Avstriyadan Chiliga qadar: Toshkent viloyatida yetishtirilayotgan yuz turga yaqin mahsulotlar dunyo bozorini zabt etmoqda
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Astrum” IT akademiyasi majmuasida OʻzLiDePdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvida hududning eksport salohiyati cheksizligi, ayniqsa, xorijda Parkent uzumi dovrugʻi yildan-yilga oshib borayotgani taʼkidlab oʻtildi. Bu eʼtirof bejiz emas, albatta. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Toshkent viloyatida yetishtirilayotgan 97 turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Avstriya, Makedoniya, Serbiya, Chili kabi xorijiy davlatlar bozorini zabt etmoqda. Viloyat mirishkorlari mahsulot eksport qilayotgan davlatlar soni 38 taga yetdi.
Joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida Toshkent viloyatidagi jami 109,2 mln. AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqarilgan. Birgina Rossiya ushbu viloyatdan 44,1 mln AQSH dollariga teng 78 turdagi meva-sabzavotlarni xarid qilmoqda. Bundan tashqari Qozogʻiston va Xitoy ham xaridorlar roʻyxatining avvalida turibdi.
Xorij bozorlariga eksport qilinayotgan sarhil mevalar ichida gilos hajmi yildan-yilga oshib boryapti. Bugungacha yettita davlatga 11,6 mln. AQSH dollari miqdorida gilos sotilgani buning isboti. Shuningdek, joriy yilda xorijga eksport qilingan 16,2 ming tonna uzum hosilining teng yarmi Parkent tumanida yetishtirilgan. Saraton oftobi tigʻida pishib quritilgan meva-sabzavotlarning ham bozori chaqqon. Masalan, AQSHga 1 mln. dollar miqdorida 317 tonna quritilgan poliz va sabzavot mahsulotlari yetkazib berildi. Mutaxassislarning fikricha, agar yutuqlar shu zaylda davom etsa, Toshkent viloyati iqtisodiyoti yuksalish surʼatida peshqadamlar safida boʻlmogʻi tayin.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring