“Al Ain Cup”. Oʻzbekiston kuchliroqmi yoki Eron?

11:03 18 Noyabr 2025 Sport
299 0

Foto: OʻFA

Bugun, 18-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtadigan “Al Ain Cup” tijoriy turnirining final uchrashuvi oʻtkaziladi. Unda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Eron termasi bilan kuch sinashadi. Quyida bugungi oʻyin oldidan ikkala jamoani oʻzaro taqqoslab koʻramiz.

Umumiy koʻrsatkichlar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingda 1453,31 ball jamgʻargan holda 55-oʻrinni egallab turibdi. Bu Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanini bildiradi.

Eron terma jamoasi esa FIFA reytingida 1618 ball toʻplagan holda 21-oʻrinni egallab turibdi va Osiyo miqyosida 2-oʻrinda barqaror turibdi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi musobaqaning yarim finalida FIFA reytingda 32-oʻrinda turgan Afrikadagi eng kuchli terma jamoalardan biri — Misr termasini 2:0 hisobida magʻlub etdi. Gollarni ayni vaqtda Eronning “Persepolis” jamoasida toʻp surib kelayotgan Oston Oʻrunov kiritdi.

Eron terma jamoasi esa yarim finalda Kabo-Verde termasi bilan kuch sinashdi. Asosiy vaqtda durang qayd etildi, ammo penaltilar seriyasida omad “forslar” tomonida boʻldi. Qayd etish joizki, Kabo-Verde FIFA reytingida 71-oʻrinda turadi va Erondan 50 pogʻona past.

Murabbiylar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasini hozirda italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro boshqarmoqda. Uning qoʻl ostidagi jamoa hozirgacha 3 ta oʻyin oʻtkazgan.

Ushbu bahslarda Eldor Shomurodov sardorlik qilayotgan jamoaga Misr, Urugvay va Quvayt termalari raqiblik qildi.

Kannavaro jamoasi Misr va Quvaytni 2:0 hisobida magʻlub etgan, Urugvayga esa 2:1 hisobida imkoniyatni boy bergan. Yangicha shakllanib kelayotgan jamoa uchun bu yomon koʻrsatkich emas.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoani yaqinda qabul qilgan. Eron termasini esa Amir Gʻalenoiy 2023-yil mart oyidan beri boshqarib kelmoqda.

Amir Gʻalenoiy haqida

Amir Gʻalenoiy 1963-yil 22-noyabrda Eron poytaxti Tehronda tugʻilgan. Futbolchi sifatida 1981–1997-yillarda “Rah Ahan”, “Shahin”, “Istiqlol Tehron”, Qatarning “Al-Sadd” jamoalarida faoliyat yuritgan. Eron milliy terma jamoasida 20 dan ortiq oʻyin oʻtkazgan.

U 1999-yilda murabbiylik faoliyatini boshlagan. Qizigʻi shundaki, u murabbiylikni boshlaganidan 1-yil oldin Oʻzbekiston termasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze futbolchilikni boshlagan edi.

Gʻalenoiy murabbiy sifatida “Keshavarz”, “Bargʻ Tehron”, “Istiqlol Tehron”, “Mes Kerman”, “Sepaxon”, “Traktor”, “Zob Ahan”, “Gol Gohar” klublarida ishlagan.

Eron milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida 57 ta oʻyin oʻtkazgan:

39 ta oʻyin — gʻalaba;

13 ta — durang;

5 ta — magʻlubiyat.

Gʻalenoiy 5 karra Eron Oliy ligasi chempioni, 2 karra “Hazfi kubogi” gʻolibi. Shuningdek, 5-marta Eronda “Yilning eng yaxshi murabbiyi“ deb topilgan.

Soʻnggi vaqtlarda mahalliy jurnalistlar va muxlislar Eron futbol federatsiyasidan Gʻalenoiy isteʼfosini talab qilmoqda. Bu talablar 2024-yilgi Osiyo kubogidan soʻng yanada kuchaydi.

Eron Jahon chempionati saralashini birinchi oʻrin bilan yakunlagan boʻlsa-da, oʻyin sifati qattiq tanqid qilingan. Oʻzbekistonni magʻlub eta olmadi, Shimoliy Koreya va Qirgʻiz Respublikasiga qarshi oʻyinlarda qiyinchiliklar bilan gʻalaba qozondi.

Gʻalenoiyning taktik qarashlari realistik va pragmatik futbolga asoslangan. Uning jamoalari odatda 4-2-3-1 yoki 4-1-4-1 sxemasida harakat qiladi.

Markaziy yarim himoyada “double pivot” (ikki tayanch) qoʻllab, raqib pressingini sindirish va qarshi hujum uchun joy qoldirishga eʼtibor beradi.

Eron terma jamoasining tezkor qanotlari va kuchli markaziy hujumchilari (masalan, Mehdi Taremiy yoki Sardor Azmun) orqali keskin qarshi hujumlar tashkil qilinadi. Toʻpni egallash foizi kam boʻlishi mumkin, ammo samaradorlik yuqori boʻladi.

Futbolchilar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oʻzagini tashkil etadigan futbolchilar — legionerlar hisoblanadi. Terma jamoamiz yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda toʻp surishmoqda.

Eronda ham terma jamoa yetakchilarining asosiy qismini legioner futbolchilar tashkil etishadi. Jamoa tarkibida Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Niderlandiya, Rossiya, Gretsiya kabi mamlakatlarda toʻp surayotgan futbolchilar bor.

“Transfermarkt” portaliga koʻra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi Abduqodir Husanov hisoblanadi. “Manchester Siti“da toʻp surayotgan ushbu himoyachining narxi 35 million yevro etib belgilangan.

Eron milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi esa “Transfermarkt” portali maʼlumotlariga koʻra, Sardor Azmun hisoblanadi. Uning narxi 8 million yevroga baholangan. Biroq ushbu futbolchi turnirga kelgani yoʻq. Shu tariqa Eronning hozirgi tarkibidagi eng qimmat futbolchisi Mehdi Gayedi. BAAning “Al-Nasr” klubida faoliyat olib borayotgan ushbu futbolchi “Transfermarkt” portali tomonidan 5 million yevroga baholangan.

Oʻzaro oʻyinlar statistikasi

Oʻzaro oʻyinlar statistikasi esa ayni vaqtda Oʻzbekiston terma jamoasi muxlislarini yaxshigina xafa qiladigan holatda. Ushbu jamoalar shu vaqtga qadar, turli musobaqalar doirasida 17 bor toʻqnash kelgan va ushbu oʻyinlarning 10 tasida Eron milliy terma jamoasi gʻalaba qozongan. 5 ta oʻyinda durang natija qayd etilgan. 2 tagina oʻyin Oʻzbekiston milliy terma jamoasining gʻalabasi bilan yakunlangan.

Jamoalar soʻnggi bor shu yilning 8-sentyabr kuni “CAFA National Cup” musobaqasining finalida oʻzaro toʻqnash kelishdi va ushbu oʻyinda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Hojiakbar Alijonov tomonidan kiritilgan gol evaziga gʻalaba qozondi.

Jamoalarning finaldagi imkoniyatlari

Ayni vaqtda har ikki jamoa teng holatda deyish mumkin. Har ikki jamoa tarkibida yoʻqotishlar bor.

Shunday ekan, final oldidan aynan qaysidir jamoaning imkoniyatlarini yuqori baholash oson emas. Lekin ishonamizki, Fabio Kannavaro shogirdlari bugun ham Eron termasiga qarshi davom etib kelayotgan 5 ta oʻyinli magʻlubiyatsiz seriyasini davom ettira olishadi.

Muhammadamin Zuhriddinov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?