Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

06:01 05 Aprel 2022 Hujjatlar
3081 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish sohasida keng qamrovli tashkiliy-amaliy ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, oʻlimga olib kelgan yoʻl-transport hodisalarining soni hali ham yuqori boʻlib, avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash tizimini tubdan isloh qilish zarurligini koʻrsatmoqda.

Jumladan, yoʻl infratuzilmasini harakat xavfsizligini taʼminlashning zamonaviy talablariga toʻliq muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi qoidabuzarliklarning barvaqt profilaktikasiga yoʻnaltirilgan samarali tizimni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, inson omilini istisno qiluvchi raqamli texnologiyalarni keng joriy etish talab etilmoqda.

2022-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston sharoitida avtomobil yoʻllarida inson hayoti va sogʻligʻini har qanday hodisalardan kafolatli himoya qilish maqsadida:

1. Quyidagilar mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning dolzarb yoʻnalishlari etib belgilansin:

avtomobil yoʻllari infratuzilmasini takomillashtirish va ularning sifatini yaxshilash, yoʻl harakati ishtirokchilarining “piyoda – jamoat transporti – velotransport – avtotransport” ustuvorligi asosida xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli shart-sharoitlar yaratish;

haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilgan holda, oʻquv jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish;

haydovchi va piyodalarning yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, har qanday qoidabuzarlik uchun jazo muqarrarligini taʼminlash;

yoʻl harakati qoidalari asoslarini bolalikdan singdirishni yoʻlga qoʻyish, ushbu amaliyotni maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim maktablarida joriy etish;

yoʻl harakatini tashkil etishni toʻliq raqamlashtirish, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda, yangi boshqaruv va nazorat tizimlarini tatbiq qilish.

2. Yoʻl harakati qoidalariga soʻzsiz rioya qilinishini taʼminlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida 2022-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi tartibni nazarda tutuvchi haydovchilarga yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilsin:

har bir yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;

hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi maʼlum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan oʻrnatilgan tartibda mahrum qilinadi;

muayyan davr mobaynida yoʻl harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi.

Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov), Adliya vazirligi (R.Q.Davletov) bir oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, haydovchilarga yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini kiritsin.

3. Haydovchilarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi barcha taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda – avtomaktablar) va imtihon markazlariga faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi;

avtomaktablarning innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, ularning oʻqituvchi, haydovchi-yoʻriqchi va murabbiylarini shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ichki ishlar vazirligi (A.I.Ikramov, B.T.Abdullayev):

bir oy muddatda avtomaktablar va imtihon markazlariga qoʻyiladigan talab va mezonlarni qayta koʻrib chiqib, ularning oʻquv faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan qatʼiy choralarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin;

ikki oy muddatda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida avtomaktablarning oʻqituvchi, haydovchi-yoʻriqchi va murabbiylarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq barcha zarur oʻquv-uslubiy va moddiy-texnik bazani yaratsin.

Ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov zimmasiga avtomaktablar va imtihon markazlari faoliyati boʻyicha yangi joriy etilayotgan tizimni samarali yoʻlga qoʻyish hamda haydovchilarni sifatli tayyorlashni tashkil etish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.

4. Belgilansinki:

a) Nukus va Toshkent shaharlari, viloyatlar markazlarida chorrahalarni toʻliq raqamli boshqaruv tizimiga oʻtkazish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklanadi;

b) Nukus va Toshkent shaharlari, viloyatlar, tuman (shahar)lar markazlarida yoʻl belgilari, koʻrsatkichlari va svetoforlarni oʻrnatish, yoʻl chiziqlarini chizish, piyodalar oʻtish joylarini belgilash orqali yoʻl harakati vositalarini tartibga solishga ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda – yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari) masʼul hisoblanadi;

v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov), Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) bilan birgalikda ikki oy muddatda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida investorlarni jalb qilgan holda, chorrahalarda raqamli boshqaruv tizimini quyidagi davrlarda joriy qilish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni belgilaydi:

2023-yil yakuniga qadar poytaxtning barcha chorrahalarida, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarining yirik asosiy serqatnov chorrahalarida;

2024-yil yakuniga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarining barcha chorrahalarida;

g) tuman (shahar) hokimliklariga oʻz hududlaridagi avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish huquqi beriladi. Mazkur dasturiy-texnik vositalar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima summasining 30 foizi bevosita tuman (shahar) mahalliy byudjetiga yoʻnaltiriladi hamda ushbu mablagʻlar yoʻl harakatini raqamlashtirish, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, yoʻl-patrul xizmati xodimlarining qoʻshimcha shtatlarini kiritishga sarflanadi.

Ichki ishlar vazirligi (B.T.Abdullayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda transport va piyodalar oqimi, piyodalar bilan bogʻliq sodir etilgan yoʻl-transport hodisalarining tahlili asosida tumanlar va shaharlardagi aholi gavjum hududlarda piyodalar oʻtish joylariga piyodalar boshqaradigan svetoforlarni 2023-yil yakuniga qadar oʻrnatilishini nazarda tutuvchi manzilli dasturni tasdiqlasin va ijrosini toʻliq taʼminlasin.

5. Ichki ishlar vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining maxsus ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalari hamda Toshkent shahar hokimligining Yoʻl harakatini tashkil etish markazini (keyingi oʻrinlarda – ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalari) ikki oy muddatda tegishincha hududiy ichki ishlar organlarining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari huzuriga oʻtkazish;

ichki ishlar vaziriga yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalariga byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan malakali xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida shartnoma asosida jalb qilish huquqini berish;

“Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasida yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va ushbu sohada raqobat muhitini shakllantirish;

Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tuzilmasida Yoʻl infratuzilmasini nazorat qilish boshqarmasini, hududiy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari tuzilmalarida yoʻl infratuzilmasini nazorat qilish boʻlimlarini ichki ishlar organlarining cheklangan shtat birliklari hisobidan tashkil etish.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalarini yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari huzuriga oʻtkazishda:

ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalarining bino va inshootlarini, ularning yondosh hududlari, moddiy-texnika bazasini, shu jumladan, yangi zamonaviy maxsus texnika bilan taʼminlagan holda topshirish choralarini koʻrsin;

ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalarining mavjud kreditor va debitor qarzlari toʻlanishini, maʼnan eskirgan va yaroqsiz holga kelgan moddiy-texnika vositalari hisobdan chiqarilishini taʼminlasin.

Ichki ishlar vazirligi (B.T.Abdullayev):

ikki oy muddatda ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalarining faoliyatini tartibga soluvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalari tegishli bino va inshootlari, ularning yondosh hududlari, zarur moddiy-texnika bazasi bilan taʼminlangan holda qabul qilinishini tashkil etsin;

uch oy muddatda ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalarining faoliyatini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarini toʻliq oʻrnatish va ularning doimiy ishlashini taʼminlash boʻyicha yangicha ish usullarini joriy etsin.

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir oy muddatda:

Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalari boshliqlari va ularning bir nafar oʻrinbosari lavozimlari ushbu boʻlinmalarning mavjud shtat birliklari hisobidan ofitserlik tarkibidagi xodim lavozimlariga oʻzgartirilishini taʼminlasin;

ushbu qarorga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari hamda Ichki ishlar vazirligining xarajatlar smetalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.

7. 2022-yil 5-apreldan boshlab Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

1-ilovaga muvofiq miqdorlarda yoʻl harakatini tashkil etish sohasida undiriladigan jarima, olinadigan yigʻim va toʻlovlar;

ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalari uchun har yili byudjet parametrlarida dasturlar asosida alohida tadbirlar uchun koʻzda tutiladigan mablagʻlar;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga depozit hisobraqamlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratiladigan grantlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya tarzidagi mablagʻlari;

xalqaro moliyaviy institutlar va banklar tomonidan ajratiladigan kreditlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari faqat quyidagilar uchun maqsadli sarflanadi:

yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalari, ularning ehtiyot qismlari, oʻrnatish uchun belgilangan konstruksiya va qurilish materiallari hamda maxsus boʻyoqlarini xarid qilish;

shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarida yoʻl chiziqlarini chizish, yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarini oʻrnatish, almashtirish, saqlash, demontaj qilish va ularga texnik xizmat koʻrsatishni moliyalashtirish;

ekspluatatsiya-montaj boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, zamonaviy maxsus texnika vositalari bilan taʼminlash, ularga ish hajmidan kelib chiqqan holda maʼlum muddatga qoʻshimcha shtatlar kiritish, shartnomalar asosida mutaxassislarni jalb qilish, ularning xodimlari, ishchi va xizmatchilari uchun har oylik va bir martalik ragʻbatlantirish tizimini joriy etish;

yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishidagi loyihalarni moliyalashtirish;

maktabgacha taʼlim hamda xalq taʼlimi vazirliklariga qarashli maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarida yoʻl harakati qoidalari boʻyicha boshlangʻich bilimlarni shakllantirishga qaratilgan moddiy-texnik va oʻquv bazasini yaratish, shuningdek, mahallalarda bolalarga yoʻl harakati qoidalarini amaliy oʻrgatish maydonchalariga yoʻl belgilarini oʻrnatish va yoʻl chiziqlarini chizish chora-tadbirlarini moliyalashtirish.

8. Avtomobil yoʻllarida harakatni tashkil etish, boshqarish va xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi va uning hududiy maxsus komissiyalari (keyingi oʻrinlarda – maxsus komissiyalar) 2 va 3-ilovalarga muvofiq tuzilsin.

Maxsus komissiyalar zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatilsin:

yoʻl harakati xavfsizligi sohasida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini ishonchli himoya qilish, yoʻl infratuzilmasining xavfsizlik talablariga toʻliq javob berishini taʼminlash;

hududlarda yoʻl harakatini samarali tashkil etish holatini muntazam ravishda baholab borish, ushbu sohada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning samarali faoliyat koʻrsatishini nazorat qilish;

yoʻl-transport hodisalari sabablarini chuqur oʻrganish, yoʻllarning xavfli avariya uchastkalari roʻyxatini tasdiqlash orqali kelgusida ularning oldini olish yuzasidan ilmiy asoslantirilgan takliflar tayyorlash tizimini yaratish;

yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, inson omili va korrupsiya holatlarini istisno etuvchi avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini ommalashtirishga doir tadbirlarni belgilash;

hududlarda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, yoʻl-transport hodisalarining sonini qisqartirish boʻyicha dasturlar loyihalari ishlab chiqilishini tashkillashtirish va kelishish.

Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika maxsus komissiyasi (A.N.Aripov):

bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari raisligida hududiy maxsus komissiyalarning namunaviy nizomini tasdiqlasin;

har chorakda davlat organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni, mavjud kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib borsin va tegishli choralar koʻrilishini taʼminlasin;

har yili mahalliy hokimliklarning oʻz hududlarida avtomobil yoʻllari infratuzilmasini takomillashtirish va yoʻl-transport hodisalarini keskin kamaytirish boʻyicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi manzilli chora-tadbirlarini oʻz ichiga olgan “yoʻl xarita”larini tasdiqlab, ularning ijrosi ustidan qatʼiy nazorat olib borsin.

9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari maxsus komissiyalarning ishchi organi hisoblanadi;

ishchi organlar muntazam ravishda tegishli davlat organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarini tahlil qilib boradi va maxsus komissiyalarning yigʻilishlarida muhokama qilish uchun hujjatlarni tayyorlaydi;

hududiy maxsus komissiyalar har oyda yoʻllarning holati va mavjud infratuzilma, avariya oʻchoqlari, qoidabuzarliklarning tahlilidan kelib chiqib, harakat xavfsizligi, transport va yoʻl sohalariga masʼul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy oʻrganadi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga muhokama qilish uchun kiritadi va natijalari boʻyicha respublika maxsus komissiyasiga hisobot taqdim etadi.

10. Hududlarda yoʻl harakatini samarali tashkil etish holatini baholash va bu borada mahalliy hokimiyat organlarining masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida 2022-yil 1-iyuldan boshlab, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Xavfsiz yoʻl” indeksi (keyingi oʻrinlarda – indeks)ni yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Belgilansinki:

indeks doirasida yoʻl infratuzilmasi va yoʻl harakati qoidalariga rioya qilinishining holati maxsus komissiyalar tomonidan 5-ilovaga muvofiq 29 ta indikator boʻyicha har chorak yakunida baholab boriladi;

tuman (shahar)lar indeks koʻrsatkichlari asosida yoʻllarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati boʻyicha “yashil», “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;

indeksni yuritish vazifasi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari zimmasiga yuklanadi.

Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) ikki oy muddatda yetakchi ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda, indeksni yuritish metodologiyasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.

11. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) yoʻl harakati xavfsizligini ishonchli taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish maqsadida “Umr tezlikdan muhimdir” va “Xavfsizlik kamari – hayot garovi” shiorlari ostida kompleks targʻibot va tashviqot ishlarini tashkil etsin;

b) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, oʻquvchilar orasida yoʻl harakati qoidalari targʻibotini kuchaytirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasini kiritsin:

Yoʻl harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab oʻquvchilariga yoʻllarda, chorrahalarda va piyodalar oʻtish joylarida harakatlanish asoslarini amaliy-koʻrgazmali tarzda oʻrgatish, ularning ongiga bolaligidan boshlab yoʻl harakati intizomini singdirish;

maktablarda “Harakat xavfsizligi sinfxonalari«ni, mahallalarda “Yoʻl harakatini oʻrgatish maydonchalari«ni tashkil etish;

v) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi B.D.Islamov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                           Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2022-yil 4-aprel

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?