“Askarlar professional harbiylarnikidek maosh oladi”: Germaniyada harbiy xizmatga chaqiruvning yangi qonun loyihasi taqdim qilindi

16:51 13 Noyabr 2025 Dunyo
232 0

Germaniyada muddatli harbiy xizmatga chaqiruvning yangi qonun loyihasi taqdim qilindi. Bu haqida BILD nashri maʼlum qildi.

Bildirilishicha, mazkur qonun loyihasiga koʻra, 18 yoshga toʻlgan, shu jumladan harbiy xizmatni oʻtashni istagan ayollar ham muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.

Taʼkidlanishicha, ushbu qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan asosiy jihat 2008-yilda tugʻilgan yigitlarni harbiy xizmatga chaqirish masalasi boʻladi.

Voyaga yetgan har bir yigit uchun majburiy tibbiy koʻrik joriy etiladi. Shuningdek, 18 yoshga toʻlgan yigitlar oʻrtasida harbiy xizmatga borishni xohlashi yoki yoʻqligi toʻgʻrisida soʻrovnoma oʻtkaziladi. Mazkur soʻrovnoma ayollar oʻrtasida ham tashkil qilinadi.

Maʼlum qilinishicha, yuqoridagi islohotlar ham mamlakat qurolli kuchlari harbiy ehtiyojini qondira olmasa, Bundesver qurʼa tashlash yoʻli orqali fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish tizimini yoʻlga qoʻyadi. Maʼlumot uchun, Germaniyada harbiy xizmat muddati olti oyni tashkil qilib, shundan uch oyi asosiy tayyorgarlikka sarflanadi.

Bundan tashqari, mamlakat parlamenti mudofaa vaziri Boris Pistoriusdan armiyadagi harbiylar sonining oʻsib borishi boʻyicha aniq reja taqdim etishi hamda har olti oyda erishilgan yutuqlar haqida hisobot berib borishini talab qilgan.

Yangilanayotgan harbiy xizmatga chaqiruv qonunida Germaniyadagi faol harbiy xizmatchilar soni 260 ming nafarni, rezervdagilar soni esa 200 ming nafarga yetishi kerakligi belgilab oʻtilgan. Shuningdek, yoshlarni harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishini uygʻotish hamda koʻngillilarni jalb qilish maqsadida hukumat oyiga taxminan 2 ming 600 yevrogacha xarajat qilishga tayyor. Taʼkidlanishicha, 12 oydan ortiq muddatga shartnoma imzolaganlar “muddatli askar” maqomini oladilar va ularga professional harbiylarniki kabi maosh toʻlanadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Germaniya hukumati avgust oyidan beri harbiy xizmat uchun yangi chaqiruv tizimi modelini muhokama qilib kelayotgani, Bundesverda hozirda taxminan 182 ming faol harbiy xizmatchi borligi, ammo NATO majburiyatlarini bajarish uchun ularning soni taxminan 260 mingtaga yetishi kerakligi haqida xabar bergan edik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?