Aholi va qurilish tashkilotlariga yangi imkoniyatlar beriladi

21:46 02 Dekabr 2021 Iqtisodiyot
400 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-dekabr kuni qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va aholini uy-joy bilan taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Xalqimizning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Soʻnggi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar barpo etildi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, turar joy olish tartibi osonlashtirilgan edi. Jumladan, aholiga oʻzlari istagan uyni sotib olish imkoniyati yaratildi. Natijada, sohaga sifat va raqobat kirib keldi, hududlarda zamonaviy arxitektura yechimlariga ega loyihalar paydo boʻldi. Bugungi kunda ipoteka dasturlari doirasida yiliga 35 ming xonadonli uy-joylar qurilmoqda.

Shunga qaramay, ipoteka bozoridagi taklif talabga nisbatan kam. Aholida eng koʻp talab boʻlgan oʻrta meʼyordagi uylar yetarli emas.

Bundan tashqari, joyi yoki narxi aholiga maʼqul boʻlmagani uchun jami 255 milliard soʻmlik 950 ta xonadon sotilmasdan turibdi. Ayrim viloyatlarda yer uchastkalari oʻz vaqtida auksionga chiqarilmagani sababli uy-joylar qurilishi kechikkan. Oqibatda davlatdan maqsadli kreditlar uchun ajratilgan mablagʻ oʻzlashtirilmagan. Koʻp viloyat hokimlari va ularning qurilish boʻyicha oʻrinbosarlari pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanayotgani sifatga putur yetkazmoqda.

Samarqandda yaxshi tizim yoʻlga qoʻyilgan. Viloyat hokimligi loyihachi, quruvchi va bankning “boshini biriktirib”, hamyonbop uylar qurishni tashkil etgan. Shu bois subsidiyadan foydalanish koʻrsatkichi ham, kreditlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichi ham yuqori.

Kelgusi yil mamlakatimizda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Bunga qariyb 13 trillion soʻm maqsadli kredit va 1 trillion 300 milliard soʻm subsidiya ajratilishi koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Aholi va quruvchilarga yangi qulaylik va imkoniyatlar belgilandi.

Masalan, bugungi kungacha ipoteka krediti va subsidiya olishda uy-joy maydoni va narxi bilan bogʻliq cheklovlar bor edi. Endi bunday cheklov boʻlmaydi.

Sotib olinadigan xonadonning maydoni va narxidan qatʼiy nazar, ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million soʻm subsidiya toʻlanadi. Shuningdek, ehtiyojmand aholi uchun davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xil – 10 foiz etib belgilanadi. Subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va taʼmirlash uchun olingan kreditlar uchun ham tatbiq etiladi.

Yana bir yangilik – ipoteka krediti olishda qarindosh boʻlmagan fuqarolarning kafilligiga ham ruxsat beriladi.

Kelgusi yildan ijtimoiy ahvoli ogʻir xotin-qizlar, chin yetimlar va nogironligi boʻlganlarga ikkilamchi bozordan uy olishga ham imkoniyat yaratiladi.

Davlatimiz rahbari odamlarga oson boʻlishi uchun yangi uylar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularni rasmiylashtirish, subsidiya va kredit ajratish xizmatlarini bir joyda tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berdi.

“Maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi joriy etilishi belgilandi. Bunda “xaridor – bank – quruvchi” oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Xaridor bank orqali quruvchini moliyalashtiradi, bank esa uyning xaridorga vaqtida topshirilishiga kafil boʻladi.

Shuningdek, pudratchilarga qurilishi tugallanmagan, tom qismi yopilgan koʻp kvartirali uy-joylarni kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyishga ruxsat beriladi. Tadbirkorlik jamgʻarmasi tomonidan qurilish tashkilotlariga kafillik va kompensatsiya toʻlash muddati uzaytiriladi.

Reytingi yuqori boʻlgan pudratchi tashkilotlarga yerni auksiondan sotib olish toʻlovining avval 30 foizini, qolgan summani esa 12 oy davomida boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.

Mutasaddilarga ushbu qulayliklarni hayotga tatbiq etish, aholi va tadbirkorlarga keng tushuntirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

Bosh prokuraturaga qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish, tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻymaslik ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yigʻilishda qurilish materiallari narxini arzonlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda klaster usuli samarali ekani qayd etildi.

Masalan, Toshkent va Navoiy viloyatlarida shunday klasterlar tashkil etilgan boʻlib, qurilish konstruksiyalarining 80 foizini oʻzida ishlab chiqaradi va pudrat ishlarini ham oʻzi bajaradi. Natijada uyning 1 kvadrat metri tannarxi 3,5 million soʻm boʻlmoqda. Bu boshqa quruvchi korxonalarnikiga nisbatan 20 foiz arzon.

Shu bois har bir hududda qurilish klasterlari tashkil etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

– Infratuzilma xarajatlarini qisqartirish uchun bu klasterlarni mavjud xomashyo yoki yirik korxonalar atrofida tashkil etish kerak. Masalan, Gʻozgʻonda tashkil etilgan klaster samarasini koʻrsatdi. Xuddi shunday, Oʻzbekiston tumanida 11 ta sement, gipsokarton, gazoblok, temir-beton, metall buyumlar, quruq qorishmalar korxonalari ishga tushirilmoqda. Ularning yonida logistika, ilm va innovatsiya markazlari, zamonaviy laboratoriya tashkil etib, bozorni oʻrganishni birlashtirsa, eksport va ichki bozorlarda raqobatdosh klaster paydo boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy ekspertlar xulosasiga koʻra, bunday imkoniyat Forish, Sariosiyo, Buloqboshi, Qorovulbozor, Paxtachi, Chust, Ohangaron kabi tumanlarda ham bor. Shu bois mutasaddilarga 24 ta tumanni qurilish materiallariga ixtisoslashtirib, loyihalarni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Kelgusi yilda mazkur tumanlarda geologiya ishlarini oʻtkazishga 100 milliard soʻm, yangi tashkil etiladigan klasterlar infratuzilmasiga 200 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, qurilish klasterlariga aylanma mablagʻ uchun 10 milliard soʻmdan revolver kreditlar, zamonaviy texnika va uskunalar sotib olish uchun 2 million dollarlik uzoq muddatli kreditlar hamda 2 yilga bojxona imtiyozlari beriladigan boʻldi.

Maʼlumki, qurilish sifati va muddati koʻp jihatdan ishlatilayotgan materiallarga bogʻliq. Lekin bugungi kunda yurtimizda zamonaviy qurilish materiallarini qoʻllash 25 foizga ham yetmaydi. Aslida, zamonaviy materiallarni ishlatish hisobiga qurilish muddatini 30 foizga, tannarxni esa 20 foizga kamaytirish mumkin.

Qurilish vazirligiga innovatsion, energiya tejamkor materiallarni shaharsozlik meʼyor va qoidalariga kiritish, uy-joylar barpo etishda ulardan foydalanishni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Arxitektura va qurilish yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarini transformatsiya qilish, malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?