Axmet Demir: “Prezidentning aytganlari oʻz vaqtida bajarilganida qani edi”

14:06 28 Yanvar 2019 Jamiyat
10693 0

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

“Demir Group” kompaniyasi rahbari, turkiyalik mashhur ishbilarmon Axmet Demir uzoq muddatlik tanaffusdan soʻng Oʻzbekistonda rasman faoliyat boshladi.

Xoʻsh, Axmet Demir kim oʻzi? U nimasi bilan shunchalik mashhuru ayni paytdagi faoliyati Oʻzbekiston iqtisodiyotiga nechogʻli naf keltiradi?!

Ochigʻi, yurtimizda “Demir Group” kompaniyasini bilmagan, uning rahbari Axmet Demirni tanimagan odam kam boʻlsa kerak. Koʻpchilik uni nafaqat taniydi, balki bir paytlar qoʻl ostida ishlaganlarning aksariyati yillar oʻtib haqiqat qaror topganidan, ishbilarmon yana oʻzi uchun sevimli Oʻzbekistonga qaytganidan juda ham xursand. Bu esa, albatta, bejiz emas.

Zero, bundan taxminan yigirma yillar muqaddam mamlakatimizda ilk marotaba zamonaviy supermarketga asos solib, xaridorlarga jahon standartlariga xos va mos servis xizmatlarini koʻrsatgan, keyinchalik iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya kiritib, yengil sanoat va toʻqimachilikni, “bir zumda” ovqatlanish tarmoqlarini yoʻlga qoʻygan tadbirkor Oʻzbekistonning toʻrt mingdan ziyod fuqarolarini doimiy ish bilan taʼminlagan, ularning oilasiga baraka kirishi, “qora qozon”i qaynab, yaxshi yashash haqidagi orzu-niyatlari hayotiy roʻyobini topishiga sababchi boʻlgan edi.

Yaqinda bir xushxabarni eshitdik. 25 yanvar kuni Mahtumquli va Sodiq Azimov koʻchalari chorrahasi boʻyida joylashgan sobiq toʻyxona binosi oʻrnida zamonaviy, koʻrkam va shinam “Divan by Demir” restoranining ochilish marosimi boʻlib oʻtibdi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yilning may oyida saytimiz va gazetamiz orqali ishbilarmon bilan suhbatni eʼlon qilgan edik. Unda Axmet Demir 14 yildan buyon qarovsiz yotgan, “egasi” har yili kamida bir martadan almashgan, shunga qaramay, hech qanday oʻzgarish qilinmagan, oddiy tilda aytganda, ishi yurishmasdan, bozori allaqachonlar kasod boʻlib ketgan, yildan-yilga xarobaga aylanib borayotgan (taʼkid bizniki) “Chorsu” mehmonxonasini sotib olgani, olti oy mobaynida bino ichidagi maishiy va qurilish chiqindilari kunu tun tashilib, tozalangani, ana undan soʻng osmonoʻpar imoratning texnik holati jiddiy ekspertizadan oʻtkazilgani, malakali tahlilchilar “Bino hali asrlar davomida xizmat qilishi mumkin”, deya xulosa berishgach, jahonda ushbu jabhadagi xizmatlari bilan dong qozongan, 1,1 million oʻrinli mehmonxona tarmoqlariga ega “Marius” kompaniyasi mutaxassislari koʻmagida mukammal loyiha yaratilgani va shu asosda bunyodkorlik yumushlari boshlab yuborilgani haqida soʻzlab bergandi. Oʻshanda tadbirkor ish shunday davom etsa, mehmonxonani 2019 yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirmoqchi ekanini ham aytgandi.

Arxiv surat.

Shu yodimizga tushib, oʻylanib qoldik: qiziq, mehmonxona taqdiri nima boʻldi endi? Qolaversa, soʻnggi mahallarda rekonstruksiya ishlari bir oz susaygandek. Nahotki, mehmonxona yana “egasi yoʻq” nomini olib, qoʻldan-qoʻlga oʻtishda davom etsa?! Bundan tashqari, shu paytgacha ancha yumush bajarilgani, binoni “odam” qilish uchun yaxshigina mablagʻ sarflangani haqida ham eshitgan edik.

Bizni qiziqtirgan savollarga Axmet Demirdan boshqa yana kim ham aniq javobni bera olardi axir?! Shu maqsadda ishbilarmonni saytimiz uchun eksklyuziv intervyu berishga koʻndirdik.

Intervyumiz kichik ekskursiya bilan boshlandi. Muassasa rahbari bizni binoning har bir burchagi bilan tanishtirdi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Biz koʻrgan yangiliklarni teranroq tasavvur etishingiz uchun esa bir ogʻiz izoh berib oʻtaman.

Rus kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Kuxnya” (“Oshxona”) nomli serial bor. Oʻsha serialni har gal koʻrganimda, “Bizda ham mana shunday tartib-intizomli, toza-ozoda, mijozlar manfaati birinchi oʻringa qoʻyiladigan restoranlar bormikin?” deb oʻylardim. Axmet Demir bir paytlar chakana savdo sohasida qanday oʻzgarish qilgan boʻlsa, bu gal restoran xizmati koʻrsatishda ham ana shunday inqilob yasabdi, deyish mumkin. Mehmonlar oʻtiradigan va xorijning uncha-muncha restoranlaridan qolishmaydigan tarzda bezatilgan asosiy zal (maʼlum boʻlishicha, interyer tarhi va dizayni turkiyalik quruvchilarga tegishli ekan), chekuvchilar uchun moʻljallangan va bir vaqtning oʻzida oʻrtacha 40 kishiga xizmat koʻrsatishi mumkin boʻlgan alohida boʻlma, taom hozirlanadigan, pishiriqlar, shirinliklar va yana boshqa turdagi konditer mahsulotlari tayyorlanadigan qismlar, xom ashyolar saqlanadigan omborlar (omborlarning hammasi raqamlangan, kerakli narsalarning har biri oʻz oʻrnida, aynishi va saqlanishda biri-biriga xalaqit qilishi mumkin boʻlgan bironta ham mahsulot yoʻq)...

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Ammo ikkita jihat alohida eʼtiborimizni tortdiki, bu haqda ham aytib oʻtmasak boʻlmaydi. Birinchisi, bu yerda ishlovchilar, zamonaviy tilda aytganda, “personal” oʻz xizmat vazifasini aʼlo darajada bajarishi uchun nimaiki lozim boʻlsa, hammasiga ega. Charchasa, oʻtirib dam olishi, qorni ochsa, ichkarida ovqatlanishi mumkin va hokazo. Ikkinchisi esa, mijozlarga doir. Yaʼni bu yerda nogironligi boʻlgan mijozlarga ham zarur barcha narsa inobatga olingan, hatto ularga moʻljallab alohida hojatxona ham qurilgan...

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Shuncha oʻzgarishlarni koʻrgach, tabiiyki, bir xayolga bordik: demak, Axmet Demir mehmonxona biznesidan qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga urgan-u, ovqatlanish muassasalari tarmogʻini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan. Shu bois dastlabki savolimiz ham shu haqda boʻldi.

— Axmet ogʻa, mehmonxona biznesi aro yoʻlda qoldimi endi?

— Zinhor, — deydi suhbatdoshimiz jilmayib. — Siz koʻrib turgan bu restoran aynan mehmonxona biznesining bir qismi. Yaʼni shu orqali mehmonxonada servis xizmatini koʻrsatuvchi personalni shakllantirib boramiz. Bilasizki, yaxshi xodimlar osmondan tushmaydi. Ularni oʻqitish, tajribasini oshirish lozim. Bugun bu yerda ishlayotganlar mehmonxona faoliyatini yoʻlga qoʻyganimizda bizning asosiy tayanchlarimiz boʻlishadi. Ungacha esa ular ham mehnat qilib, roʻzgʻorini tebratib boradi, ham malakasini kuchaytiradi, mijozlar bilan ishlashda, ularga beminnat xizmat koʻrsatishda koʻnikmaga ega boʻlib borishadi.

— Ayni paytda restoranda necha kishining ish bilan bandligi taʼminlandi?

— 150 nafar xodimimiz bor. Ulardan sakkiz nafar oshpaz Turkiyadan kelgan. Yana turk millatiga mansub 4 nafar vakilimiz bor. Qolganlar esa shu yurtning fuqarolari. Ichida oʻzbek ham, rus ham va boshqa millatlar vakillari ham bor. Hammasini tanlov asosida qabul qilganmiz. Ammo bu borada odatda boshqa shu kabi muassasalar tutadigan yoʻldan bormadik. Yaʼni xodimlarning tashqi koʻrinishiga emas, ichki dunyosiga, muomalasiga, aql-idrokiga, oʻzini tutishi va etikaga qanchalar rioya eta olishiga ahamiyat qaratdik. Va albatta, istarasining issiqligini ham nazardan qochirmadik. Chunki istarali odamning qalbi ham issiq boʻladi, bunday insonlar oʻz qadrini bilishi barobarida, mijozlarni ham qadrlay olishadi.

Men har tong xodimlarimni yigʻib, ularga uzogʻi bilan ikki daqiqa murojaat qilaman. Aytamanki, mana shu maskanning bor taqdiri, kelajagi sizning qoʻlingizda. Ular ilk marotaba bu gapni eshitishganida, hayron qolishgandi. “Nega mening qoʻlimda ekan?” degandek savol nazari bilan qarashgandi menga. Shunda fikrimni tushuntirib, dedim: “Mijoz ichkariga qadam bosarkan, uni bu yerda xuddi aziz mehmondek kutib olishlarini istaydi. Balki u siz kutgandek boy boʻlmasligi ham mumkin. Siz kutgandek kiyinmagandir ham. Ammo u inson. Hayotda esa baxt faqat pul bilan oʻlchanmaydi. Kimningdir koʻnglini ola bilish, qalbini obod qilish — mana chinakam baxt. Siz uni kelganida tabassum bilan qarshi oling, hurmat koʻrsating. Ketayotganida ham xuddi shunday munosabatda boʻling. Qarabsizki, uning yana shu yerga kelgisi, hatto doʻstlari, yaqinlari, qadrdon insonlarini ham boshlab kelgisi keladi!”.

 

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

— Sir boʻlmasa, aytsangiz, restoranni shu holga keltirish uchun qancha mablagʻ yoʻnaltirdingiz?

— Buning sir joyi yoʻq. Hozirgacha bir million ikki yuz ming AQSH dollari sarflandi. Ishimizni tugal yoʻlga qoʻyib olishimiz uchun yana bir oz mablagʻ xarj qilishimiz kutilyapti.

— Tushunishimizcha, bu yerda ishlaydiganlar kelgusida mehmonxonaning asosiy xizmatchilar boʻlishadi, shundaymi?

— Albatta. Mehmonxona uchun, ayni paytdagi rejamizga koʻra, 350 nafar xodim kerak boʻladi. Bu yerda ishlayotganlar kelgusida uyoqqa koʻchib oʻtadi, ularning oʻrnini esa yangilar bilan toʻldiramiz. Va ular ham zarur ish tajribasiga ega boʻlgach, mehmonxonada faoliyatini davom ettiradi.

— Hozirgi kunda mehmonxonaning rekonstruksiya ishlari qanday ketyapti?

— Afsuski, koʻngildagidek emas. Ayrim muammolar bor. Eng katta muammoimiz esa — qogʻozbozlik. Masalan, bir paytlar aytib oʻtganimdek, bizga qoʻshimcha yer kerak. Chunki mehmonxona kamida toʻrt yulduzli boʻlib, 350 ta xonadan iborat boʻladi. Xorijlik hamkorlarimiz bunday yirik inshootda namunali xizmat koʻrsatish uchun 2 gektarlik maydon kamlik qilishini aytishgandi. Shundan soʻng biz Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qoʻshimcha yer maydoni ajratish boʻyicha murojaat etgandik. Natijada yana 3 gektar yer qoʻshib berilishini vaʼda qilinib, bu haqda davlat rahbarining qarori ham chiqdi.

Ammo oʻsha qaror hanuz bajarilganicha yoʻq. Buning oqibatida ishimiz sustlashgan, eng yomoni, bankdan kredit ololmayapmiz. Bankka ikkita kadastr hujjatini koʻtarib borib, kredit soʻrasam, “Biznes-rejangizda koʻrsatilgan mana bu hududning hujjati qani?” deyishadi. “Mutasaddi idoralar keyin qilib berar ekan”, deyman. Ammo ular ham chetdan kelmagan, shu yurtning fuqarolari. Yaxshi bilishadiki, “Keyin qilib beriladi”, degani baʼzan “Hech qachon qilib berilmaydi”, deganini anglatadi.

Eng qizigʻi, keyin gap tarqaladi: biz Axmet Demirga buni qilib bermaymiz. Nega? Chunki uning puli yoʻq! Ie, birov mendan kelib puling bormi oʻzi yoki yoʻqmi, deb soʻramasmish-u, biroq pulim yoʻqligiga batamom ishonarmish... Qaysi aqlga sigʻadi bunday ishlar?!

— Maʼlumki, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda joriy yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berilgan... Bundan koʻzlangan maqsad esa bitta: koʻproq sarmoya kiritish, qoʻshimcha investorlarni jalb qilish.

— Mening Oʻzbekiston Prezidentiga mehrim baland. Ochigʻini aytaman, bu xushomad emas. Shavkat Mirziyoyevdek sergʻayrat, harakatchan insonni koʻrmaganman. Mana, qarang, yaqinda Hindistonga borib, bir necha milliard dollarlik shartnomalar tuzib qaytdi. Ertasi kuniyoq Germaniya safariga otlandi. Uch kun mobaynida u yerda ham tinimsiz ishladi, oʻz mamlakatiga dunyoning ilgʻor texnologiyalarini, salohiyatli sarmoyadorlarni olib kelish maqsadida turfa anjumanlar, uchrashuvlar, oʻtkazdi, muzokaralar olib bordi. Bir oddiy biznesmen sifatida yaxshi bilamanki, kimnidir yangi ish boshlashga koʻndirish, uni ishontira olishdan mashaqqatli yumush yoʻq. Ammo Oʻzbekiston Prezidenti bularning hammasini aʼlo darajada uddaladi. U yerdan qaytgach esa, poytaxtning faol qatlami bilan koʻrishib, Toshkent shahrida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan loyihalar bilan tanishdi. Oʻzingiz ayting, buncha ishga ulgurish uchun insonda qancha energiya boʻlishi kerak axir?!

Ammo... shu oʻrinda sizga bir latifanamo gapni aytib bersam. Bir odam Angliyaga borib, u yerda oʻsadigan maysalarni koʻrgach, xonadon sohibini topib, undan soʻrabdi: “Biz ham qanchadan beri urinib shunday maysazor yaratmoqchimiz, biroq oʻxshamayapti. Siri nimada buning? Qanday oʻziga xos jihati bor?” “Hech qanday oʻziga xosligi yoʻq, — debdi ingliz yelkasini qisib, — biz ham xuddi siz kabi maysalarni kuniga ikki mahal sugʻoramiz, bir haftada bir marta ustini qirqib, tekislab, ortiqcha joylarini olamiz... Lekin biz bu ishni 120 yildan beri muntazam qilamiz”. Demoqchimanki, hech narsa tez fursatda sodir boʻlmaydi. Ongning oʻzgarishi-ku inchunin... Prezidentning aytganlari oʻz vaqtida bajarilganida qani edi. Bugun mamlakatingiz bundan-da taraqqiy etib ketmasmidi?!

Biroq men bir haqiqatga qattiq ishonaman. Yana oʻn yildan keyin siz bilan koʻrishish nasib qilsa, bu kunlarni xuddi ertak singari eslaymiz. Chunki xalq manfaatlari koʻzlangan islohotlar, qaysi davlatda boʻlmasin, hamisha oʻz samarasini bergan. Ularning birontasi aro yoʻlda qolib ketmagan. Bu tarixning barcha uchun unutilmas sabogʻi.

Illyustrativ surat.

— Mehmonxona rekonstruksiyasida nimadir oʻzgardimi?

— Aytarli hech narsa. Toʻgʻri, juzʼiy oʻzgarishlar bor, ammo loyihaning umumiy konsepsiyasida hech qanday yangilik yoʻq. Mehmonxonada xalqaro analoglardagi barcha shart-sharoit yaratiladi. Ochiq va yopiq hovuz, tennis korti, yirik anjumanlar, tantana hamda marosimlar oʻtkaziladigan muhtasham zal, ishbilarmonlar uchun har xil sigʻimdagi bir nechta konferens-zallar boʻladi.

Qolaversa, mehmonxonaga tutash hududda Hunarmandlar majmuasini tashkil etishni moʻljallaganmiz. Zargarlar, yogʻoch oʻymakorlari, kandakorlar, naqqosh, rassom va xattotlarga shu yerda ishlashlari, mahsulotlarini sotishlari uchun zarur imkoniyatni yaratib beramiz.

Majmua hududida yana ikki qavatli uchta bino qurilib, ulardan bittasi chet ellik investorlarga ofis sifatida taqdim qilinadi. Ikkinchisi “Cover work center” boʻlib, u yer yosh tadbirkorlar uchun ajratiladi, uchinchisi esa oilaviy mehmonxona sifatida xizmat koʻrsatadi. Umuman, bu yerda ishlovchi va yashovchilar oʻzlarini xuddi oʻz uyidagidek his etishlari uchun hamma narsa muhayyo qilinadi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Hasan Toshxoʻjayev (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?