Arzonlashtirilgan Yangi yil bayrami savdo yarmarkalari tashkil etildi

12:00 27 Dekabr 2024 Jamiyat
151 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Jizzax markazidagi “Eski shahar” MCHJ, “Markaziy dehqon bozori” AJ hamda oʻndan ortiq tuman markazlaridagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan Yangi yil bayrami savdo yarmarkalari 15-dekabrdan faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Savdo yarmarkalariga 30 dan ortiq fermer va dehqon xoʻjaligi, 100 dan ortiq ulgurji savdo va ishlab chiqarish korxonalari biriktirilib, ularga 188 ta savdo rastasi ajratilgan.

Jizzax shahridagi “Markaziy dehqon bozori” hududida aholiga qulay joyda 50 ta savdo rastasi tashkil etilgan. Zamonaviy koʻrinishda jihozlangan. Bayramona shiorlar bilan bezatilgan. Ushbu yarmarkaga Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanidan mahsulot yetishtiruvchi dehqon va fermer xoʻjaliklari, ishlab chiqaruvchi korxonalarning arzon va sifatli mahsulotlari olib kelib sotilmoqda. Mazkur bozor hududida 1378 ta savdo rastasi, 96 ta turgʻun savdo doʻkoni, 6 ta savdo pavilyoni mavjud.

— Yangi yil bayram dasturxoni uchun kilosini 65 ming soʻmdan 2 kilogramm mol goʻshti sotib oldim, — deydi Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi Qunduzoy Hamrayeva. — Bu narx boshqa xaridorlarni ham qanoatlantirishiga ishonchim komil.

— Aholining qishloq xoʻjalik mahsulotlariga talabi yuqori. Qish-bahor mavsumida mahsulotlarning narxi asossiz oshib ketishini oldini olish maqsadida jami, 1380 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, shundan 500 tonna guruch, 100 tonna kartoshka, 305 tonna piyoz, 575 tonna sabzi mahsulotini zaxiraga gʻamlab qoʻyganmiz, — deydi Jizzax shahar “Markaziy dehqon bozori” AJ boshqaruv raisining oʻrinbosari Jamshid Hasanboyev. — Ushbu mahsulotlarning asosiy qismi omborxonalarga joylashtirilgan. Bosqichma-bosqich bozorga sotish uchun chiqarilishi koʻzda tutilgan.

— Yangi yil bayrami yarmarkasiga ishlab chiqaruvchi, mahsulot yetishtiruvchi, import qiluvchi va ulgurji savdo korxonalarini jalb etgan holda “birinchi qoʻl” tamoyili asosida mahsulotlar realizatsiya qilindi. Aholiga bozor narxiga nisbatan 10-15 foiz arzon narxlarda sotilishi yoʻlga qoʻyildi, — deydi Departamentining Jizzax shahar boʻlimi tezkor vakili Anvarjon Anvarov. — Viloyatimizning shahar va tumanlaridagi arzonlashtirilgan yarmarkalar masʼullar tomonidan nazoratga olinib, belgilangan maxsus joylarda mahsulotlar savdosi va taʼminoti doimiy eʼtiborda. Sotuvchilar tosh-tarozi, terminallar, maxsus kiyimlar bilan taʼminlangan.

Bayram kunlari jamoat xavfsizligini, aholining erkin harakatlanishini va xalqqa sifatli mahsulotlar yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida bozor hududida vetsanekspertiza laboratoriyasi, ichki ishlar, milliy gvardiya, soliq, favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining masʼul xodimlari bozor xodimlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Jizzax viloyatining barcha hududlaridagi Yangi yil bayrami yarmarkalari 2025-yilning 15-yanvariga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?