Adliyacha ixchamlashuv jarayonlariga oid ayrim savollar va notoʻgʻri talqinlarga Adliya vazirligi munosabat bildirdi

12:53 04 Aprel 2022 Jamiyat
1580 0

Shu kunlarda adliya tizimida olib borilayotgan ixchamlashuv jarayonlarida mehnat munosabatlariga oid turli savollar, ayrim notoʻgʻri talqinlar uchramoqda. Adliya vazirligi vaziyatni oydinlashtirish maqsadida quyidagilarni maʼlum qildi:

“Birinchidan, Adliya vazirligi tizimini ixchamlashtirishdan koʻzlangan maqsad mamlakatimizda start berilgan keng koʻlamli maʼmuriy islohotni amalga oshirish ekanligini unutmaslik kerak. Yaʼni davlat organi tizimidagi ish oʻrinlari qancha optimallashsa, shunchalik byudjet iqtisod boʻladi, ortiqcha boʻgʻinlar kamaysa, boshqaruv samaradorligi oshadi va qaror qabul qilish yengillashadi. Oldindan koʻzlangan maqsad ham shu edi. Kimlardir buni teskari talqin qilishida esa umuman mantiq yoʻq.

Ikkinchidan, Adliya vazirligi tomonidan qoʻshib olinayotgan agentliklarda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarga ogohlantirish xatlari bergani rost. Biroq, ogohlantirish berilgan xodimlar faqat agentliklar xodimlari emas, balki hududiy adliya boshqarmalari xodimlari hamdir. Zero, Prezident Farmoniga (https://lex.uz/docs/5914998) muvofiq, agentliklar va adliya boshqarmalarida bir-birini takrorlovchi lavozimlarni egallab turgan xodimlarning (agentliklar rahbariyati, boshqarma boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, yuristlar, moliya-iqtisod, xoʻjalik boʻlimlari boshliqlari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari boshliqlari va davlat xizmatlari markazlari direktorlari) ichidan eng yaxshi mutaxassislarni adolat mezoni asosida joy-joyiga qoʻyish shuni taqozo qiladi.

Farmonning 13-bandi birinchi xatboshida vazirlikning yangi tashkil etilayotgan tarkibiy tuzilmalari shtatlari birinchi navbatda vazirlikka qoʻshilayotgan Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligi tizimi xodimlari hisobidan toʻldirilishi belgilab qoʻyildi.

Farmon ijrosi yuzasidan qabul qilingan Adliya vazirligi buyrugʻining
7-bandida mehnatni tashkil qilishdagi oʻzgarishlar natijasida amaldagi xodimlar (yaʼni: Davlat xizmatlari agentligi, Intellektual mulk agentligi va hududiy adliya organlari xodimlari) joy-joyiga qoʻyilgandan soʻng, ortib qolgan lavozimlar (birinchi navbatda) agentliklar hududiy tuzilmalarining boshqa xodimlari hisobidan toʻldirilishi nazarda tutilmoqda.

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda “yangi tuzilmalardagi shtatlar adliya xodimlari orasidan toʻldiriladi” – degan maʼlumot mutlaqo asossizdir!

Uchinchidan, maqbullashtirish va shtat qisqarishi asosan rahbar lavozimlar hisobiga toʻgʻri kelmoqda, tumandagi va xizmat koʻrsatuvchi bironta shtat qisqarmadi.

Tumandagi rahbarlar esa yangidan tayinlanadi. Chunki, Farmonning 13-bandi ikkinchi xatboshida ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlardan kelib chiqib, tuman (shahar) adliya boʻlimlari va davlat xizmatlari markazlari rahbarlarini lavozimidan ozod qilish hamda ushbu lavozimni ichki tanlov asosida yuksak malaka va yuqori professional tayyorgarlikka ega boshqaruv kadrlari bilan toʻldirish belgilandi.

Yaʼni, ushbu lavozimlar Adliya vazirligi va DXA tizimida ishlayotgan yuqori malakali va professional ish tajribasiga ega xodimlar orasidan ichki tanlovga asosan eng munosiblari bilan toʻldiriladi.

Shu sababli, respublikada mavjud 207 nafar tuman (shahar) adliya boʻlimi boshliqlari va 207 nafar Davlat xizmatlari markazlari direktorlari ichki tanlov natijasida Mehnat kodeksining 92-moddasi talablaridan kelib chiqib, yangi mehnat shartlari asosida ishni davom ettirishni rad etgan taqdirda, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi haqida belgilangan tartibda ogohlantirildi.

Agentliklar va uning hududiy boshqarmalarida ogohlantirish xatlari faqat maqbullashtirilgan, yaʼni, belgilangan tartibda qisqartirilib, tugatilishi shart boʻlgan lavozimlarda ishlab kelayotgan xodimlarga berildi. Masalan, agentlik rahbari oʻrinbosarlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari lavozimi tugatildi, ular avtomatik ravishda oʻz ishlarini davom ettirishning ham imkoniyati yoʻq, chunki eski lavozimlar bekor boʻlgan, yangi lavozimlar esa – boshqa yuridik shaxs tuzilmasida va umuman boshqa tashkiliy asoslarga ega. Shuning uchun ham, yangidan mehnat shartnomalari tuzilishi shart.

Qolgan xodimlar oʻzining roziligi asosida Mehnat kodeksining 98-moddasiga muvofiq mehnat faoliyatini vazirlik tizimida davom ettiradi (masalan, FHDYO organlari yoki davlat xizmatlari markazlari xodimlari, chunki ularning boʻysunuv tashkiloti oʻzgardi, eskisi esa tugatiladi).

Tizimda hozirgi kunda ham xodimlar avvalgidek ish haqi olib, oʻzining ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda “DXA tizimida ishlayotgan 400 ga yaqin xodim ishsiz qoldi” degan maʼlumot – bu jarayonning mazmun-mohiyati va yakuniy natijasini bilmasdan (aniqrogʻi tushunmasdan) tarqatilayotgan asossiz va nooʻrin xabardir.

Davlat xizmatlari agentligi xodimlari ham, Intellektual mulk agentligi xodimlari ham Adliya vazirligi tizimining bir boʻlagi, kadrlari esa – qimmatli boyligidir.

Shu bilan birga, zamonaviy davlat organi ixcham boʻlishi kerak, kadrlar esa elakdan oʻtishi aniq, aks holda bu islohot emas, eskicha yondashuv boʻlib qolaveradi.

Bu jarayonda barcha qonunlarning ustuvorligi va adolat mezonlariga tayanish taʼminlanadi” deyiladi vazirlik rasmiy axborotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?