Amin Maaluf: “Samarqand sayqali roʻyi zamin ast!”

10:57 10 Oktyabr 2018 Madaniyat
8491 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 8-9 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi.

Ushbu tashrif arafasida Oʻzbekistonning Parijdagi elchixonasida oʻz salohiyati va izlanishlarini yurtimiz tarixi bilan bogʻlagan bir guruh madaniyat xodimlariga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvoniga munosib koʻrilgan orasida taniqli fransuz yozuvchisi Amin Maaluf ham bor. Bu adibning nomi oʻzbek kitobxonlariga ham yaxshi tanish boʻlib, uning mashhur “Samarqand” romani fransuz tilidan Abdumurod Koʻchiboyev tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilib, “Jahon adabiyoti” jurnalining 2003 yil 6-7, 2005 yil 7-8 sonlarida chop etilgan.

Amin Maaluf 1949 yilda tugʻilgan. Sharq mavzusi doimiy eʼtiborida boʻlgan yozuvchining “Afrika arsloni”, “Samarqand”, “Oymomadagi bogʻlar”, “Beatrichadan keyingi birinchi asr” kabi asarlari turli millat kitobxonlari tomonidan sevib mutolaa qilinadi. “Tanios qoyasi” asari uchun Gonkur mukofotiga sazovor boʻlgan yozuvchining “Samarqand” asari haqida taniqli fransuz adibi Jil Demer shunday yozadi: “Amin Maaluf oʻzining “Samarqand” asari bilan sharqona romannavislik isteʼdodini namoyon qilib, fransuz adabiyotida yangicha bir yoʻnalish ocha oldi”.

Mazkur romanda Amin Maaluf shoir va faylasuf Umar Xayyomning Samarqanddagi hayoti, XI asrdagi ijtimoiy-siyosiy hayot talqini, yangi paydo boʻlayotgan turli diniy mazhablar kurashi va nihoyat, XIX asrgacha musulmon dunyosida nomaʼlum boʻlgan shoir ruboiylari qoʻlyozmasining Yevropadagi shon-shuhrati hamda bu qoʻlyozmaning 1912 yilda “Titanik” kemasining mashʼum halokati oqibatida okean qaʼriga choʻkib ketishiga oid qiziqarli sarguzashtlari yuksak iqtidor bilan tasvirlagan. 1988 yilda Parijdagi “Matbuot uyi” mukofotiga sazovor boʻlgan “Samarqand” romani muqaddimasida yozuvchi, jumladan, shunday deydi: “Shundan beri kundan-kunga qon va razolatga botib borayotgan ushbu dunyoda hayot biron marta menga kulib boqmadi. Bu halokat haqidagi odamlarning xotiralarini eshitmaslik uchun ulardan qochadigan boʻlib qoldim. Biroq qalbimdagi umid chirogʻi ham hech qachon oʻchmadi: erta bir kun uni, albatta, suv qaʼridan olib chiqadilar, oltin quticha ichida suv osti loyqalaridan omon qolgan bu ajoyib kitobning taqdiri yangi sarguzashtlar bilan boyiydi. Odamlarning barmoqlari yana uning nafis sahifalarini siypalaydi. Ruboiylarni oʻqib hayratdan lol qolgan kitobxonlar, uning hoshiyalariga bitilgan shoir sarguzashtlaridan ham voqif boʻladilar. Ixlosmandlar buyuk shoirning qalbini, uning dastlabki sheʼrlarini, qalb tugʻyonlarini qaytadan kashf qiladilar. Kitobni oʻqib chiqishgach, allaqachon olamdan oʻtib ketgan bu ajoyib insonning mislsiz quvvayi hofizasiga qoyil qolishib, bu qumrang yodgorlik oldida chuqur oʻyga toladilar.

Bu kitobda na biron sana, na bironta imzo bor. Ularning oʻrniga faqatgina otashqalb shoirning quyidagi bagʻishlovinigina oʻqish mumkin: “Samarqand sayqali roʻyi zamin ast!”

Samarqand shahrining faxriy fuqarosi Amin Maaluf buyuk Amir Temur saltanatining poytaxti haqidagi qadim iborani yana bir bor dunyo boʻylab jaranglatgani tufayli ham biz uchun qadrlidir.
Gulchehra OMONTOʻRAYEVA 
tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер