Ayol – millat tarbiyachisi
Sun'iy intellekt
Ayolga ehtirom jamiyatda adolat ustuvorligi, oilada totuvlik, roʻzgʻorda saranjom-sarishtalik garovi. Shu bois keyingi yillarda qonunchiligimizda ham ayollarning bandligini taʼminlash, ularga nisbatan zoʻravonliklarning barcha koʻrinishlariga barham berishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu borada Navoiy viloyatida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq hamon baʼzi oilalarda ayollar zoʻravonlik va kamsitishlarga uchrab, moddiy va maishiy qiyinchiliklar, turmush oʻrtogʻining ichkilikka ruju qoʻyganidan aziyat chekmoqda.
— Besh-olti yil burun har yili viloyat boʻyicha 1000 nafarga yaqin ayollar maishiy zoʻravonliklardan jabr koʻrardi, — deydi Ayollarni reablitatsiya qilish va moslashtirish Navoiy viloyati hududiy markazi direktori Nargiza Ermamatova. — Bu raqam reallikda bundan ancha yuqori boʻlgan. Hamma ayollar ham uydagi gap koʻchaga chiqishini or bilib, tazyiqqa uchrayotganini ochiq aytolmagan.
Uzoqqa bormaylik, markazga chekka hududdan Karmanaga kelin boʻlib tushgan 4 nafar farzandi bor Mehriniso (ism oʻzgartirildi) onasi bilan kelib, turmush oʻrtogʻi tomonidan ruhiy zoʻravonlikka uchragani, 4 nafar bolasini olib qolib, qaynonasi va turmush oʻrtogʻi xiyonatda ayblab, uydan chiqarib yuborganini aytib murojaat qiladi.
— Ayolga psixologik yordam berilib, vaziyatni tinglaganimizda uning huquqlari yillar davomida toptalib kelingan. Uydan chiqishi, telefon ishlatishi, onasinikiga borishi, qarindoshlarining mehmonga kelishi qatʼiy man qilingan, — deydi N. Ermamatova. – Ushbu oilaga borib oʻrganilganida 4 nafar bola ham jisman sogʻlom boʻlishiga qaramasdan, zoʻravonlik oqibatida ruhan nogironga aylangan. Afsuski, bunga nafaqat bolalar ularning amakilari, amma-yu xolalari, qoʻni-qoʻshnilar ham oʻrgangan koʻrinadi, pichoq suyakka yetguncha sukut saqlashgan.
Zoʻravon er, uning ota-onasi qilmishlaridan pushaymon boʻlib kechirim soʻrashdi. Ular bundan keyin holat takrorlansa, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan joriy yilning 11-aprelida imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga koʻra jarima, hatto 12-yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Shu oʻrinda raqamlarga murojaat etsak, joriy yilning 14-noyabriga qadar Ayollarni reablitatsiya qilish va moslashtirish Navoiy viloyati hududiy boʻlimiga 5033 nafar ayol yordam soʻrab murojaat qilib, himoya orderlari olganini kuzatish mumkin. 2023-yilda bu raqam 1818 nafar, 2024-yilda esa 2406 nafarni tashkil etgani, xotin-qizlar oʻz huquqlarini anglab yetayotganligi ifodasimi yoki oilada tazyiq va zoʻravonliklar xuruji pasaymayotganligi koʻrsatkichimi?
- Mazkur koʻrsatkichlar eng avvalo ayollarimiz oʻz haq-huquqlarni anglab, ular taʼminlanishini talab etayotganini koʻrsatadi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Temur Baybikov. — Birgina joriy yilning soʻnggi uch oyida ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi targʻibot maqsadida 28 ta reportaj va videorolik tayyorlanib, ular asosan ijtimoiy tarmoqlarda hamda mahalliy televideniye kanallarida namoyish etildi. Bosma va elektron nashrlarda 12 ta maqola va material eʼlon qilinib, aholi orasida xabardorlik va gender zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik oshirildi.Oilada zoʻravonlikka uchragan ayollarga yordam koʻrsatilishi haqidagi roliklarni ijtimoiy tarmoqlar sahifasida ikki yil oldin koʻrgandim, — deydi Qiziltepadan Buxoroga kelin boʻlgan Sohiba Umarova (ismi sharifi oʻzgartirildi). – Avvaliga aktyorlar rol oʻynagan deb eʼtibor qaratmadim. Qolaversa, men ham murojaat etsam, oilam buzilib ketsa, toʻrt farzandim bilan qayerga boraman, deb chidadim.Oilaviy mojarolar tufayli ming bir mashaqqatni boshdan kechirgan ayol hushdan ketgan holda shifoxonaga keltiriladi. Buxorolik mutasaddilar Navoiy viloyatidagi zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi mutaxassislariga bogʻlanib, kuchli ruhiy zoʻriqishdagi ayol bilan bogʻliq vaziyatdan xabardor qiladi.– Bir haftada koʻzim tushgan ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida ayolning er, erning turmush oʻrtogʻi oldidagi huquq va majburiyatlarini bayon etilgan postlarni tahlil etdim, — deydi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Navoiy viloyat hududiy markazi psixologi Maʼmura Shukurova. —Albatta, ushbu sahifalarni oila boshligʻi ham uning bekasi ham oʻqiydi, kuzatadi. Demoqchimanki, jamiyatda hamon ayolni erga nisbatan hurmatda boʻlishdan koʻra tobe saqlash pozitsiyasi saqlanib qolmoqda. Yaqinda bir oilaviy mojaroni yechishga toʻgʻri keldi. Unda er oʻz turmush oʻrtogʻini hijobga kirishga majburlagani oqibatida oiladagi muhit buziladi. Er bilan suhbatlashganimizda u oilaviy tazyiq va zoʻravonliklarga amaldagi qonunchiligimizda jazo mavjudligini bilmasligi ayon boʻldi. Lekin qonunni bilmaslik, javobgarlikni istisno etmaydi.Bugun markazimizda ayolning murojaat etishga majbur etgan holatlarni barataraf etishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda, — davom etadi N. Ermamatova. — Ruhiy va huquqiy yordamdan tashqari markazda xotin qizlarga pazzandachilik, kompyuter savodxonligi, bolalar massaji, tikuvchilik sirlari oʻrgatilib, Bandlik boshqarmasi bilan hamkorlikda ularning bandligi, moddiy mustaqillikka erishishi taʼminlanmoqda. Tabiiyki, ushbu ayollar doimiy monitoring qilinib. ularning qayta zoʻravonlikka uchramasligi nazoratga olingan.
Chindanam ayol jamiyatimizning teng huquqli fuqarosi sanalsa-da, uzoq yillar davom etgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tufayli, baʼzan esa shunchaki loqaydlik sabab, hayotning barcha ogʻirliklarini nozik yelkasiga olib keldi. Farzand dunyoga keltirish, bola parvarishi, roʻzgʻorning kundalik tashvish va ehtiyojlari shundogʻam ularning imkoniyatlarini cheklab, bugun ayolning muammolariga peshvoz chiqmoqlikni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Bunga amin boʻlmoq uchun istalgan hududdagi sayyor qabullarning birida qatnashmoq kifoya. Qabul kutayotganlarning sakson foizga yaqinini ayollar tashkil etadi. Turmush oʻrtogʻining salomatligini tiklashga koʻmak, oʻgʻli yoki qizini ishga, bogʻchaga joylashtirish, oʻqishini koʻchirishga yordam, soʻrab yurganlarning ham aksariyati ayollar.
Xolbuki, mamlakatimiz rahbarining farmonida xotin-qizlar uchun 42 turdagi imtiyozlar belgilanib, har biri opa-singillarimiz hayotining farovonligi, oilada xotirjamlik, ertangi kunga mustahkam ishonchni taʼminlashga qaratilgan. Zero, ayolni eʼzozlash sharqona qadriyatlarimizning ulugʻlaridan biri. Bugun jamiyatda ayol ulugʻlanar ekan, u millatning maʼnaviy va madaniy darajasini ifoda etadi. Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, “Erkakni erkak, oilani oila qiladigan, umuman hayotimizga maʼno mazmun bagʻishlaydigan, bizni odamiylikka, mardlik va olijanob, haqiqiy inson boʻlishga chorlaydigan ayolning mehr-muhabbati va zahmatini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi”. Zero, har qanday jamiyatning farovonligi va maʼnaviy kamolotining asosiy mezoni avvalo oilaning ahilligi, undagi farzandlarning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishida namoyon boʻlib, uni oila bekalarisiz tasavvur etish mushkul.
Temur ESHBOYEV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring