Arzon issiqxonalardan eksportga mahsulot chiqarilmoqda

Peshku tumanidagi Abu Ali ibn Sino qishlogʻida 176 ta xonadon boʻlsa, shuning 170 tasida issiqxona borligiga qoyilmisiz? Bu aholining aksariyati tomorqasini gullatib qoʻyganidan dalolat beradi. Demak, kimdir pomidor, bodring, kimdir bulgʻor qalampiri, rezavor koʻkatlar, yana kimdir limon yetishtirish bilan band. Bu goʻshada ish izlab, olis va sovuq oʻlkalarga ketaman, deganni kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz.
—Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan Buxoro viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi loyihalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash borasidagi qoʻshimcha imkoniyatlar haqida alohida soʻz yuritildi,— deydi shu qishloqda yashovchi “Shuhrat” medali sohibi Nusrat Saidov. – Tumanimizda arzon issiqxonalar qurildi va eksportbop ekinlar yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Bu tajribani ommalashtirishga davlatimiz rahbari tomonidan eʼtibor qaratilayotgani bizni juda quvontirmoqda. Eʼtibor bering, “yerni ardoqlagan, undan oqilona foydalangan kishi hech qachon kam boʻlmaydi” degan tushunchani bugun har bir xonadon vakili yurakdan his qilmoqda.
Limonchilik bilan shugʻullanib elda obroʻ-eʼtibor topgan Nusrat aka haq. Mirishkor dehqon joriy yilda gumusli tuvakchalarda ertangi pomidor va oshqovoq koʻchatlari yetishtirishni yoʻlga qoʻydi. Uning fikricha, aholining ekin yerlaridan omilkorlik bilan foydalanish borasidagi bilimini oshirish orqali bozorni toʻkin qilish, koʻplab oilalarni kambagʻallikdan chiqarish mumkin.
—Viloyatimiz boʻyicha qoʻshimcha 5 ming xonadonda shunday issiqxonalar qurib berish vazifasi qoʻyilgani ayni muddao,— deydi yana bir suhbatdoshimiz, “Sadir” mahallasida yashovchi Jahongir Murodov.— Negaki, yerdan yiliga uch marta hosil olish afzalligini biz oʻz faoliyatimiz misolida koʻryapmiz. 2 sotix yerda barpo etilgan issiqxonamizdan yarim tonna kartoshka jamgʻardik. Endi esa pomidor bilan bodring yetishtiryapmiz. Yoʻlini topganga yerning turgan bitgani xazina.
Diqqatga molik jihati shundaki, peshkulik mirishkorlar tomonidan mavsumiy yumushlarga aholi nisbatan tigʻiz yashovchi qoʻshni tumanlardan ishchi kuchini jalb qilinyapti. Bu yerda pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, sabzi, kartoshka, limon, apelsin, koʻkatlar, shuningdek, koʻchatchilik bilan shugʻullanishga ixtisoslashgan butun boshli oilalarni uchratish mumkin.
Darvoqe, davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda sanoat, turizm kabi katta yoʻnalishlar qatorida yangi bogʻ-rogʻlar barpo etish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shofirkon, Gʻijduvon, Peshku hamda Buxoro tumanlarida 10 ming gektar maydonda uzumzor, shuningdek, 5 ming gektar yerda oʻrik, gilos, anjir kabi eksportbop meva bogʻlarini barpo etish vazifasi qoʻyildi. Bu albatta, bozorlarimizni yanada toʻkin qilish, yangi ish oʻrinlari ochish, shuningdek, shirindan shakar mevalarni eksportga chiqarish koʻlamini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring