Bayramga munosib tuhfa

16:56 04 Dekabr 2023 Jamiyat
243 0

Davlatimiz rahbarining tegishli topshirigʻiga binoan joylarda “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” tamoyilini joriy etishga kirishilgan edi. Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda Toshkent viloyatining 5 ta tumanidagi eng chekka, ijtimoiy holati ogʻir mahallalar tanlab olindi.

Belgilangan vazifalar ijrosi uchun respublika byudjetidan 4 milliard soʻm, shuningdek, mahalliy byudjet hamda homiy tashkilotlar hisobidan ham yetarli darajada mablagʻ ajratildi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 31 yilligi shodiyonasi arafasida Toshkent viloyati Piskent tumanining eng chekka hududi — Suvti mahallasi hududida bir nechta ijtimoiy obyektlarning qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

...Bayram tadbiri erta tongdan “Sogʻlom hayot uchun” yugurish marafoni bilan boshlandi. Mahallaning kirish qismidan start olgan marafonda 300 dan ziyod yoshlar hamda mahalla ahliga harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari hamrohlik qildi.

Toʻyga toʻyona bilan, deganlaridek, shu kuni mahalla fuqarolar yigʻinining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu qishloq ahli uchun haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi. Idora oldiga soyabon oʻrnatildi, boʻsh yer maydoniga koʻchatlar qadaldi. Daraxtlar ostiga toʻqsonbosti ekinlari ekildi, hudud obodonlashtirildi. Loyiha qiymati 500 million soʻmdan ziyodni tashkil qiluvchi inshootda xodimlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, shuningdek, idoralararo maʼlumot almashishni osonlashtiradi.

Tadbir ishtirokchilarining keyingi manzili — yangidan barpo qilingan “Suvti” MFYdagi tibbiyot punkti boʻldi. Uzunligi 12 metr, eni 6 metrni tashkil qiluvchi inshoot yengil konstruksiyadan qurilgan boʻlib, unda aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish, kasalliklar profilaktikasi va davolash — birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Eʼtiborli jihati shundaki, binoning bir qismida moʻjazgina kutubxona tashkil qilingan hamda badiiy adabiyotlar bilan toʻldirilgan. Yoshlarning sevimli hududiga aylangan ziyo maskanida kitobxon oʻquvchilar mehmonlarga sheʼrlar oʻqidi, oʻzlarining iqtidorlarini namoyish qildi.

Bayram tadbiri “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallaning boʻsh yer maydoniga koʻchat ekish bilan davom etdi.

Qayd etish lozimki, mahallada “Obod xonadon” mezoni ostidagi tadbirlar doirasida ishchi guruhi 522 ta xonadonning har biriga kirib xatlovdan oʻtkazdi, oila xoʻjaliklarining turmush tarzi oʻrganildi. Ana shu hujjat asosida ehtiyojmand oilalarning uy-joylari taʼmirlandi, moddiy yordam koʻrsatildi. Barcha xonadonlarning sanitar-gigiyena holatini yaxshilash, tomorqalardan samarali foydalanish, uy-joy tutish, oila aʼzolarining yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.

Vazirlik va idoralar, viloyat hokimligi, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillaridan iborat mehmonlar obod xonadonlardagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, tandirda yopilgan non va koʻk chuchvaradan tanovul qildi, qishloq ahli bilan samimiy muloqot oʻtkazildi.

Olib borilgan targʻibot ishlari natijasida mahalladagi 250 dan ziyod oilalarning tomorqasiga toʻqsonbosti ekinlari qadaldi, tomorqa madaniyati yuksaltirildi, hokim yordamchilarining tavsiyasi asosida issiqxona qurish uchun imtiyozli kreditlar berildi.

Bu hali hammasi emas. Mahallada “Obod koʻcha” mezonini joriy qilish boʻyicha oʻydim-chuqur yoʻllar taʼmirlandi, ichki koʻchalar tekislandi, tutash maydonlar, boʻsh yerlar, xonadonlar oldiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 10 ming tupdan ziyod koʻchatlar ekildi. Jami 5 ta ichki koʻchaning qariyb 2 kilometri shagʻallashtirildi, 220 metri beton qilindi, 3,3 kilometr piyodalar yoʻlagi qurildi.

Shuningdek, elektr taʼminoti sifatini yaxshilash maqsadida 4 kilometr havo liniyasi yangilandi, 74 ta tungi yoritish moslamasi qoʻyildi. 368 ta eski simyogʻochlar temir beton ustunlariga almashtirildi. Bundan tashqari, qariyib 10 kilometr gaz tarmogʻi tartibga keltirildi, boʻyaldi, 700 metr ichimlik suvi quvuri tortilib, suv inshooti oʻrnatildi. Tinchlik hamda Mustaqillik koʻchalaridagi 2 ta koʻprik yangidan bunyod etildi. Asosiysi, qisqa muddat ichida roʻy bergan oʻzgarishlar aholini mamnun qildi.

Mahallada ishsizlikni qisqartirish maqsadida 44 nafar aholining bandligi taʼminlandi, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 220 million soʻm imiyozli kredit berildi.

Xullas, bugun mahalladagi har bir guzar, koʻcha, xonadonlar oldi milliy qadriyatlarimizga mos holda tartibga keltirildi, ariqlardan zilol suvlar oqayapti.

Bayram tadbirining badiiy qismi mahalla markazidagi ochiq maydonda oʻtkazildi. Qishloq ahli va mehmonlar bir joyda jam boʻldi. Unda qayd etilganidek, hududda bajarilgan bunyodkorlik ishlari davlatimizning aholi ijtimoiy himoyasiga qaratilgan eʼtibori namunasidir. Bunday xayrli tadbirlar har bir mahalla kesimida davom etishi koʻzda tutilgan boʻlib, asosiy maqsad — xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratib berish.

Dastlab tadbir doirasida eʼlon qilingan oʻndan ortiq tanlovlarning gʻolib va sovrindorlari munosib taqdirlandi. Shuningdek, hududdagi bunyodkorlik ishlarida faollik koʻrsatgan vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillari, saxovatpesha tadbirkorlarga koʻkrak nishonlari, esdalik sovgʻalari topshirildi. Bayram tadbirining badiiy qismida Vatanni, mehr-oqibat, muhabbat, insoniylikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi, barchaning koʻngliga bayramona kayfiyat ulashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?