AQSHdan munosabat: Oksana Chusovitina — Olimpiya oʻyinlari afsonasi

18:33 26 Iyul 2021 Sport
963 0

AQSHning “The New York Times”, “New York Post”, “NBC New York”, “USA Today”, “The Los Angeles Daily News” singari yetakchi ommaviy axborot vositalarida Oksana Chusovitinaning Tokioda oʻtayotgan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi soʻnggi ishtiroki haqida qator maqolalar eʼlon qilindi.

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasiga koʻra, barcha nashrlar Oksana Chusovitinaning Olimpiya oʻyinlaridagi rekord natijaga, sakkizinchi ishtirokiga eʼtibor qaratgan. U 11 jahon chempionatida 17 ta medalni qoʻlga kiritgan, jahon chempionatlari va Olimpiya oʻyinlarida Oksana tomonidan birinchi marta bajarilgan mashqlar oʻzbekistonlik sportchi sharafiga qoʻyilgan.

Xususan, “The New York Times” gazetasida «46 yoshli Oksana Chusovitina soʻnggi Olimpiadadan bir olam quvonch oldi» sarlavhali maqola nashr etildi. Materialda «Chusovitina qariyb oʻttiz yil davomida oʻz sport turida yuqori natijalarni qayd etdi», deya taʼkidlanadi.

Muallif sportchimizning uzoq yillik jismoniy holatiga qoyil qolgan holda uni sakkizinchi Olimpiadani “Yoshlarga yoʻnaltirilgan sportdagi taʼsirchan seriya”, deya etirof etadi va “u uzoq umr koʻrish va mukammallikni oshirish imkoniyatlarini namoyish etdi”, deb qoʻshib qoʻydi. Maqolada Oksana Chusovitinaning shaxsiy va kasb faoliyati boʻyicha atroflicha maʼlumotlar oʻquvchilarning eʼtiboriga havola etilgan.

«Gimnastika maydonidagi hissiyotli lahzalar Chusovitina oʻz dasturini yakunlaganidan keyin sodir boʻldi, - deb yozadi nashr. – Albatta, sport arenasida muxlislar juda kam edi. Ammo shunday boʻlsada, zaldagi boshqa sportchilar va musobaqada qatnashish uchun kelgan gimnastika olami vakillari tomonidan unga yuksak hurmat koʻrsatildi. Ular gimnastika qirolichasi bilan birga selfiga tushish uchun navbatda turdi».

“New York Post” gazetasida «Oksana Chusovitinaning afsonaviy Olimpiya karyerasi 46 yoshda tugadi» sarlavhali maqola chop etildi. Maqolada Oksananing sportdagi faoliyati “Yorqin Olimpiya karyerasi” deya eʼtirof etildi. U Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston, Germaniya va sobiq ittifoq birlashgan jamoalari tarkibida ishtirok etgan.

“NBC New York” nashri ushbu mavzuda eʼlon qilgan materialda «Boʻsh arenada turib olqish oladigan gimnastikachilar sanoqli. Sakkiz karra Olimpiada ishtirokchisi Oksana Chusovitinaga sport gimnastikasi boʻyicha saralash musobaqasining toʻrtinchi boʻlimidagi sakrashidan keyin sportchilar va hakamlar tomonidan yuksak ehtirom koʻrsatildi», deya qayd etilgan.

«1975-yilda tugʻilgan faxriy gimnastikachi Tokio Olimpiadasida ishtirok etayotgan koʻplab gimnastikachilar tugʻilishidan oldin oʻz faoliyatini boshlagan. Oksana nafaqat uzoq umr koʻrish uchun, balki davomli muvaffaqiyati uchun ham sportda afsonadir», deb yozadi “NBC New York”.

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasidan xabar berishlaricha, koʻplab amerikalik sportchilar Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi vakili sharafiga bildirilgan eng iliq soʻz va tilaklarni millionlab obunachilarga ega ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ham joylashtirmoqda

Masalan, AQSH vakili, uch karra Olimpiada chempioni Aleksandr Raysman “Twitter”dagi sahifasida Oksana Chusovitina 1992-yildagi yozgi Olimpiya oʻyinlarida, Aleksandra Raysman tugʻilishidan ikki yil oldin sakrashni amalga oshirgan videoni eʼlon qildi va Oksana Chusovitinani “abadiy afsonaviy sportchi”, deya taʼrifladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?