“Andijon” klubi Qatar kubogi sohibini yenga oladimi?

1-oktyabr kuni Andijon viloyatida joylashgan “Bobur arena” oʻz tarixida birinchi marta OFK bayrogʻi ostida oʻtadigan oʻyinga mezbonlik qiladi. Shu kuni Maksim Shaskix boshchiligidagi “Andijon” klubi Osiyo chempionlar ligasi-2 musobaqasining 2-turi doirasida Qatarning “Al-Ahli Doxa” klubini qabul qiladi. Bugun ushbu oʻyin oldidan Qatar klubi bilan tanishamiz.
Tarixi
“Al-Ahli” umumiy hisobda 75-yillik tarixga ega klub hisoblanadi. Jamoa 1950-yil “Al-Najah” nomi bilan tashkil etilgan. Klubning tashkil etilishida Naji Musaad ismli tadbirkor muhim rol oʻynagan.
1972-yil “Al-Najah” klubi mahalliy “Savt Al-Arab” jamoasi bilan birlashtirib yuborilgan. Natijada “Al-Ahli Doxa” klubi tashkil topgan.
1964-yilda rasmiy ravishda 2-sonli qaror bilan klub huquqiy maqomga ega boʻldi. Klubning xalqaro maydondagi ilk oʻyini Bahraynning mashhur jamoasi “Al-Muxarraq”ga qarshi rejalashtirilgan edi. Biroq, tarkibda xorijlik (isroillik) futbolchilar boʻlgani sababli bu uchrashuv bekor qilindi. Buning oʻrniga ular “Al-Nusoor” klubiga qarshi oʻynab, 3:1 hisobi bilan gʻalaba qozondi.
1973-yilda klub oʻz maydonida futbol qiroli Pele boshchiligidagi Braziliyaning “Santos” klubiga qarshi bahs oʻtkazdi.
1985-yil sentyabr oyida klub 700 ming Qatar riali miqdorida qarzdorlikka uchradi. Mablagʻni tejash maqsadida klub xorijlik futbolchilar bilan shartnoma imzolamasligini eʼlon qildi. Natijada basketbol, gandbol va voleybol jamoalari uchun yollangan besh nafar yugoslaviyalik sportchi bilan shartnomalar bekor qilindi. Shundan soʻng, Qatar Yoshlar va Sport vazirligi tomonidan 500 ming Qatar riali, shuningdek, muxlislar va klub aʼzolari tomonidan 300 ming Qatar riali miqdorida mablagʻ toʻplanib, qarzlar qoplandi va xorijiy futbolchilar qayta jalb etildi.
Jamoa haqida
Jamoaga muxlislar tomonidan “Al-Amid” (boshliqlar) degan nom berilgan.
“Al-Ahli” oʻz uy uchrashuvlarini Doxa shahrida joylashgan “Hamad bin Xalifa” stadionida oʻtkazadi. Stadion oʻziga xos dizaynga ega boʻlib, oʻz bagʻriga 12 mingdan ziyod muxlisni sigʻdira oladi.
2014-yilning 11-aprel sanasida aynan ushbu stadionda tomoshabinlar tashrifi boʻyicha Qatar Yulduzlar ligasi rekordi oʻrnatilgan. “Al-Ahli” va “Al-Sayliya” oʻyinini tomosha qilish uchun oʻsha kuni stadionga 10 142 nafar muxlis kelgan.
Sovrinlari
“Al-Ahli” klubi Qatar Amir kubogi musobaqasining 4 karra gʻolibi hisoblanadi. Shuningdek, jamoa 5-marta ushbu musobaqada ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan. “Shayx Jassim” kubogi musobaqasida jamoa 1999 va 2006-yillarda chempionlikni qoʻlga kiritgan. 2012-yil Qatar ikkinchi divizioni gʻolibligiga erishgan.
Oʻtgan mavsum “Al-Ahli” Qatar Yulduzlar ligasida “Al-Duhayl”, “Al-Sadd” va “Al-Gʻarafa” jamoalaridan soʻng, toʻrtinchi oʻrinni egalladi va aynan ushbu natijasi tufayli oʻz tarixida birinchi marta Osiyo chempionlar ligasi musobaqasi yoʻllanmasiga ega chiqdi.
Jamoaning xalqaro maydondagi natijalariga nazar tashlasak, klub 1993-yilda OFK bayrogʻi ostida oʻtgan birinchi oʻyinini oʻtkazganiga guvoh boʻlamiz. Aynan oʻsha yili “Al-Ahli” Quvaytning “Al-Arabi” jamoasi bilan musobaqaning birinchi bosqichida toʻqnash keladi. Doxada oʻtgan oʻyinda 0:0 hisobi qayd etiladi. Safardagi oʻyinda esa Quvayt vakili 1:0 hisobi bilan gʻalaba qozonadi. Shu tariqa jamoa musobaqadagi ishtirokini dastlabki bosqichda yakunlaydi.
1999-yilgi mavsumda ham “Al-Ahli” aynan ushbu musobaqada ishtirok etadi. Klub dastlabki bosqichda Livanning “Nejmeh” klubini magʻlub etadi. Ikkinchi bosqichda esa Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubiga 1:7 hisobi bilan imkoniyatni boy bergan holda turnirni tark etadi.
Murabbiyi
Jamoani ayni paytda xorvatiyalik mutaxassis Igor Bischan boshqarmoqda. Igor 1978-yil Xorvatiyaning Zagreb shahrida tugʻilgan.
U futbolchi sifatida “Panatinaikos”, “Liverpul” kabi jamoalarda toʻp surgan. Xorvatiya milliy terma jamoasida 15 ta oʻyinda maydonga tushgan.
Igor Bischan 2016-yildan murabbiylik faoliyatini boshladi. Dastlab “Rudesh” va “Rijeka” kabi mahalliy klublarda, 2019-yilda esa Xorvatiyaning U-21 terma jamoasida bosh murabbiy sifatida ishladi. 2023-yil Xorvatiyaning bayroqdor klubi “Dinamo Zagreb”ga ustozlik qildi. 2023-yilning oktyabr oyida murabbiy Saudiya Arabistonining “Al-Shabab” jamoasida ish boshladi. Biroq 2 oy oʻtmay isteʼfoga chiqarildi.
Igor 2024-yilning 7-iyun sanasida “Al-Ahli” jamoasi murabbiyligiga keldi va ayni paytda jamoani boshqarmoqda.
Futbolchilari
Aynӣ vaqtda “Al-Ahli Doxa” jamoasida quyidagi futbolchilar toʻp surmoqda:
Robin Tixi — Finlyandiyalik himoyachi. Faoliyati davomida Shvetsiya klublarida oʻynagan. Finlyandiya terma jamoasi aʼzosi;
Ibrohim Diallo — Fransiyalik yarim himoyachi. Faoliyati davomida “Monako”, “Brest”, “Sautgempton” kabi klublarda toʻp surgan. “Transfermarkt” portaliga koʻra narxi 4 million yevro;
Mixael Vlap — Niderlandiyalik yarim himoyachi. Ushbu mamlakatning turli yosh toifasidagi jamoalarida toʻp surgan. Faoliyati davomida Belgiya, Niderlandiya, Germaniya kabi mamlakatlarda oʻynagan. “Transfermarkt” portaliga koʻra jamoaning eng qimmat futbolchisi (5 million yevro);
Erik Eksposito — Ispaniyalik yosh hujumchi. “Malaga” klubi tarbiyalanuvchisi. “Transfermarkt” portali uni 2,2 million yevroga baholagan;
Yulian Draksler — “Volfsburg”, “Shalke 04”, “Benfika”, PSJ kabi jamoalarning sobiq futbolchisi. Germaniya milliy terma jamoasi tarkibida jahon chempionligini qoʻlga kiritgan. Milliy terma jamoada 57 ta oʻyinda maydonga tushgan.
Eslatib oʻtamiz, “Andijon” — “Al-Ahli” oʻyini 1-oktyabr kuni soat 18:45 da start oladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring