlib oʻtdi. Onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda oʻnga yaqin davlat vakillari ishtirok etdilar.

— Boburni Afgʻonistonda ham sevib oʻqiydilar, — deydi boburshunos olima, professor Shafiqa Yorqin. — Shu bois biz olimlar uni oʻrganishdan charchamaymiz. Qancha oʻrganganimiz sari u haqida koʻp narsani oʻrganishimiz kerakligini anglaymiz. Demak, bizning oldimizda bu boradagi izlanishlarni yanada jonlantirish, uning oʻlmas asarlarini tatbiq etish, qanchalar odil podsho boʻlganligini yorqin ifodalarda tasvirlash vazifalari turibdi.

Konferensiya davomida anʼanaga binoan, boburshunos olimlarning yangi izlanishlari, ilmiy maqolalari, erishilgan yutuqlar va bu borada bajarilishi muhim boʻlgan vazifalar haqida fikrlar yuritildi.

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan tadbirlar, adabiy kechalar joylarda davom etmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?