Andijonda 85 ta korxona faoliyati ekologik talablar buzilgani uchun toʻxtatildi

10:05 04 Dekabr 2025 Jamiyat
92 0

Ayni kunlarda respublikamizning aksariyat hududlarida, jumladan Andijon viloyatida havoning ifloslanishi kuzatilmoqda. Bu holat ozon qatlamining zaiflashishi va iqlim oʻzgarishi jarayonlarining tezlashishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, kislotali yomgʻirlar koʻpayib, oʻsimliklar, tuproq va suv manbalari zarar koʻradi. Biologik xilma-xillikning qisqarishi va tabiiy ekotizimning izdan chiqishi xavfi yuzaga keladi.

Shu bois hududda ekologik muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Maxsus ishchi guruh tuzilib, uning ishtirokida nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida Andijon va Buloqboshi tumanlarida 16 ta noqonuniy faoliyat yuritayotgan ohak ishlab chiqarish sexlari aniqlanib, ularning faoliyati toʻxtatildi.

— Shuningdek, viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari va sanoat hududlarida ham oʻrganishlar davom etmoqda, — deydi viloyat gidrometeorologiya markazi direktori Dostonbek Oʻrmonov. — Natijada Asaka tumanidagi Axtachi sanoat hududida koʻmir omborlarida havoni ifloslantiruvchi elash jarayonlari olib borilayotgani maʼlum boʻldi. Andijon shahridagi “Uz-Koram CO” qoʻshma korxonasida oʻrganishlar davomida esa mahsulot tayyorlash koʻlamida tabiatga chiqarayotgan zararli chiqindilarni maxsus filtrlardan oʻtkazish talab darajasida emasligi aniqlandi. Kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur topshiriqlar berildi.

Ayni paytga qadar muhitga zarar yetkazayotgan 85 ta korxona faoliyati toʻxtatildi. Ijtimoiy soha obyektlarida koʻmirdan foydalanish qisqartirilmoqda, sanoat korxonalarida esa tozalash uskunalari oʻrnatilmoqda. Qurilish maydonlarida changni kamaytirish, aholi yashaydigan hududlarda ariqlarni tozalash, xazonlarni yigʻish va ularni yoqishga yoʻl qoʻymaslik, maishiy chiqindilarni oʻz vaqtida olib chiqish boʻyicha samarali ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?