Barakasi beqiyos tarmoq
Kunlar soviy boshladi, togʻlarda qor, bogʻlaru dalalarda uning uchquni. Mana shunday kunlarda issiq kiyingan, ovqatlanishga jiddiy eʼtibor qaratgan kishi muammoga duch kelmaydi. Shifokorlarning aytishicha esa bedana goʻshti va tuxumining dasturxonda muntazam boʻlishi koni foyda. Ayniqsa bolalar va oʻsmirlar uchun. Davlatimiz rahbarining agrar soha rivojiga katta eʼtibor berayotgani, soliq imtiyozlariyu subsidiyalar bedanachilikni ham yanada rivojlantirishga turtki beryapti.
—Jussasi kichkina demang, boqing, ishni toʻgʻri tashkil etsangiz va koʻproq mahsulot ololsangiz goʻshti va tuxumini qayerga sotsam ekan, deb yurmaysiz, xaridorlarning oʻzi ostonangizga keladi, —deydi Namangan tumanida joylashgan “Shifobaxsh bedana tuxumlari” korxonasi ish boshqaruvchisi Akram Turgʻunov. — Shu ish bilan shugʻullanayotganimizga 25-yildan oshdi. Shu yillar ichida turkiyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda ishladik va bedanalar bosh sonini 120 mingdan oshirdik. Tuxum va goʻshtni ichki bozorga ham eksportga ham joʻnatyapmiz.
Akram Turgʻunovning soʻzlariga qaraganda sanoat asosida boqiladigan jonivorlarning yangi va mahalliy zotlarini yaratish masalasiga olimlarimiz jiddiy eʼtibor qaratishi kerak. Chunki istaymizmi, yoʻqmi, yurtimizda ekologik vaziyat murakkablashmoqda. Shaharlar havosining nechogʻlik yomonligi barchamizga maʼlum. Bu oʻz-oʻzidan aholi salomatligiga,bolalarning nafaqat jismoniy, balki aqliy rivojlanishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatyapti. Ming dardga shifo bedana mahsulotlari mana shunday murakkab iqlim sharoitida har bir oila uchun salomatlikni saqlashda tom maʼnoda najot manbai boʻlishi mumkin.
—Tabiat qoʻynida bedana asosan oʻsimlik urugʻi va barglari, baʼzan hasharotlar bilan ovqatlanadi. U yer ustida kichik xas-choʻpli joylarga uya qurib 9-20 tagacha tuxum qoʻyadi va ulardan 15–17 kunda joʻjalar chiqadi, — deydi Akram Turgʻunov. — Albatta yirik fermada bedana boqishga kirishgan tadbirkor avvalo jonivorning mahalliy sharoitga mos va zotli boʻlishiga eʼtibor qaratadi.Tuxum beruvchi zotlar yilda bir yilda 250–300 tuxum beradi, tuxum ogʻirligi 10–14 g, ayrim maxsus zotlarda goʻshti 250 grammgacha yetishi mumkin.
Tadbirkorning aytishicha, kambagʻal va iqtisodi nochor oilaga jonivorlar tarqatishdan avval oʻsha kishilarning chorvadan, parrandachilikdan xabari bormi, ozuqani qayerda yetishtirib, qay tartibda saqlaydi, eng muhimi hovlisida jonivor boqishga qiziqishi bormi, yoʻqmi, avvalo shuni aniqlash kerak. Mana senga mol yo tovuq-bedana boqaver, degan bilan ish bitmaydi, parvarish degani tilning uchidagi ish emas, buning ortida mashaqqatli mehnat va bilim, malaka yotibdi. Agar insonda jonivorga mehr uygʻonmasa, kambagʻal oila qaddini koʻtarib mehnat qilishni istama, xayrli ishlar kutilganidek natija bermaydi. Qolaversa qoʻldan berganga qush toʻymaydi, sendan harakat mendan barakat degan gaplar ham bor. Ana shu sababli ishbilarmon kishi oldin vaziyatni, odamlarning feʼl-atvorini oʻrganadi, soʻng kooperatsiya asosida ishlashga kirishadi.
—Bedanachilikni qayerdan oʻrgangansiz, dersiz. Bu xayrli ishni dastlab rahmatli ustozlarim Sharifjon Rahmatov, Maʼmursho Turgʻunov, Neʼmatulloxon Abdullayev boshlab berishgan. Ular bilimdon, mehnatkash, shogirdlariga mehribon kishilar edi. Bugun ularning savobli ishini Abubakrxon va Qosimjonlar davom ettirishmoqda, —deydi Akram Turgʻunov.— Yana bir muhim gapni aytay: haqiqiy va davomli biznes aldovni yoqtirmaydi. Bir safar ishga yolgʻon aralashdimi, tamom, munosabatlarga darz ketadi. Shu bois oilaviy korxonamizda barcha vazifalar adolatli taqsimlangan, bahonayu dangasalikka aslo oʻrin yoʻq. Agar bedanachilikka qoʻl urmoqchi boʻlayotgan yoshlar boʻlsa,marhamat qishlogʻimizga kelsin,oʻrgatamiz.
Unchalik katta boʻlmagan hududda tuxum yoʻnalishidagi bedanalar boqish orqali yuzlab oilalar roʻzgʻoriga qut -baraka kiritayotgan Akram Turgʻunovning eʼtirof etishicha, “Shifobaxsh bedana tuxumlari”bugun milliy brendga aylanib ulgurdi va oʻz mahsulotlarini qoʻshni davlatlardan tashqari yana beshta mamlakatlarga eksport qilishni koʻzlayapti. Ishlab chiqarish xajmi va mahsulotlar sifati bunga izn beradi. Tadbirkor mahsulotlar savdosida yaqindan koʻmakchi boʻlayotgan fargʻonalik Nurmuhammad akadan minnatdor ekanligini “Qani endi mana shunday doʻstlaring koʻp boʻlsa”, deya alohida taʼkidladi.
Abdunabi Aliqulov
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring