Andijondagi eng katta sada daraxti sayyohlar eʼtiborida

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon tumanidagi Doʻngqishloq mahallasidan sayyohlar qadami arimay qoldi. Bunga sada daraxti sabab boʻlmoqda. 35-yil avval ekilgan nihol bugungi kunga kelib 2,90 metr aylanaga ega. Shoxlarining uzunligi naqd 27 metrga yetadi. Boʻyi esa 20 metrdan iborat. Uning ostida bir paytning oʻzida 50 nafar odam bemalol salqinlab oʻtirishi mumkin.
— Bu kabi ulkan daraxtlar nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham kamdan-kam uchraydigan holat ekan, — deydi shu mahallada yashovchi Zaynobiddin Saidmurodov. — Shu bois keyingi paytlarda sadani koʻrgani keladigan sayyohlar soni ortib bormoqda. Soʻnggi kunlarda Yaponiya, Shveysariya, Hindiston, Rossiya, Yangi Zelandiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan mehmonlar kelishdi. U haqidagi maʼlumotlar barchani birdek qiziqtirmoqda.
Emanlar oilasiga mansub ushbu daraxt sershoxligi va sersoyaligi bilan ahamiyatlidir. Shu bois yomgʻir yoqqan paytlarida ham uning osti nam boʻlmaydi.
— Bu daraxt qatʼiy nazoratimizga olingan, — deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi masʼul xodimi Lochinbek Isomiddinov. — Vaqti-vaqti bilan uning shoxlarini oziqlantirish, turli kasalliklardan himoya qilish, agrotexnik tadbirlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda havo harorati keskin koʻtarilib ketmoqda. Ana shunday paytda sada daraxti ostida bir dam tin olish tanangizni tetiklashtiradi. Ayniqsa, uning ostidan oqib oʻtuvchi ariqdagi suv barcha charchoqni aritadi.
— Bu daraxt haqida oʻtgan yili ijtimoiy tarmoq orqali oʻqigan edim, — deydi Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumanidan kelgan Ulugʻbek Abdurayimov. — Bugun uni koʻrib, koʻzim quvnayapti. Ona tabiatga boʻlgan munosabat oʻzligimizga, insoniyligimizga boʻlgan munosabat, deb bilaman. Biz farzandlarimizga musaffo hayotni meros qoldirish uchun uni oʻz qoʻlimiz bilan yaratishimiz kerak. Sada daraxti ostida shu fikr xayolimga keldi. Qishlogʻimga borgach, men ham mahallamga shu daraxt koʻchatini ekishga qaror qildim.
Koʻpchilikning eʼtibori va qiziqishini oʻziga jalb etayotgan sada daraxti sayyohlar toʻxtab oʻtadigan manzillardan biriga aylanibdi. Menimcha, bu yerda yaratilgan sharoitlar ham shunga monand boʻlishi kerak. Masalan, daraxt ostida oʻrindiqlar joylab, salqin ichimliklar savdosi tashkil etilsa koʻpchilikka manzur boʻlardi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring