AQSH Kongressining Vakillar palatasi Ukrainaga qariyb 61 milliard dollarlik qoʻshimcha yordam toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qildi
Foto: AP
AQSH Kongressi Vakillar palatasi shanba kuni boʻlib oʻtgan rejadan tashqari yigʻilishda Ukrainaga qariyb 61 milliard dollarlik qoʻshimcha yordam toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qildi.
Tashabbusni 311 kongressmen qoʻllab-quvvatladi, yana 112 nafari bunga qarshi chiqdi. Endi hujjat koʻrib chiqish uchun Senatga yuboriladi.
Shanba kuni ertalab Vakillar palatasi Kiyev foydasiga Rossiya aktivlarini musodara qilish haqidagi qonun loyihasini maʼqullagan edi. Bu mablagʻlarni muzlatishga taqiq qoʻyish, ulardan Ukrainaga tovon toʻlash va mamlakatni qayta qurish uchun foydalanish vakolatlarini oʻz ichiga oladi.
Oʻtgan yilning dekabr oyida AQSH rasmiylari muntazam ravishda Ukrainani qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻni tugatganliklarini va Kongress yangi mablagʻlarni tasdiqlamaguncha, ular qurol va oʻq-dorilarni yetkazib bera olmasligini taʼkidlab kelayotgandi.
Oʻtgan chorshanba kuni Respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi Oq uyning umumiy 95 milliard dollarlik soʻrovini tasdiqlashda Senatga ergashish oʻrniga, Isroil, Ukraina va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilarga yordam berish uchun uchta alohida qonun loyihasini eʼlon qildi.
Kiyevga ajratilgan 60,84 milliard dollarning 23,2 milliardi berilgan harbiy texnika va mudofaa xizmatlarini toʻldirishga yoʻnaltirilishi taklif qilinmoqda. Yana 13,8 milliardi Ukraina uchun qurol va mudofaa xizmatlarini sotib olishga sarflanadi. 11,3 milliard dollar esa «AQSHning mintaqada davom etayotgan harbiy amaliyotlarini» qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan.
Bundan tashqari, mamlakat prezidenti Jo Bayden qonun kuchga kirgan kundan boshlab 60 kun ichida Ukraina bilan oʻzining iqtisodiy yordamini qoplash boʻyicha kelishib olishi shart.
Shu bilan birga, ayrim respublikachi kongressmenlar Kiyevni qoʻllab-quvvatlashga qarshi. Ular Vladimir Zelenskiy rejimini korrupsiyada va nodemokratik xatti-harakatlarda ayblashmoqda. Shuningdek, Rossiya bilan keng koʻlamli urushdan qoʻrqishmoqda. Ular Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson demokratlarga yon bersa, uni lavozimidan chetlatishni boshlash bilan tahdid qilmoqdalar.
Bayden, oʻz navbatida, Kongressda muhokama qilinayotgan qonun loyihalarini qoʻllab-quvvatlashini va ularni imzolashga tayyorligini bildirdi. Oq uy Amerikaning Ukrainaga yordami shundan soʻng darhol qayta tiklanishiga vaʼda berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring