Atoqli qoraqalpoq shoiri haqida film suratga olinmoqda

Mamlakatimizda buyuk va shonli yoʻlni bosib oʻtgan ajdodlarimiz, ayniqsa, oʻzining boy ijodiy merosi va hayoti bilan xalqimiz qalbiga jo boʻlgan ziyoparvarlar xotirasiga ehtirom koʻrsatish, ular qoldirgan xazinani oʻrganish hamda targʻib qilishga eʼtibor kuchaygani bor gap.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-iyulda qabul qilingan “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligini keng tarzda nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida ham ana shu ezgu maqsad yoʻlidagi muhim vazifalar belgilangan, desak, mubolagʻa emas. Qayd etish joizki, unda bir qator tashabbuslar bilan birga davlat buyurtmasi asosida shoir hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi “Ajiniyoz” tarixiy, badiiy-publitsistik filmini yaratish ham koʻzda tutilgan edi.
Shu munosabat bilan kuni kecha “Qoraqalpoqfilm” ijodkorlari tomonidan Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining talabalik davri oʻtgan tarixiy manzil — Xiva shahrida tasvirga olish jarayonlari boshlandi. Maʼlumki, turkman shoiri Maxtumquli, qozoq mutafakkiri Beket ota va boshqa ulugʻlar singari Ajiniyoz ham Ichan qalʼadagi Shergʻozixon madrasasida tahsil olgan.
— Taniqli adib Muratboy Nizanov ssenariysi asosida tasvirga olinayotgan ushbu filmdagi shoir siymosi isteʼdodli aktyorlar Armon Barakov va Koʻpyursin Allanazarovlar tomonidan gavdalantirilmoqda, — deydi film bosh rejissyori Qudrat Otajonov. — Biz tasvir jarayonlarini amalga oshirayotgan manzildagi Shergʻozixon madrasasi, Jomye masjidi va boshqa tarixiy obidalar koʻrinishlari hech shubhasiz, film mazmun-mohiyatini batafsil va jozibador tarzda ochib berishga xizmat qiladi.
Mazkur jarayonlarda kinoijodkorlarga Ichan qalʼa davlat muzey-qoʻriqxonasi, Xorazm viloyat qoʻgʻirchoq teatri, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Xorazm filiali jamoalari ham yaqindan koʻmak berishmoqda.
Otabek ISMOILOV,
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring