Andijon bojxona tizimida korrupsiyaga qarshi choralar kuchaytirilmoqda
Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy toʻsiq boʻluvchi, fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini susaytiruvchi salbiy illat sifatida eʼtirof etiladi. Uning oqibatlari iqtisodiy yoʻqotishlar bilan cheklanmay, inson taqdiri, tadbirkorlik erkinligi va adolat tamoyillariga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari qatorida Oʻzbekistonda ham dolzarb vazifa hisoblanadi.
Mazkur yoʻnalishda Andijon viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda sohada amalga oshirilayotgan ishlar va yaratilgan shart-sharoitlarga bagʻishlangan press-tur davomida maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, avvalo, bojxona xodimlari oʻrtasida korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida ular uchun munosib ijtimoiy va moddiy sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, turar joy ijarasi uchun kompensatsiya toʻlash, davolanish xarajatlarini qoplash, uy-joy yoki avtomobil sotib olish uchun subsidiya va ssudalar ajratish, shuningdek, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etilgan.

Shu bilan birga, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bojxona protseduralarini soddalashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish orqali inson omili kamaytirilib, tadbirkorlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va vaqt sarfining oldi olinmoqda.
Ayni paytda viloyat boʻyicha berilgan litsenziyalar asosida 28 ta bojxona ombori faoliyat yuritmoqda. Ilgari transport vositalari bojxona postlariga olib kelinib, har bir hujjat alohida tartibda rasmiylashtirilar edi. Bu jarayonlar raqamlashtirilishi natijasida hozirda har bir transport vositasi va yuk harakati onlayn tarzda kuzatilmoqda. Mahsulotni tushirish jarayonida bojxona xodimlarining bevosita ishtiroki qisqartirilib, barcha rasmiylashtiruv ishlari “Bojxona va yuk operatsiyalari” axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Press-tur davomida maʼlum qilinganidek, 2025-yilning 11 oyi mobaynida Andijon viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan davlat byudjetiga 4 trln 245 mlrd soʻm bojxona toʻlovlari oʻtkazilgan. Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlariga 2 trln soʻmdan ortiq bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berilgan. 101 ta holatda esa 140 mlrd soʻmlik bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash imkoniyati yaratilgan.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar bojxona tizimida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring