Anqarada Muhammad al-Xorazmiy sharafiga yodgorlik oʻrnatildi
Kecha mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi tashabbusi bilan Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti – TURKSOY hamda Anqara shahar munitsipaliteti bilan birgalikda “Xiva - turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” xalqaro dasturi doirasida Turkiya poytaxtida Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Tantanali ochilish marosimida Turkiyada amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermonov, mamlakatimiz elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOY bosh kotibi oʻrinbosari Bilol Chaqichi, Turkiya Buyuk Millat majlisidagi «Turkiya-Oʻzbekiston» parlamentlararo doʻstlik guruhi raisi Osman Mesten, Anqara shahar Kechioʻren munitsipaliteti hokimi Turgʻut Oltinoʻq, Anqara gubernatorligining Kechioʻrendagi vakili Urgut Bulut, shuningdek, mamlakat ilm-fan va madaniyat doiralari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Al-Xorazmiy yodgorligining Anqara shahrida oʻrnatilishi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida TURKSOY tomonidan eʼlon qilingan “Xiva – turkiy dunyoning madaniy poytaxti” xalqaro dasturi doirasida amalga oshirildi.
Tadbirda Oʻzbekiston elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev Muhammad Muso Al-Xorazmiy insoniyat tarixi va tamaddunida alohida oʻrin tutgan buyuk shaxslardan biri ekanini taʼkidladi. Xorazmiy merosi Oʻzbekistonning, turkiy dunyoning bashariyat tarixida muhim oʻrin tutganini namoyish qilib turadi. Ushbu haykalning “Xiva – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” xalqaro dasturi doirasida Anqarada ochilishi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xorazmiy algebra fanining asoschisi hisoblanadi. “Algebra” soʻzi uning «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala» nomli risolasidan olingan. Uning arifmetikaga oid risolasi hind raqamlariga asoslangan boʻlib, hozirgi kunda biz foydalanadigan oʻnlik pozitsion hisoblash tizimi va mazkur tizimdagi amallarning xalqaro koʻlamda tarqalishiga sabab boʻldi. Olimning “al-Xorazmiy” nomi esa “algoritm” shaklida fanda abadiy oʻrnashib qoldi. Uning geografiyaga doir asari esa dunyoda shu yoʻnalishda oʻnlab kitoblarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning “Zij”i Gʻarb va Sharq mamlakatlarida astronomiyaning rivojlanish yoʻlini koʻrsatib berdi
Al-Xorazmiy sharafiga Turkiya poytaxtida yodgorlik oʻrnatilishida ramziy maʼno bor. Chunki shahar qadimdan Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani tufayli bu yerda ilm-fan va madaniyat asrlar davomida rivojlanib kelgan.
Yodgorlik Anqara shahrining Kechioʻren tumanidagi mashhur bogʻlardan biri - “Joʻka vodiysi” (Ihlamur Vadisi») hududida oʻrnatildi. Turkiya poytaxtidagi mazkur soʻlim bogʻ mahalliy aholi va mamlakat mehmonlarining sevimli maskani hisoblanadi. Bogʻ 2016-yilda qayta taʼmirlanib, shakllantirilgan boʻlib, 4,5 kilometrlik sunʼiy kanal atrofida joylashgan saylgoh sifatida sayqallangan.
Bogʻda, shuningdek, masjid, sport mashgʻulotlari uchun maxsus maydonchalar va boshqa qulayliklar yaratilgan. Anqara munitsipaliteti va Oʻzbekiston elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan hamda oʻzbek diasporasi vakillari tomonidan yuritilayotgan “Fargʻona” nomli qahvaxona ham shu yerda faoliyat koʻrsatmoqda.
Ushbu maskanda ijtimoiy-ommaviy, madaniy tadbirlar tez-tez oʻtkazib turiladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, bugungi kunda Anqarada “Oʻzbekiston” nomli 3 ta, “Toshkent” deb yuritiluvchi 12 ta, “Samarqand” nomli 8 ta va “Buxoro” deb ataluvchi 11 ta koʻcha mavjud.
Kechioʻren tumanidagi mashhur bogʻda qad rostlagan Muhammad al-Xorazmiy yodgorligi esa Oʻzbekistonning buyuk ilm-fani va merosini targʻib etuvchi navbatdagi obyektlardan biri boʻldi.
Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining rasmiy ochilish marosimidan soʻng Oʻzbek milliy kiyimlari koʻrgazmasi va “Mendirman Jaloliddin” filmining namoyishi boʻlib oʻtdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring