Adliya vazirligi ayollar huquqlarini kuchaytirish boʻyicha qator jiddiy takliflarni ilgari surdi
Bugungi kunda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilganligiga qaramasdan, ayollar oʻrtasida tazyiq va zoʻravonlik natijasida oʻz joniga, farzandlari hayotiga qasd qilish holatlari kuzatilmoqda.
Ayollarning naqafat turmush oʻrtoqlari tomonidan, balki qaynota va boshqa qarindoshlari tomonidan, eng achinarlisi, bogʻcha, maktab yoshidagi qizlarga zoʻravonlik qilish holatlari kuzatilmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish bilan bogʻliq muammolar tahlil qilinib, ularning oldini olish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
1. Qonunchilikda “taʼqib etish” (stalking), yaʼni qizlarni, ayollarni orqasidan kuzatib yurish tushunchasi kiritilmaganligi, ushbu holatdan himoyalanish mexanizmlari ham mavjud emasligini anglatadi.
Bu holat arzimasdek tuyilishi mumkin, ammo taʼqib qilish oqibatida xotin-qizlarda kuchli ruhiy tushkunlik, qoʻrquv, himoyasiz shaxsdek oʻzini his qilish, odamlarga qoʻshilmaslik kabi hissiyotlarni keltirib chiqaradi.
Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida qonunchilikka “taʼqib etish” (stalking) tushunchasini kiritish hamda taʼqib ostida qolgan xotin-qizlarga ham himoya orderi berish tizimini joriy etish kerak.
AQSH, Avstraliya va Fransiyada har 5 nafar ayoldan bittasi taʼqib etishni boshidan kechiradi va ushbu davlatlarda mazkur harakatlardan himoya qilish institutlari shakllangan.
2. Qonunchilikda ish va oʻqish davomida tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollar ish beruvchisining yoki taʼlim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagan.
Ish yoki oʻqishda tazyiqqa uchragan ayollar va zoʻravonlik qilgan shaxs oʻrtasidagi munosabatlarni cheklash tartibining yoʻqligi takroran zoʻravonlik, tazyiq sodir etilishiga sabab boʻladi.
Shuni inobatga olgan holda, ish yoki oʻqishdagi zoʻravonliklarga chek qoʻyish uchun jabrlanuvchi va tazyiq oʻtkazgan shaxs oʻrtasidagi har qanday aloqalarni cheklash lozim.
Bunda ish beruvchilar zimmasiga zoʻravonlar va jabrlanuvchining har qanday oʻzaro munosabatga kirishishiga cheklov oʻrnatish majburiyatini yuklash kerak.
3. Xotin-qizlarning turli koʻrinishdagi rasmlari, videolarini tarqatish orqali ularning shaxsiy hayot daxlsizligini, ayniqsa, intim hayot daxlsizligini buzish holatlari koʻplab uchramoqda.
Bu holatlar kelgusida ularning hayotini tubdan oʻzgartirib, oilaviy munosabatlarning buzilishiga, jamiyatdan ajralib notoʻgʻri yoʻllarga kirib ketishiga sabab boʻlmoqda. Amaldagi javobgarlik choralari ayollarni bunday harakatlardan toʻlaqonli himoya qilish imkonini bermayapti.
Ayollarning shaxsiy hayotiga turli “tajovuz”larning oldini olish maqsadida shaxsiy hayot daxlsizligini toʻliq kafolatlagan holda, ularning intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun alohida javobgarlikni belgilash zarur.
Kanada, Germaniya, Angliya, Yaponiya, Avstraliya, AQSHda shaxsning intim surati va videotasvirlarini tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud.
4. Bugungi kunga qadar zoʻravonlikka uchragan qariyb 36 mingga yaqin ayolga himoya orderi berilgan, bu degani 36 ming ayolga yordam kerak.
Biroq hozirda butun respublikada Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha markazlari atigi 29 ta, bu markazlar zoʻravonlikka uchrayotgan ayollarni toʻliq qamrab olish imkoniyatini bermaydi.
Ayollarga yordam koʻrsatish institutlarini koʻpaytirishga xususiy tadbirkorlarni jalb qilish kerak. Bunda tadbirkorlarga turli yoʻnalishlarda, masalan, yer ajratishda, davlat bino va inshootlaridan foydalanishda, soliq, davlat grantlari, subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalarda imtiyozlar berish samara beradi.
5. Ayollarga turli gap-soʻzlar “otish”, ularga nisbatan turli izohlarni aytish, ularning qaddi-qomatini baland ovozda tasvirlash, qiyoslash... bu holat barchamiz uchun oddiy holga aylanib qolgandek. Aslida, bu kabi harakatlar ayollarning erkin harakatlanishini chegaralaydi, ayrim hollarda ruhiy tushkunlik, sogʻliqqa ham zarar yetkazadi.
Shu sababli, ayollarga nafsoniyatga tegishi mumkin boʻlgan gap-soʻzlarni aytishni taqiqlash va ushbu harakatlar uchun maʼmuriy javobgarlik chorasini belgilash, shu bilan birga, ayollarga shikast yetkazish holati uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish lozim.
Belgiya, Portugaliya, Argentina, Kanada, Yangi Zelandiya va AQSH kabi davlatlarda bunday harakatlar mayda huquqbuzarlik sifatida baholanib, 750 yevrogacha jarima solishga sabab boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring