Barqaror daromad: yangi loyihalar, yangi umidlar
Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllangan Murojaatnoma mamlakat taraqqiyotining navbatdagi bosqichi uchun aniq strategik yoʻnalishlarni belgilab berdi. Ushbu dasturiy hujjat nafaqat yaqin istiqbol rejalarini, balki jamiyat oldida turgan eng dolzarb masalalarning yechimini ham ochiq-oydin koʻrsatib berdi.
Joriy yil uchun ustuvor vazifalar markaziga inson kapitali qoʻyilgani alohida ahamiyatga ega. Chunki zamonaviy iqtisodiyot sharoitida taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi tabiiy resurslar emas, balki bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh kadirlardir. Shu nuqtayi nazardan Murojaatnomada ichki talabni oshirish orqali barqaror ish oʻrinlari yaratish, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning jamiyatdagi iqtisodiy faolligini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Davlat rahbari har bir hudud, har bir tuman oʻz imkoniyati va resurslaridan kelib chiqib, aniq va hisob-kitobli dastur asosida ish oʻrinlari yaratishi shartligini qatʼiy taʼkidladi. Endi masala faqat statistik raqamlarda emas, balki yuqori daromadli, barqaror va uzoq muddatli bandlikni taʼminlashda ekani qayd etildi. 2026-yilda bir milliondan ortiq yoshlar va xotin-qizlarni munosib ish bilan taʼminlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishi bu boradagi yondashuv tubdan oʻzgarayotganini anglatadi.

Murojaatnomada ilgari surilgan “taʼlim sifati — bandlik kafolati” ekani haqidagi tamoyil esa mehnat bozori va taʼlim tizimi oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni mustahkamlashga qaratilgan. Bu yildan boshlab kasb-hunarga oʻqitish jarayonlari mehnat bozorining real ehtiyojlariga moslashtirilishi belgilab qoʻyildi. Bu esa kadrlar tayyorlash tizimida formallikdan samaradorlikka, hujjatbozlikdan natijaga qarab burilish boshlanayotganini koʻrsatadi.
Shu maʼnoda, Murojaatnoma iqtisodiy dastur boʻlish bilan birga, ijtimoiy adolat va imkoniyatlar tengligini taʼminlashga qaratilgan mukammal strategiya sifatida namoyon boʻlmoqda. Endi asosiy savol bitta. Belgilangan vazifalar hududlarda qanday amaliy qadamlarga aylanadi?! Ana shu jihat har bir tuman va har bir mahallaning kelgusi taraqqiyotini belgilab beradi.
Bu vazifalarning amaldagi ifodasi Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumani misolida yaqqol koʻrinmoqda. Tumanda mehnatga layoqatli aholining salmoqli qismini yoshlar tashkil etadi. Mahallalar kesimida oʻtkazilgan dastlabki tahlillar esa muhim bir holatni ochib berdi. Ishsiz yoshlarning aksariyati mavsumiy daromad ilinjida xorijga chiqishga majbur boʻlayotgan, ayni paytda ularning koʻpchiligi muayyan kasbga qiziqadi, qoʻlidan ish keladi, ammo faoliyat boshlash uchun zarur boshlangʻich jihoz va mablagʻga ega emas.

Shu asosda tuman hokimligida ishsiz yoshlar bilan manzilli muloqotlar yoʻlga qoʻyildi. Ular jamlanib, ochiq suhbatlar tashkil etildi, har birining rejasi, qiziqishi va imkoniyati oʻrganildi. Ilk uchrashuvning oʻzidayoq qariyb yuz nafar yoshga zamonaviy payvandlash apparatlari, tikuv mashinalari, maishiy xizmat koʻrsatish uskunalari topshirildi. Bu qadam koʻp yillik muammoning amaliy yechimiga aylandi. Chunki yoshlarga tayyor ish joyi emas, balki mustaqil mehnat qilish imkoniyati berildi. Natijada xizmat koʻrsatish va kichik ishlab chiqarish yoʻnalishlarida yangi faoliyatlar paydo boʻla boshladi.
Asbob-uskuna topshirish amaliyoti qisqa vaqt ichida oʻz samarasini koʻrsatdi. Bir necha oy davomida mahallalarda ustaxonalar, tikuv sexlari, maishiy xizmat nuqtalari tashkil etildi. Eng muhimi, xorijga ketishni rejalashtirayotgan yoshlar orasida kayfiyat oʻzgardi. Ular oʻz yurtida mehnat qilib daromad topish mumkinligiga ishonch hosil qildi. Shu bois bunday uchrashuvlar muntazam tus oldi, tashabbus tuman miqyosida ommalashdi.
Jarayonga jamoatchilik vakillari ham faol qoʻshildi. Misol uchun, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, tadbirkor Sobir Astanaqulov tashabbusi bilan yana bir guruh ishsiz yoshlarga faoliyat boshlashi uchun zarur jihozlar topshirildi. Ushbu amaliy yordam ortida aniq strategik maqsad mujassam. Yoshlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ularni doimiy daromad manbai bilan taʼminlash, mehnat migratsiyasini qisqartirish va mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish koʻzda tutilgan.
Shaldiroq mahallasida yashovchi Humoyiddin Shodmonov bu imkoniyatdan foydalangan yoshlardan biri.
— Ilgari mavsumiy ish izlab xorijga chiqishga majbur boʻlardim, — deydi H.Shodmonov. — Boshqa ilojim ham yoʻq edi. Kunlar isishini kutib, yana ketishga hozirlanayotgan paytimda tuman hokimi yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazishini aytishdi. Tadbirga qatnashdim. Har birimiz bilan alohida suhbat qildi. Qiziqishim, qoʻlimdagi hunardan kelib chiqib, zamonaviy payvandlash uskunasini topshirdi. Hozirda oʻz uyimdan temir panjaralar yasaydigan moʻjaz ustaxona ochdim. Eng katta yutuq oila bagʻrida qolgan holda mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻldim.

Murojaatnomada 2026-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarga oʻqitish koʻlamini kengaytirish vazifasi belgilab berilgan. Shu asosda Shoʻrchi tumanida 150 nafar yoshni talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish, 80 ta mikroloyihaga imtiyozli kredit ajratish, xizmat koʻrsatish sohasida yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, kichik ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish orqali qishloq hududlarida bandlikni taʼminlash koʻzda tutilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan loyihalar natijasida bir yil ichida kamida ming nafarga yaqin aholi doimiy ish bilan taʼminlanishi mumkin.
— Har bir yosh bilan manzilli ishlash tamoyili asos qilib olingan, — deydi Shoʻrchi tumani hokimi oʻrinbosari Malik Chorshanbiyev. — Yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini oʻrganmasdan turib samarali natijaga erishib boʻlmaydi. Tuman hokimligi tomonidan mahallalarda ishsiz yoshlar roʻyxati shakllantirilib, ularga mos kasblar boʻyicha oʻqitish va amaliy yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Monitoring natijalari jihoz olgan yoshlarning katta qismi oʻz faoliyatini muvaffaqiyatli boshlaganini koʻrsatmoqda. Eng muhim maqsad yoshlarning chet elga ketish ehtiyojini kamaytirish va ularni oʻz hududida barqaror daromad manbai bilan taʼminlashdan iborat.
Murojaatnomada belgilangan vazifalar qogʻozda emas, hayotning oʻzida namoyon boʻlmoqda. Shoʻrchidagi tajriba shuni koʻrsatadiki, agar yoshga ishonch bildirilib, unga aniq vosita va sharoit yaratilsa, u nafaqat oʻz bandligini taʼminlaydi, balki yana bir nechta ish oʻrni yaratishga ham qodir boʻladi. Bu esa hudud iqtisodiyotida yangi harakat va yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Toshkentda Butunjahon isteʼmolchilar huquqlari kuni munosabati bilan matbuot anjumani oʻtkazildi (+fotoreportaj)
- Uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish takomillashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring