Aktrisa Brijit Bardo 91 yoshida vafot etdi

17:24 28 Dekabr 2025 Dunyo
345 0

Fransuz kinosi afsonasi, mashhur aktrisa Brijit Bardo vafot etdi. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.

Var-Matin gazetasi xabariga koʻra, Bardo joriy yilning oktyabr oyida ogʻir kasallik sabab operatsiyani boshdan kechirgan, noyabr oyida qaytadan shifoxonaga yotqizilgan. Oʻtgan asr oʻrtalarida kino olamining asosiy yulduzlaridan biriga aylangan aktrisa 91 yoshda edi.

Brijit Bardo 1934-yil 28-sentyabrda Parij shahrida tugʻilgan. 1948-yili Oliy milliy musiqa va raqs konservatoriyasiga oʻqishga kirib, uch yil davomida rus xoreografi Boris Knyazev sinfida tahsil olgan. Ijodiy faoliyatini model sifatida boshlagan Bardo 14 yoshidayoq moda jurnali uchun suratga tushgan, 1949-yilda esa uning surati ilk bor Elle jurnali muqovasida chop etilgan.

Aktrisa kino sohasidagi debyutini 1952-yili “Normandiya teshigi” komediyasida amalga oshirgan. 1956-yilda “Va Xudo ayolni yaratdi” melodramasidagi bosh roli uni jahon miqyosida mashhurlikka olib chiqdi. Bardo ishtirok etgan eng taniqli filmlar orasida “Parijanka”, “Viva, Mariya!”, “Haqiqat”, “Nafrat”, “Baxtsizlik yuz berganda”, “Shalako”, “Babetta urushga ketadi” kabi kartinalar bor.

1973-yilda “Kolino-yubochniki haqidagi hikoya” komediyasidan soʻng Brijit Bardo kinematografiyani tark etgan va keyinchalik hayvonlarni himoya qilish fondini tashkil etgan. Qariyb 20-yillik ijodiy faoliyati davomida u 50 dan ortiq filmda suratga tushgan, asosan, oʻta jozibali va taqdirli ayollar obrazini gavdalantirgan. Shuningdek, aktrisa 70 dan ortiq qoʻshiq yozib qoldirgan.

Brijit Bardo hayoti davomida toʻrt marta turmush qurgan. Aktyor Jak Sharye bilan nikohidan Nikolya ismli oʻgʻli bor. U nafaqat kino olamidagi ulkan merosi, balki jamiyatdagi faol fuqarolik pozitsiyasi bilan ham xotiralarda qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер