Andijonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdoriga hukm oʻqildi

10:17 30 Iyul 2025 Jamiyat
171 0

Foto: DXX

Andijon viloyatida “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdoriga sud hukmi oʻqildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Maʼlum boʻlishicha, Andijon viloyatining Andijon tumanida yashovchi 28 yoshli fuqaro 2023-yildan boshlab “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining media targʻibotchilari taʼsiriga tushib, tashkilotning “hijrat” va “jihod” qilishga, “shahid” ketishga daʼvat qiluvchi, diniy aqidaparastlikni targʻib qiluvchi gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Materiallarini ijtimoiy tarmoqdagi profillari orqali tarqatadi.

Xalqaro terroristik tashkilot aʼzolari bilan doimiy aloqaga kirishib, tashkilot safida “jihod” amalini bajarish orqali qurolli toʻqnashuvlar va terroristik harakatlarda ishtirok etishni rejalashtiradi.

Bundan tashqari, ushbu fuqaro XTT aʼzolariga bevosita moliyaviy yordam koʻrsatish maqsadida muntazam ravishda pul mablagʻlarini joʻnatadi. Xususan, 2023-2024-yillar davomida umumiy hisobda kriptovalyuta orqali 2912 AQSH dollari va bank kartalari orqali 4 mln 190 ming soʻm pul mablagʻi yuboradi.

Keyinchalik, 2023-2024-yillarda Suriyadagi terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun Qirgʻiz Respublikasi orqali 2 marotaba Turkiya davlatiga boradi. Ammo Suriya davlatiga oʻtishni imkoni boʻlmagach, XTT aʼzosining koʻrsatmasi bilan Afgʻonistonga borib, “Islom jihodi ittihodi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qoʻshilishni reja qiladi. Eron davlati orqali Afgʻonistonga oʻtishga uringan ushbu shaxsning rejasi oxiriga yetmay 2024-yilning noyabr oyida qoʻlga olinadi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon tumani sudi tomonidan mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 155-2-moddasi 1-qismi, 155-3-moddasi 2-qismi “a” bandi, 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi va 244-2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 8-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?