“Baxtim shul – Oʻzbekning Zulfiyasiman”
Yaxshi sheʼr mudrab yotgan ruhiyatni uygʻotadi. Tongning nafasidek koʻngilga xush yoqadi. Koʻklam havosidek bahru dilingizni ochib yuboradi. Har yili erta bahorda ikki bogʻlam binafsha koʻtarib, oʻzbekning sevimli shoirasi Zulfiyaxonim haykali qoshiga borar ekanmiz, beixtiyor qalbga yaqin misralari jaranglaydi:
Hamon eʼtiqodim – haqiqat, haqdir,
Soʻzlayman yuzimni tutib Kaʼbaga.
Yemira olmaydi oʻtkinchi taqdir,
Osuda oʻtadi ruhim abadga.
Eʼzozlar, ardogʻlar uchun tashakkur,
Asli Siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,
Baxtim shul – Oʻzbekning Zulfiyasiman.
Ona yurt, sevgi, bahor madhiga yoʻgʻrilgan bu satrlar nurlangan har bir koʻngil hamisha shunday samimiy izhorlarga mushtoq. Tugʻilgan goʻshaga koʻngil rishtalari bilan bogʻlanib, shukronalik hissini tuyish ijodkor uchun qanchalik baxt boʻlsa, kitobxon uchun ham farahlidir.
Koʻklam va baxt jarchisi, tong kuychisi Zulfiyaxonim sheʼrlarini oʻqiganda tongning oq alangasi, qirovli maysalar nafasi, kumush nurlar jarangi, qor tagidan bosh koʻtargan binafshaning ifori dimogʻimizga uriladi. Shoira bahorda tavallud topgani uchun tabiat manzaralari hayoti, taqdiriga uygʻunlashib ketgan.
“Derazamning ortida bir tup
Oʻrik oppoq boʻlib gulladi...”
Gulni koʻrib ishqparast qalbim,
Ming aytilgan darddan kuyladi...
yoki...
Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi, joʻshqin, zabardast.
Oʻlmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas...
Ayol qalbi eng nozik xilqat. Zulfiyaxonim sheʼrlarida ayollar dunyosi alohida oʻrin tutadi. Oʻzi ham isteʼdodi, mehnati, rostgoʻyligi, bilan ijodda, hayotda shuhrat topdi. “Bir mavzuda cheklanib qolgim kelmaydi. Lekin dugonalarim, tengdosh – zamondoshlarim hayoti, oʻzbek ayolining hozirgi qiyofasi oʻzining shoirona ifodasini talab etib, meni hamisha hayajonga soladi”, deya yozadi esdaliklarining birida Zulfiya opa.
Necha ajdod kechgan bogʻdan yoʻl qoldi,
U yoʻllarda Sizdan mendan yoʻqdir iz!
Siz Menu, Meni Onalik oldi,
Ayol zoti ketmas hayotdan izsiz...
“Fusunkor soʻzga, insonni goʻzalliklar sari chorlovchi dunyoni kashf etuvchi, badiiy soʻzga boʻlgan muhabbat choʻgʻini ilk bor qalbimga solgan onam edi”, deya yozadi shoira.
Inson yuragida bong urgan hissiyot borki, barchasi ayol qalbiga yaqin.
Zulfiyaxonimga oilaviy baxt toʻla-toʻkis nasib etmagan boʻlsa-da, u sheʼrlarida “Men oʻtgan umrimga achinmay qoʻydim... Chunki, izzatni ham koʻrdim” deydi. Boshiga bulutdek yogʻilgan ayriliq azobini, gʻam anduhlarni matonat bilan yengadi. Uning iztiroblari, armonlari ham togʻdek bardoshli, vafoli, irodali ayol sadoqati gavdalanadi.
Ne-ne goʻzal yoshliklar kelar,
Umri boqiy hayot yoʻlida.
Oʻshanda ham oʻriklar gullar,
Sen boʻlasan dillar toʻrida...
– Hayotimning oʻn yili Hamid Olimjon bilan hamnafas va hamqadam oʻtgani men uchun ulkan bir baxt boʻldi, – deb yozadi Zulfiyaxonim xotiralarida. – Yirik shoir, benihoya mehnatkash, noyob intizom egasi, doʻstlariga mehribon, dushmanlariga ayovsiz Hamid Olimjon – turmush oʻrtogʻim, bolalarimning otasigina boʻlib qolmasdan, ayni chogʻda sezgir maslahatchim ham edi. Men undan fikrlashni, mehnat qilishni va sheʼr yozishni oʻrgandim, ijod maktabidan taʼlim oldim. Ammo...
Baxtli muhabbatni kuylagan sozim,
Oʻlim xanjariga tegdi-yu sindi...
Bir necha oy oʻtgach, qalbimdagi ayriliq shalorasi quyilib-quyilib oʻzaniga yoʻl topdi, shekilli, qalamdan alam boʻlib misralarga quyila boshladi. Har bir soʻz choʻgʻday, yoʻq, yalligʻlanib turgan qoʻrgʻoshinday, men ularni yoza boshladim. Keyini “Uyda boʻgʻildimu eshikka chiqdim”, “Bu kun yangi yilmish... demak ajib tun”... yozildi. Keyin yozilaverdi, yozilaverdi. Ayriliqning qahraton qishi mening yonishimga sovish bagʻishlamadi. Hayot meni bir qadam tobladi chogʻi. Endi u sheʼrlarni eʼlon qila boshladim. Hamid Olimjonsiz bahor kelaverdi, hamma yoq yangilana boshladi. Zilol, oq, pushti ranglar Toshkentning ichkari hovlilariga ham kirib, gul sochib yurdi. Birinchi bahor... Har novda, har maysa oʻzicha uygʻonib, bahor keldi – mening dardu armonim oshgandan oshib ketdi.
Bir kun xizmatdan qaytib, yotogʻimga kirib, oqshomgacha chiqmay qogʻoz muk tushganim esimda. Vaqt oʻtgani, tun kirganini sezmay qoldim. Xonam eshigi sekin ochilib, mehribon va munisginam, qaynonam kirganlarini sezmabman.
– Bolam, nima boʻldi, dam olyapsiz deb kirmadim, – deb chiroqni yoqdilar.
– Turing, ovqatlanishga chiqing bolalar kutib qoldi, – dedilar.
– Xoʻp, ayajon, – deb qalamimni qogʻozni ustiga tashlab, kiyimimni ham alishtirmay bolalarim oldiga chiqdim. Soʻng... yana qogʻozga muk tushdim. Qaygʻudan muzlab qolgan yurak va tuygʻular savalayotganini hozir ham tomir-tomirimdan his qilyapman...
Tashqarida tong otyapti... Yana mehribonginam, gʻariblikdagi habibim qaynonam kirdilar:
– Bolam, tun boʻyi oʻtirib yozdingiz. Endi ishga qanday borasiz? Bunday qilmang, yuring, nonushta tayyor...
Shu tunda “Bahor keldi seni soʻroqlab” degan sheʼr yozilgan edi...”.
Zulfiya opa Hamid Olimjonsiz 50 bahorni qarshilagan boʻlsa-da, har doim “Qalaming qoʻlimda, sozing qalbimda” deya qalbida hijroni, qoʻlida sozi bilan hayotni kuyladi. Yurakdagi hasratlarini ushbu misralarga toʻkib, bahra oldi:
Ikki koʻzim ikki qorachigʻ –
Munisim Hulkarim, alpim Omonim.
Shirin nabiralar hayotdan tortigʻ,
Har birin joniga payvanddir jonim.
Shoiraning oʻrta maktab darsligiga kirgan “Oʻgʻlim, sira boʻlmaydi urush” sheʼri ham onalik baxti, mehri, tilagi bilan yozilgan. Oʻsha yillari Ikkinchi jahon urushi tahlikasi shoira ijodiga taʼsir oʻtkazgan. “Mening oʻgʻlim hayotga kerak”, degan bitiklari bugun ham barchamizga osuda zamonamizning qadriga yetishga undaydi. Har aytgan soʻzi qalbda ezgulik, haqiqat, timsoli boʻlib muhrlanadi. Zulfiya opaning sheʼriyat osmonida keng qanot yozishida nafaqat Hamid Olimjon, balki Oybek domlaning ham beqiyos oʻrni bor. “Quyoshga qalam” dostonini Oybek domlaga bagʻishlagani bejiz emas.
Yoʻl demak, oʻtilgan bir umr demak,
Hech biri muqimmas tuproq singari.
Lekin zamon oʻta borligʻi hikmat,
Biz-la kelayotgan kimlar yoʻllari...
Zulfiyaxonim bosib oʻtgan yoʻl – shodlik, baxt va yoʻqotishlar, doʻstlar, ustoz-shogirdlar, qilingan ishlar va amalga oshmagan rejalar, safar taassurotlari bilan boy koʻngil yoʻli boʻldi. U turmushning mashaqqatli va zalvorli yoʻllarini kechib, oʻrik gullari, koʻklam chechaklarining nafosati, goʻzalligidan ilhom olib, barchasini sheʼrga soldi. Shuning uchun ham sheʼrlari qalbimizda hanuzgacha jaranglaydi, shogirdlari opani har yili mehr bilan yodlaydi.
Adiba UMIROVA,
“Xalq coʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring