Afgʻoniston hududi xavfsizligimizga tahdid va xatarlar manbai boʻlib qolishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi — Shavkat Mirziyoyev

15:02 18 Sentyabr 2021 Siyosat
689 0

Prezident Matbuot xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “SHHT – KXSHT” formatidagi uchrashuvdagi nutqining matnini eʼlon qildi.

Hurmatli hamkasblar!

Afgʻonistondagi barchamizni tashvishlantirayotgan vaziyat meni ham xavotirga solmoqda.

Haqiqatdan ham, bugun ushbu mamlakatda mutlaqo yangi voqelik qaror topdi – juda qisqa vaqtda “Tolibon” harakati deyarli butun hokimiyatni oʻz qoʻlida jamladi.

Yangi hokimiyat oldida jamiyatni jipslashtirishdan tortib barcha etnosiyosiy guruhlarni oʻz ichiga olgan layoqatli hukumatni shakllantirishgacha bosib oʻtilishi kerak boʻlgan murakkab yoʻl turibdi.

Mohiyatan, vaziyatni barqarorlashtirish istiqbollari, afgʻon davlatchiligining tiklanishi va, umuman, xalqaro hamjamiyat bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi hamkorlikning rivojlanishi shunga bogʻliq boʻladi.

Hozirgi sharoitda mamlakat fuqarolik urushi va gumanitar inqiroz domida qolib ketgan, xalqaro hamjamiyatdan yakkalanib qolgan, uning hududi esa xalqaro terrorchilik va narkotiklar ishlab chiqarish “xabi”ga aylangan davr - toʻqsoninchi yillardagi holatiga yana qaytib qolmasligiga qatʼiy kafolatlar yoʻq.

Eng yaqin qoʻshni sifatida biz oʻsha yillardagi shunday xavf-xatar va tahdidlarga bevosita duch kelganmiz hamda Afgʻonistondagi vaziyat shu ssenariy asosida rivojlanishi ehtimolining barcha salbiy oqibatlarini aniq-ravshan anglab turibmiz.

Shu munosabat bilan Afgʻoniston boʻyicha hamkorlikning asosiy jihatlari borasidagi nuqtayi nazarimiz bilan boʻlishmoqchiman.

Birinchi. Afgʻoniston hududi xavfsizligimizga tahdid va xatarlar manbai boʻlib qolishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Bu borada soʻz yuritganda, eng avvalo, ekstremizmning ortishi va radikal mafkuraning eksportini, Afgʻoniston hududidan mamlakatlarimizga qarshi qoʻporuvchi harakatlar uchun foydalanishni, jangarilarning chegaralarni buzib oʻtish xavfini nazarda tutyapman.

Umumiy saʼy-harakatlar bilan, qatʼiy choralar koʻrgan holda, birgalikda terrorchilarni “qaynoq nuqtalar”dan Afgʻonistonga koʻchirish kanallarini kesish muhimdir.

Shu munosabat bilan SHHT MATT Ijroqoʻmi va KXSHT Kotibiyati, shuningdek, davlatlarimiz maxsus xizmatlari yoʻnalishida amaliy hamkorlikni kengaytirish tarafdorimiz.

Ikkinchi. Yangi hokimiyatni tan olish jarayoniga kirish uchun sharoitlar yaratish maqsadida Afgʻoniston va uning atrofidagi vaziyatning rivojlanishiga nisbatan SHHT va KXSHTning umumiy strategik yondashuvini ishlab chiqish gʻoyatda muhimdir.

Uchinchi. Yangi hukumat bilan muloqot u oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishiga yarasha amalga oshirilishi lozim.

Bular qatorida – xalqaro terrorchilik tashkilotlariga rahnamolik qilmaslik; Afgʻoniston hududidan uchinchi mamlakatlarga qarshi foydalanishiga yoʻl qoʻymaslik; inson, shu jumladan xotin-qizlar va milliy ozchiliklarning asosiy huquq va erkinliklariga rioya qilinishini taʼminlash.

Toʻrtinchi. Afgʻonistonda ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish muhim ahamiyatga ega.

Murakkab vaziyatga qaramasdan, biz Oʻzbekiston-Afgʻoniston transport uzeli – ushbu mamlakatga oziq-ovqat va neft mahsulotlarini yetkazib berish uchun eng muhim yoʻl faoliyatini, shuningdek, elektr energiyasining uzluksiz taʼminotini toʻxtatmadik.

Shuni alohida taʼkilamoqchimanki, yordamning toʻxtatilishi jafokash afgʻon xalqining shundoq ham ogʻir ahvolini yanada qiyinlashtiradi.

Ayni paytda yangi hokimiyat qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda xavfsizlikni kafolatlashi shart.

Beshinchi. Afgʻonistonning yakkalab qoʻyilishi va uning nazardan qolib ketgan mamlakatga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik muhim.

Shu nuqtayi nazardan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afgʻonistonga koʻmaklashish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarni safarbar qilish va muvofiqlashtirish uchun yanada koʻproq masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi mumkin boʻlardi, deb hisoblaymiz.

Hurmatli hamkasblar!

Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda barcha manfaatdor tomonlar bilan yaqin va samarali hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirish niyatida.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?