“Adliya sayli”: muammolar yechimi, bilimlar sinovi va huquqiy savodxonlik
Bugun mamlakatimizda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda qonuniylikni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarda ko‘plab vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari qatorida Adliya vazirligi jamoasi ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, vazirlik tashabbusi bilan mamlakatimizning turli hududlarida odamlarga huquqini anglatish mezoniga asoslangan tadbirlar muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgani ham fikrimiz dalilidir.
Ayni kunlarda vazirlik ishchi guruhi tomonidan Nukus shahrida o‘tkazilgan yana bir keng qamrovli tadbir — “Adliya sayli” huquqiy aksiyasida ham aholining katta qatlami qamrab olindiki, bu fuqarolarning advokatlar, notariuslar, sud tizimi, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotga kirishib, muammolariga yechim topish imkoniyatini yaratdi.
Aksiya davomida tadbir ishtirokchilariga taalluqli sohalar bo‘yicha tizim mutaxassislari tomonidan bepul huquqiy maslahatlar berilgani ayni muddao bo‘ldi. Sayilga fuqarolar, adliyaga biriktirilgan yoshlar, Nukus shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlari, texnikumlar, umumta’lim maktablari, Ichki ishlar akademiyasi, “Temurbeklar” maktabidan jami 2 mingga yaqin aholi tashrif buyurdi.

Tadbir “Salomatlik uchun — 5000 qadam” loyihasi bilan boshlanib, loyiha ishtirokchilari manzilga yetib kelganidan so‘ng davlatimiz madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng, sayil davomida sovrinli viktorinalar, sport musobaqalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, “Hunarmandlar” uyushmasi ko‘rgazmasi, sayyor qabullar, mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Shuningdek, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi, psixolog maslahatlari berildi.

Aksiya davomida Mudofaa boshqarmasi orkestrlari hamda madaniyat xodimlarining konsert dasturlari, sportchi yoshlar tomonidan karate, gimnastika, dzyudo turlari bo‘yicha sahna chiqishlari barcha katta taassurot qoldirdi.
Davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor tartibda 20 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ayniqsa, fuqarolar O.Aytimbetov va Sh.Qidirbayevalarning turmush qurib, 8 oydan beri birga yashab kelayotgani, ammo nikohi qayd etilmaganligi muammosi bilan qilgan murojaati tez fursatda o‘rganilib, yechim topilgani yosh oilaning xursandchiligiga sabab bo‘ldi.
Gap shundaki, ularga shu yerning o‘zida FHDYO bo‘limi tomonidan nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berildi. Shuningdek, M.Mambetaliyev va N.Asanovalarga esa farzandlarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari topshirildi. E’tiborlisi, sayyor qabulda aholi tomonidan 40 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 12 tasi joyida hal qilinib, qolganlari taalluqligi bo‘yicha nazoratga olindi.
Ta’kidlash kerakki, adliya tizimida yoshlar bilan ishlash masalasi har doim muhim vazifalardan biridir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Adliya vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar soni 500 nafarni tashkil qiladi. Qariyb 424 500 nafarga yaqin yoshlarga adliya organlari xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ular bilan manzilli va tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, o‘tgan davr mobaynida ularning 339 402 nafari bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, anketalar va “yo‘l xarita”lar shakllantirilgan. Uchrashuv va muloqotlar davomida yoshlarning 33 mingdan ortiq muammolari aniqlanib, shundan 20 mingga yaqini ijobiy hal qilindi.

Bu hali hammasi emas. “Adliya sayli”ni yanada qizg‘in o‘tkazish, aholi, ayniqsa, yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish, bilimi va savodxonligini oshirish maqsadida yigit-qizlar o‘rtasida intellektual o‘yinlar ham o‘tkazildi. Shulardan biri — “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘ldi. Unda 1-o‘rinni “Temurbeklar” jamoasi, 2-o‘rinni “Adolat” jamoasi, 3-o‘rinni “Veterinariya” jamoasi egallab, vazirlikning maxsus diplomi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Umuman olganda, vazirlik tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yanada oshirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, pirovard natijada bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarida muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
Rahim SHЕRQULOV
(“Xalq so‘zi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring