Badiiyat olami

Minhojiddin MIRZO
EY, DOʻST
Ketgan bahorlarning qaytishi tayin,
Yana boychechaklar urib chiqar nish.
Bahoriy sabzalar entikar mayin,
Koʻrpasin koʻtarib keta boshlar qish.
Kuzgi xazonlarning ostidan yana
Gullar jon kirganday tirilar guyo.
Ayozlar ustidan qilib tantana
Ariqlar labida sheʼr oʻqir hulvo.
Beruhday tuyulgan daraxt novdasi
Bodroqday gullarga toʻlar begumon.
Najotday taralar bulbullar sasi
Ammo qaytmas ortga, qaytmaydi zamon....
Mangulik qoshida bir zumlik choʻgʻmiz,
Jon ham muvaqqatdir, umr bir nafas.
Fasllar qaytsa-da, qaytmas lahzalar,
Bir kun bor ochilar ruh tutqun qafas.
Ey ona tabiat,
Ey qodir Xudo!
Asli tuproq erur, azal ismimiz.
Bir kuni dunyoga aytgancha vido,
Yana tuproq boʻlar shaksiz jismimiz.
Shundaykan, oyogʻing ostiga qara,
Bobolar kaftida turibmiz, ey doʻst.
Koʻkraging bunchalar kermagil, asli –
Ularga suyanib yuribmiz, ey dust!
SUV UZRA OY AKSLANAR
Sokin kecha, oydin tun,
Maysazorlar shitirlar,
Yurak toʻrdagi ohu,
Oʻzin urib pitirlar.
Chigirtkalar jim qolar,
Kelar qadam tovushi...
Farishtaday nozanin
Qoʻllarida kovushi...
Sabo yelar ohista –
Shivirlaydi xabarchi,
Qurbaqalar qurillar,
Tundagi beor jarchi.
Suv uzra oy akslanar,
Uxlamaydi baliqlar,
Visol suratin koʻrib,
Qiqirlaydi ariqlar...

Shahboz FAYZULLAYEV
* * *
Anor suyi oqar...
Ey ufqi bedor,
vo kashshof samo –
zangori sochlari kaftimda gʻijim,
Yo yashil, zulfizar, homilador togʻlar
Toʻlgʻonar –
Daryo tugʻiladi bu kecha.
Kimsan ey, ajnabiy kapalak,
Bu sarboz tomchilar kimning elchisi?
Yigʻlama
Yo yashil,
yo yashil,
vo qushnoch daraxt,
bagʻringni tildimi
Tangri qamchisi –
Olov tugʻiladi bu kecha!
Yo yashil!..
Bunchalar oʻynaydi gʻujgʻon,
Gullagan koʻksimda ari uyasi.
Mehvaring boshimda –
ey naqqosh osmon,
Agar yoʻnar boʻlsang
jismimdan hosil –
Bir kuyrak nay qolur,
Boshqa hech narsa!
Yo xudo.
Yo yashil..
Yo sabr – ul daraxt...

Iroda RAHMONALIYEVA
Agar nurman, agar oftob,
Va yo yogʻdu va yo mahtob,
Na boʻlsam ham manim yakto
Madorim boʻl...
Agar gulgun, agar durkun,
Va yo soʻlgʻin va yo surgun,
Na boʻlsam ham, sen ey koʻrkim,
Harorim boʻl...
Agar qushman, agar xushman,
Va yo oʻngman va yo tushman,
Na boʻlsam ham dilim xushlar
Qarorim boʻl...
Agar tergar, agar sergap,
Va yo koʻksing tilar mergan
Na boʻlsam ham faqat senga
Bororim boʻl...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring