Badiiyat olamiga sayohat

Boltaboy BEKMATOV
ARAFA
Bir tantana sodir boʻlajak,
Bir taraddud kezib yuribdi.
Miyigʻida kulimsiragan
Quyosh buni sezib yuribdi.
Novdalarning yuzida sepkil,
Daraxtlar ham bir taraddudda.
Sezilar bir ajib hayajon
Yoʻl chetida, kallakdor tutda.
Nami qochgan toʻnka ustida
Kukulashar bir juft kabutar.
Ana, hovuz ichra favvora
Hozir buyuk sirin fosh etar.
Kezar nedir qilib ovoza,
Tilsiz jarchi bahor yellari.
Sigʻmay ketdi qoʻlqopchalarga
Xonimlarning nozik qoʻllari.
Bir tantana sodir boʻlajak,
Bir taraddud kezib yuribdi.
Miyigʻida kulimsiragan
Quyosh buni sezib yuribdi.
Bek ALI
SEN GʻAMGA YOR EDING, MEN SARXUSH EDIM...
Sen gʻamga yor eding, men sarxush edim,
Shahar koʻchasiga oqshom quyulgan,
Porlay boshlagandi yulduzlar endi,
Daraxt novdasiga bahor qoʻl urgan,
Yer yuziga goʻyo Xudo bir chimdim
Bola javharidan ruhni yuqtirgan.
– Kim edi? – oʻtinib soʻrardim sendan.
– Shunday kunda sening ruhing choʻktirgan?..
Sen talqon yutganding, men sarxush edim,
Rangbarang yonardi koʻcha chirogʻi.
Soat oʻn ikkiga bong urib, endi
Soviy boshlagandi poytaxt tuprogʻi.
– Yur! – dedim. – Ketaylik! Yur! – dedim tagʻin,
Ado qilmasidan yuragingni gʻam.
Koʻrdingku, mehrga kelibdi qirgʻin,
Koʻrdingku, yer yuzi toʻla muttaham!
Bu yerlardan butkul ketaylik, jonim,
Hayot boʻlsa kerak axir oyda ham.
Bu cheksizlik axir Uning ayvoni,
Osmon bulut bilan topmagan barham.
Sen mazluma eding, men sarxush edim,
Koʻngilni qitiqlab oʻtardi havo.
Soʻzlasam junjikib ketardi etim,
Junjikib charchadim bu toshlar aro!
Ketaylik, yurgil, ey manglayi shoʻrish,
Yaqinroq boraylik, huv yulduzlarga.
Yerda bunyod boʻlib, oyda jon berish
Qismati bitilgan balki bizlarga!
Sen gʻamga yor eding, begʻam yor edim,
Ovulimni tashlab ketganman begʻam.
Asli javharimiz sazoyi qilib
Yaratilgan boʻlsa, bizlarga ne gʻam!
Masihulloh
QAQNUSLAR SAYRASA...
Qaqnuslar sayrasa,
tomogʻi qonar.
Olam ham yuz burar,
gullar ham tonar.
Nega biz uchrashsak
yanogʻing yonar?
Ey, mening habibim,
ey, mening jonim.
Ey, mening koʻzimga
sigʻmagan tomchi,
Dunyo hotam ekan,
koʻnglim tilamchi.
Men dedim, kulgingdan
kuladi bashar,
Kulgingni podshohlar
quldan talashar.
Meningchi, koʻksimda
iztirob yashar,
Ey, mening rafiqim,
ey, mening jonim.
Bormi, ayt, qarshingda
men kabi gʻarib,
Koʻz osting mashriq-u,
Koʻz usting magʻrib.
Izladim, topmadim
dardimga giyo(h),
Sehriyo degayman
yana Sehriyo!..
Sen Horut, men Morut,
boqmaysan qiyo,
Ey, mening nasibim,
ey, mening jonim.
Dunyoda jamiyki
unsur aldamchi,
Vujuding mulkimdir,
iffating soqchi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring