Aholining koʻplab muammolari hal etilmoqda
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining ikki oy avval “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida Toshkent tumanlaridagi faoliyati davomida aholining elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan bogʻliq eng birlamchi hayotiy masalalarini hal qilishga asosiy eʼtibor qaratilgan edi. Ayni shu tajriba bilan poytaxtimizning barcha tuman-shahrida bu boradagi tizimli masalalarni hal qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan edi.
Ayni kunlarda esa Prezident Xalq qabulxonalari, Milliy gvardiya, vazirliklar, qoʻmitalar, tashkilotlar, sektorlar rahbarlaridan iborat Respublika ishchi guruhi poytaxtimizning barcha tumanida mazkur vazifalar ijrosini oʻrganyapti.
Jumladan, Mirzo Ulugʻbek tumani Oqibat mahallasi aholisi murojaatlari asosida hududdagi ancha zoʻriqib ishlayotgan 400 kilovoltli transformator 630 kilovolt amper quvvatdagi yangisiga almashtirildi. Bu bilan 400 ta xonadonda elektr taʼminoti barqarorlashib, kuchlanish meʼyoriga tushadi, yoʻqotishlar esa 10 foizga kamayadi. Yoki Shayxontohur tumani Labzak koʻchasidagi katta kuchlanishga ega elektr tarmoqlari yangilanayotgani bilan esa Janggoh, Shayxontohur, Labzak, Koh ota mahallalarining elektr taʼminoti yaxshilanadi. Umuman, Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi faoliyati davomida 9 ta transformator oʻrnatilib, 48,6 km elektr tarmogʻi tortildi.

Yangihayot tumani “Yangi darxon” mahallasida esa 24 kilometr tarmoq tortilib, yangi beton ustunlar-u yuqori kuchlanishli 6 ta transformator oʻrnatilishi bilan 600 ta oilaning uyi ham, koʻngli ham charogʻon boʻldi. Darvoqe bu mahallada “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etilyapti. Qulay infratuzilma, bolalar uchun yaratilayotgan shart-sharoit, yangidan qurilayotgan maktab-bogʻchalar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, umuman, bunyodkorlik va obodlik harakati zamirida ham “Inson qadri uchun” gʻoyasi mujassam.
Yana bir ibratli jihat: qisqa vaqtda Yangihayotdagi 20 dan ortiq tadbirkorlik subyekti oʻz korxonalariga quyosh panellari oʻrnatdi. Bu bilan har bir korxona oyiga oʻrtacha 100 kVt elektr energiyasini iqtisod qilyapti.
Qishning achchiq sabogʻidan soʻng Yangihayot tumanidagi koʻp qavatli 55 ta uy yertoʻlasidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmogʻi toʻliq yangilandi va bu ishlar izchil davom ettirilyapti. Bu jarayonda “Navqiron” mahallasidagi 7 ta uy yertoʻlasidagi muhandislik tarmoqlari ham toʻliq yangilandi.
Beshkapa mahalasi Buyuk ipak yoʻli koʻchasidagi yotoqxona tipidagi uyni bosh-oyoq taʼmirlash ishlari ham dasturlar asosida olib borilyapti. Bu bilan 128 ta xonadon egalari munosib turmush kechirishi uchun yetarlicha sharoit yaratiladi.
Yangihayotning “Xushnud” mahallasi aholisi esa yaqin-yaqingacha poliklinika yoʻqligidan qiynalib kelardi. Murojaatlardan soʻng bu yil dasturlar asosida bu masala ham hal qilinib, mahallada 200 oʻrinli zamonaviy tibbiyot muassasasi qurish ishlari boshlab yuborildi.
Shayxontohurning qadim tarixga ega Janggoh mahallasida ham qurilish ishlari avjida. Bu yerdagi boʻsh maydonda “Jangoh” mahalla fuqarolar yigʻini markazi bunyod etilyapti.
Uchtepa tumani Birlik mahallasi Katta Xirmontepa koʻchasida bunyod etilgan mana bu goʻzal saylgoh, salomatlik yoʻlagi esa mahalla ahlining dimogʻini chogʻ qilyapti.

Xalq bilan muloqotning “Oqqoʻrgʻon tajribasi” – avvalo yordamga haqiqiy muhtoj insonlarni topib, ularga koʻmak berish degani. Chilonzor tumanidagi Xalq qabulxonasi, sektorlar va mahalla vakillari oʻrganishlaridan soʻng 2-guruh nogironi Vasila Vakilova kabi ogʻir ijtimoiy ahvoldagi 30 dan ortiq bemorning jarrohlik amaliyoti oʻtkazish va davolanish xarajatlari, Roza Salmonova kabi bir qator ehtiyojmand talabalarning esa kontrakt pullari ichki imkoniyatlar hisobidan toʻlab berildi.
Uchtepa tumani Tepaqoʻrgʻon mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Gulsiya Jabborova singari ogʻir ijtimoiy ahvoldagi koʻplab insonlarning xonadonlarida ichki imkoniyatlar hisobidan taʼmirlash ishlari olib borilyapti.
Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining poytaxtimizdagi faoliyati davomida aniqlangan 44 ming 300 dan ziyod masalaning qariyb 25 ming 680 tasi hal qilindi, qolganlari boʻyicha amaliy ishlar davom ettirilyapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring