Amerikada suratga olinayotgan oʻzbek filmi

15:56 23 Noyabr 2022 Jamiyat
497 0

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi tomonidan Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri, mamlakat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov haqida badiiy film tasvirga olinmoqda. Bu haqda kinostudiya xabar berdi.

Badiiy filmni yaratish gʻoyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan boʻlib, hozirda filmning syomka jarayonlari boʻlib oʻtmoqda. Ijodiy guruh Oʻzbekistondagi tasvirga olish ishlarini yakunlab, AQSHda suratga olish ishlarini davom ettirishmoqda.

— Zamonaviy texnikalar bilan xorijda film suratga olish imkoniyatini yaratib bergani uchun Prezidentimizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Bu Davlatimiz rahbarining kino sohasiga, kinoijodkorlarga qaratayotgan alohida eʼtiboridan dalolat beradi. Oʻzbek kinoijodkorlarining Gollivudda oʻz qahramonlari haqida filmlar yaratishini tasavvur qilish qiyin edi, endi esa bu haqiqat. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda yordam va koʻmak koʻrsatayotgan Oʻzbekiston Kinematografiya agentligiga alohida minnatdorchilik bildiraman, – dedi “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK rahbari, film ssenariy mualliflaridan biri Furqat Usmonov.

Film rejissyori Muzaffarxon Erkinov Gollivudda filmning qaysi epizodlari suratga olinayotgani haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi:

— Abdulla Oripov hayotining soʻnggi oylari AQSHda oʻtgan. U Texas shtatining Xyuston shahrida yashagan. Shu sabab shoirning qizi Mavluda Oripova xonadonida, shuningdek, shoir sayr qilishni juda yaxshi koʻrgan Tinch okeani sohillarida epizodlar suratga olyapmiz. Biz bu epizodlarni Gollivudda suratga oldik. Filmda shoirning nabirasi ham oʻz obrazini oʻzi gavdalantirmoqda, — deya sharhlaydi Muzaffarxon Erkinov.

Suratga olish ishlari AQSHning Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borilmoqda. Filmda Abdulla Oripovning keksalik davrini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist, Surxondaryo teatri aktyori Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Xanifa Mustafoyeva rolini esa Oʻzbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilmoqda. Bundan tashqari kinokartinada “Doʻstlik” ordeni sohibi, shoir Shodmonqul Salom, mahoratli yosh aktrisa Rayhon Asadova va boshqa mahoratli aktyorlarni ham koʻrish mumkin.

Film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi rejissyor Muzaffarxon Erkinov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov.

Film premyerasi yil yakuniga rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер