Andijonda futzal boʻyicha Jahon chempionati kubogi namoyish etildi

16:17 12 Avgust 2024 Jamiyat
624 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, Oʻzbekiston mezbonlik qiladigan futzal boʻyicha FIFA Jahon chempionatining “D” guruhi oʻyinlari Andijonda oʻtkaziladi. Ayni damda hududda yirik musobaqaga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. 24-avgustga qadar kubok respublikamizning barcha manzillari boʻylab namoyish etiladi.

— Futzal boʻyicha 2024-yilgi jahon chempionatiga Markaziy Osiyo mezbonlik qiladigan birinchi FIFA turniridir, — deydi tashkiliy qoʻmita aʼzosi Akmal Rustamov. — Oʻyinlar Nukus, Andijon, Buxoro va Toshkent shaharlarida 14-sentyabrdan 6-oktyabrgacha boʻlib oʻtadi. Andijondagi ilk oʻyin 15-sentyabr kuniga moʻljallangan. Unda Ispaniya, Qozogʻiston va Yangi zelandiyalik sportchilar oʻzaro kuch sinashadi.

Yaqindagina foydalanishga topshirilgan Andijon shahridagi universal sport majmuasida boʻlib oʻtgan jahon kubogi namoyishida yosh sportchilarga futbol toʻplari va esdalik nishonlari tarqatildi.

— Men Ulugʻnor tumanidagi 18-umumtaʼlim maktabida oʻqiyman, — deydi tadbir ishtirokchisi Nigina Jalolova. — Futbolni yaxshi koʻraman. Kelajakda bu sport turi nafaqat, oʻgʻil bolalar, balki qizlar uchun ham sevimli ekanini amalda ifoda etmoqchiman.

Jahon chempionati davomida viloyatga koʻplab sayyohlarning tashrif buyurishi ham kutilmoqda.Tadbir qatnashchilari, mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер